Jahon | 09:05 / 02.12.2022
9874
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqida Ukraina tarafdorlarining ulushi biroz kamaydi

Rossiyadan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainani Polshada hamon respondentlarning 76 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, Germaniyada Ukraina tarafdorlari ulushi 48 foizgacha, Italiyada esa 36 foizgacha kamaydi.

Foto: NDTV

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan to‘qqiz oy o‘tib ham Yevropa Ittifoqi aholisining yarmi Kiyevga qurol yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayni paytda, Rossiya tajovuzkorligi boshlanganidan ko‘p o‘tmay - mart oyida - bu ko‘rsatkich olti foiz punktga, ya’ni 56 foiz edi, bundan 1 dekabr, payshanba kuni e’lon qilingan Bertelsman jamg‘armasi (Diye Die Bertelsmann Stiftung) tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari darak bermoqda.

Polshada Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqoriligicha qolmoqda (76 foiz). Shu bilan birga, Germaniyada sentabrda Kiyevga harbiy yordam tarafdorlarining ulushi mart oyiga nisbatan 57 foizdan 48 foizgacha, Italiyada esa hatto 36 foizgacha kamaygan, bu butun Yevropa Ittifoqidagi eng past ko‘rsatkich.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Yevropada fuqarolarning Rossiya energiya tashuvchilardan mustaqillikka erishish uchun shaxsiy farovonligini qurbon qilishga tayyorligi darajasi hamon yuqori (67 foiz). Mart oyida bu ko‘rsatkich 74 foizni tashkil qilgan.

Germaniyada shaxsiy farovonlikdan voz kechishga tayyorlik darajasi Yevropa Ittifoqida eng past ko‘rsatkichdir: sentabrda u 62 foizgacha tushib ketgan bo‘lsa, mart oyida bu ko‘rsatkich 72 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, Polshadagi respondentlarning 80 foizi Rossiyadan energiya mustaqilligi uchun yuqori narxlarni to‘lashga tayyor, bu Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Bertelsman fondining Yevropa bo‘yicha eksperti Izabel Xoffmanning fikricha, «Ukraina bilan birdamlikni tugatish» haqida gapirishga asos yo‘q. Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqidagi barcha respondentlarning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i hali ham ukrainalik qochqinlarni o‘z mamlakatlarida qabul qilishga tayyor. Ispaniya bu yerda eng yuqori natijani qayd etdi - 89 foiz.

Germaniyada ukrainaliklarni qabul qilishga tayyorlik mart oyidagi 86 foizdan sentabrda 74 foizgacha pasaygan. Eng past ko‘rsatkich Fransiyada (72 foiz). Yevropa Ittifoqida o‘rtacha hisobda respondentlarning 77 foizi o‘z mamlakatlarida ukrainalik qochqinlarni qabul qilishga rozi.

Mavzuga oid