O‘zbekiston | 09:33 / 06.12.2022
49929
5 daqiqa o‘qiladi

Marhum askar qabrdan qazib olinadi. Jinoyat ishi qo‘shimcha tergov qilinadi

Harbiy xizmatning 50-kunida vafot etgan askar o‘limida biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagan deb topilgandi. Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergov qilish uchun Harbiy prokuraturaga yuborilgan.

Marhum askarning onasi Gulzira Sauletovaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaatidan so‘ng o‘g‘lining vafoti bo‘yicha qayta ekspertiza tayinlangan. 

“Harbiy prokuratura Tergovni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Qobil Anorboyev bizga farzandimizning o‘limi bo‘yicha jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror 21 noyabr kuni Bosh prokuratura tomonidan bekor qilingani, ish qaytadan qaror qabul qilish va ekspertiza tayinlash uchun Qashqadaryo harbiy prokuraturasiga yuborilganini bildirdi.

Endi ekspertiza biz istagandek Mudofaaga tobe bo‘lmagan SSVga qarashli Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘tkazilarkan. Dastlabki tergov davomida inobatga olinmagan holatlar bo‘yicha qo‘limizda mavjud dalillarni tergovga taqdim etishimiz, shuningdek, tergov jarayonida bevosita ishtirok etishimiz mumkinligi tushuntirildi”, deydi Gulzira Sauletova.

Gulzira Sauletova, marhum askarning onasi / Foto: Kun.uz

Marhumning otasi Rinat Qidiraliyevning aytishicha, u va ayolining roziligi olingan holda sud tomonidan marhumni eksgumatsiya (murdani ko‘zdan kechirish va ekspertiza o‘tkazish zaruriyati tug‘ilganda uni dafn etilgan joyidan qazib olish) qilish haqida ajrim chiqarilgan.

Avvalroq dastlabki tergov harakatlari Ruslan Qidiraliyevning vafotida biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli jinoyat ishi 2022 yil 24 sentabr kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga (Gumon qilinuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan tugatilgandi.

Tergov natijalariga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida SSV, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali boshlig‘i hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy Havo Kuchlari qo‘shinlari qo‘mondonligiga taqdimnomalar kiritilgandi.

Rinat Sauletov Kun.uz’ga tergov va sud-tibbiy ekspertiza natijasidan qoniqmaganini aytgandi. U takroriy sud-tibbiy ekspertizasi Mudofaa vazirligi tizimida ishlovchi ekspertlar tomonidan o‘tkazilgani, shuningdek, farzandi jasadini eksgumatsiya qilish haqidagi talabi ham rad etilganidan norozi bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, 18 yashar askar shu yilning 29 may kuni safda turgan vaqtida hushdan ketgan, harbiy gostitalga olib borilganda unda biologik o‘lim qayd etilgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida Ruslan Qidiraliyevning o‘limiga “Yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab bo‘lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “o‘tkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi” ko‘rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan edi. Biroq marhumning yaqinlari Kun.uz'ga bergan intervyusida ekspertiza xulosasiga ishonmayotganlarini aytishgandi.

Marhum Ruslan Qidiraliyev / Foto: Kun.uz

Askarning o‘limi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslikda ifodalangan ehtiyotsizlik oqibatida inson o‘limiga sababchi bo‘lish) bilan shifokorlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi.

Qurolli Kuchlar Sud tibbiy ekspertiza markazi tomonidan berilgan ekspertiza xulosasida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filiali davlat sud tibbiy eksperti tomonidan qo‘yilgan tashxis va o‘lim sababi o‘z tasdig‘ini topmagani, o‘limga sabab bo‘lgani aytilgan tashxislar ilmiy asoslantirilmagani, bundan tashqari, ekspertiza o‘tkazish jarayonida ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, bu orqali milliy va xalqaro qonunchilik talablari buzilgani qayd etiladi.

Kun.uz surishtiruvi davomida oddiy askar Ruslan Qidiraliyevning o‘limi bilan bog‘liq talay savollar ochiq qolayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid