Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kinoga ko‘chgan hayot: Ikkinchi jahon urushida qurol ishlatmasdan qahramon bo‘lgan askar kim edi?
2016 yilda Hollivud kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Vijdon amri” filmi katta ekranlarga chiqadi. Film tomoshabinlar va tanqidchilar tomonidan ijobiy baholanadi. 40 mln dollar sarflangan bu film prodyuserlarga 180 mln dollardan ortiq daromad keltiradi. “Vijdon amri” filmi Ikkinchi jahon urushi paytida qurol ishlatishdan bosh tortib qahramon bo‘lgan askar haqida edi.
Urush – o‘z oti bilan urush. Jang maydoniga kirganlar dushmanni o‘ldiradi yoki o‘zi halok bo‘ladi. Urushga “hech kimni o‘ldirmayman” deb tushgan askar uzoqqa bormaydi. Chunki u dushmanga rahm qilsa-da, yov unga rahm qilmaydi.
Biroq istisnolar ham bo‘lar ekan. Urushga chaqirilganda qurol ishlatishdan, dushmanni o‘ldirishdan bo‘yin tovlagan askar bir necha yil davomida qonli janglarda qatnashib omon qolishi, buning ustiga qahramon bo‘lishi ham mumkin ekan.
1942 yildan 1945 yilgacha Ikkinchi jahon urushida qatnashgan va qaqshatqich janglarda ishtirok etgan amerikalik Desmond Doss bilan shunday bo‘ladi.
Urushga chaqirilgan paytda Desmond qo‘liga o‘tochar qurol olishdan bosh tortadi. Shunday bo‘lsa ham uni yaponlarga qarshi janglar davom etayotgan Janubiy-Sharqiy Osiyoga jo‘natib yuborishadi.
Desmond 4 yil yaponlarga qarshi bo‘lib o‘tgan jangda qatnashadi va bu davr mobaynida biror marta ham qo‘liga qurol olmaydi. Shunday bo‘lsa ham u bir necha marta jangovar qahramonliklari uchun orden va medallar bilan taqdirlanadi.
Qurol ishlatishdan bosh tortgan askar
1919 yilda tug‘ilgan Desmond Doss Ikkinchi jahon urushi boshlanganda 20 yoshda edi. 1941 yil dekabrda yaponlar Havayi orollarida joylashgan Perl-Harbor harbiy bazasiga hujum qiladi.
Shundan so‘ng AQSh Yaponiyaga qarshi urush e’lon qiladi va Ikkinchi jahon urushiga qo‘shiladi. O‘sha paytda Desmond dengizdagi verfda ishlar va unda harbiy xizmatga bormaslik imtiyozi bor edi.
Biroq Desmond bu imtiyozdan foydalanishni xohlamaydi, boshqalar qatori urushga borishga qaror qiladi. U yaponlarning Perl-Harborga hujumi haqida xabar topgach, harbiy xizmatga borish uchun ko‘ngilli sifatida ro‘yxatga yoziladi.
Desmondni 1942 yilga kelib armiya safiga chaqirishadi va harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi uchun Janubiy Karolina shtatida joylashgan harbiy qismga yuborishadi.
Harbiy qismga yetib borgach Desmond o‘z komandirlariga urushga borishini, biroq qo‘liga o‘qotar qurol ushlamasligini ma’lum qiladi.
Desmondning bu qarori armiya xizmati uchun birmuncha xavfli edi. Chunki boshqa askarlar ham undan o‘rnak olishi va urushdan bo‘yin tovlashi yoki o‘qotar qurol ishlatishdan bosh tortishi mumkin edi.
Shu sababli komandirlar unga bosim o‘tkazadi, xizmatdosh yigitlar ustidan kuladi, kalaka qiladi. Lekin Desmond o‘z qaroridan qaytmaydi.
Shunda qo‘mondonlik uni tibbiy bo‘linmaga qo‘shib qo‘yadi. Tibbiy xodimlarga yordam bergan bu bo‘linmaning asosiy vazifasi yarador askarlarni jang maydonidan xavfsiz joyga olib chiqish bo‘lgan.
Bu bo‘linmada xizmat qilgan askarlarga ham boshqalar qatori qurol berilgan. Dushman hujum qilganda, zarur holatlarda ular qurollarni ishlatgan, janglarda qatnashgan.
Ko‘p o‘tmay Desmond xizmat qilayotgan polk mansub bo‘lgan diviziya Janubiy-Sharqiy Osiyoga jo‘natib yuboriladi. Desmond qurolsiz holda birgina harbiy forma bilan urushga qo‘shiladi.
Garchi Desmond qo‘liga qurol olmasa-da, urush davomida ko‘plab qahramonliklar ko‘rsatadi. U ko‘p marta o‘q yomg‘iri ostida yarador askarlarni jang maydonidan olib chiqadi va ularning hayotini asrab qoladi.
1944 yilda Desmond Guam va Filippinda ko‘rsatgan qahramonliklari uchun ikkita Bronza yulduz medali bilan taqdirlanadi.
Desmondni mashhur qilgan hodisa 1945 yil bahorida bo‘lib o‘tgan Okinava oroli uchun kechgan jang edi. Bu orol Yaponiya janubida joylashgan bo‘lib, u Kyusyu provinsiya tarkibiga kiradi.
1945 yil 1 aprel kuni amerikalik harbiylar Okinava orolini egallash maqsadida “Aysberg” amaliyotini boshlaydi va u 23 iyungacha 82 kun davom etadi.
Orolni egallash uchun olib borilgan janglarda AQSh armiyasi juda qatttiq qarshilikka uchraydi. Yaponlar ko‘p qurbon berishiga qaramasdan orolni jon-jahdi bilan himoya qiladi.
Janglarning birida oroldagi tepalik ustiga joylashib olgan AQSh armiyasi yaponlarning juda kuchli hujumiga uchraydi. Ana shu jangda Desmond o‘q yomg‘iri ostida 100 nafarga yaqin yarador askarni jang maydonidan xavfsiz joyga olib chiqadi.
Jang davomida u bir necha joyidan yaralanadi, lekin oxirgi yaradorni olib chiqmaguncha ishini davom ettiraveradi. Hatto o‘qlarning biri Desmondning qo‘liga tegib, uni sindiradi. Biroq askar shu holida ham singan qo‘li bilan yaradorlarni jang maydonidan olib chiqishda davom etadi.
Jang oxirlarida dushman otgan granata Desmond va yarador askarlar turgan joyga kelib tushadi. Shunda u darhol granatani olib chetroqqa uloqtiradi. Biroq granata yerga tushishga ulgurmay portlaydi va undan chiqqan oskolkalar Desmondning tanasiga suqiladi.
Yarador bo‘lgan Desmond harbiy gospitalga yotqiziladi. Uning tanasidan granata bo‘laklari – 17 ta temir parchasi chiqarib olinadi. Qo‘li gipslanadi, boshqa yaralar bog‘lanadi.
Yarador bo‘lgan Desmond yana jang maydoniga qayta olmasdi. Shu sababli uni 1945 yil 21 may kuni samolyot orqali AQShga yuborishadi. Yigit tibbiy muolajaning davomini vatanida oladi. O‘shanda Okinava jangida ko‘rsatgan qahramonliklari uchun Desmondga “Shon-sharaf” medali beriladi.
Urushdan keyingi hayot
Urushdan so‘ng bir muddat davolangan Desmond eski ishiga qaytadi, biroq uzoq ishlay olmaydi. Uni urush davrida orttirib olgan kasalligi – sil bezovta qila boshlaydi.
Desmond besh yil davolanadi va bu muddatda uning bir tomon o‘pkasi hamda beshta qovurg‘asi olib tashlanadi. 1951 yilda uni 90 foiz nogironlik darajasi bilan shifoxonadan chiqarishadi.
Shundan so‘ng u ancha yillar davomida turli dorilar qabul qilib yuradi. Oqibatda antibiotiklar ta’sir qilib sog‘ligi battar yomonlashadi va 1976 yilga kelib 100 foiz nogiron bo‘lib qoladi.
Garchi nogiron bo‘lsa-da Desmond uzoq yashaydi va 2006 yilda 87 yoshida Alabama shtatidagi uyida vafot etadi. Desmondning bir nafar o‘g‘il farzandi bo‘lgan, u ham otasining izidan borib harbiy vrach kasbini egallaydi.
Desmond Doss haqida film
2015 yilda mashhur Hollivud yulduzi, aktyor, rejissyor va prodyusser Mel Gibson Desmond Doss haqida film olishga qaror qiladi.
Film ssenariysini Endryu Nayt va Robert Shekkan yozadi. Suratga olish ishlari 2015 yil sentabrdan dekabrgacha Avstraliyada bo‘lib o‘tadi.
Filmda Desmond Doss rolini Hollivudning taniqli aktyori Endr Garfild ijro etadi. Prodyuserlar filmni suratga olish uchun 40 mln dollar sarflaydi.
Film taqdimoti 2016 yil sentabrda Venetsiyadagi xalqaro kinofestivalda, 3 noyabrda Avstraliyada, 4 noyabr kuni AQShda o‘tkaziladi. “Vijdon amri” deb nomlangan filmni tanqidchilar ham, tomoshabinlar ham iliq kutib olishadi.
Film prodyusserlarga umumiy hisobda 180 mln dollardan ortiq daromad keltiradi.
“Vijdon amri” filmi oltita yo‘nalishda “Oskar” mukofotiga da’vogarlik qiladi va ikkita yo‘nalishda shu nufuzli sovrinni qo‘lga kiritadi.
Shuningdek, film “Oltin globus”, Britaniya kino san’ati akademiyasi va boshqa ko‘plab nufuzli kinomukofotlarni qo‘lga kiritadi.
Mavzuga oid
18:26 / 04.05.2026
“Prezident orzumga yetkazsin deyman” – farg‘onalik 106 yoshli urush faxriysi
17:26 / 10.11.2025
Frontda Rossiya askarlariga mototsiklda oziq-ovqat yetkazib bergan o‘zbekistonlik yigit ozodlikdan mahrum qilindi
09:59 / 06.10.2025
Tramp Chikagoga 300 nafar Milliy gvardiya askarini yuborishga ruxsat berdi
08:50 / 04.10.2025