Mo‘g‘ulistonda ommaviy namoyishlar: namoyishchilar hukumat binosiga bostirib kirishga urindi
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda uchinchi kun ommaviy norozilik aksiyalari davom etmoqda, uning ishtirokchilari amaldorlarni ko‘mir yetkazib berishda korrupsiya va firibgarlikda ayblamoqda - ko‘mir Mo‘g‘uliston budjetidagi eng yirik manba hisoblanadi. Dushanba kuni namoyishchilar hukumat binosiga bostirib kirishga urinishdi, ammo keyin shahar markaziy maydonini ixtiyoriy ravishda tark etishdi. Seshanba kuni mamlakat parlamenti vaziyat va norozilik chiqishlari chog‘ida yangragan ayblovlarni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdi.
Shanba kuni norozilik aksiyasi ishtirokchilari Mo‘g‘uliston prezidenti rasmiy qarorgohiga ham kirishga urinishdi, ammo politsiya ularning yo‘lini to‘sib chiqqan. Dushanba kuni aksiya qaytadan boshlandi - va kuch ishlatar organlar bilan to‘qnashuvlar kelib chiqdi.
Qattiq sovuqqa qaramay (Ulan-Batorda havo harorati - 21 darajaga tushib ketgan), minglab namoyishchilar poytaxt markaziy maydoni Suxe-Batorda to‘plandi. TASS agentligi xabar qilishicha, namoyishchilar maydonga olib keluvchi yo‘lni to‘sishgan va undagi muz shaharchada o‘rnatilgan va poxoldan yasalgan archani yoqib yuborishgan. Shuningdek, ular mamlakat hukumati binosini shturm qilib olmoqchi bo‘lishgan, ammo bino ichiga kirganlar qo‘lga olingan - keyinroq qo‘yib yuborilgan.
Mo‘g‘uliston poytaxti ma’muriyati namoyishchilarni kuch bilan tarqatib yuborishga qaror qilgan, ammo maydonga yig‘ilganlar bu yerni ixtiyoriy ravishda tark etishgan, TASS xabariga ko‘ra, ular hatto maydonni tozalab ketishgan.
Odamlar nimadan norozi?
Namoyishchilar mamlakat parlamentini tarqatib yuborishni va korrupsiyada gumonlanayotgan yuqori martabali amaldorlarni javobgarlikka tortishni talab etmoqda.
Noyabr oyi o‘rtalarida Mo‘g‘uliston aksilkorrupsiya agentligi 30 dan ortiq mulozimlar, jumladan ko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanuvchi «Erdenes Tavan-Tolgoy» davlat kompaniyasi bosh direktori davlat mulkini talon-toroj qilish aybi bilan tergov qilinayotganini ma’lum qildi.
Mo‘g‘ul deputatlaridan biri Togmidin Dorjxand parlamentdagi matbuot anjumanida Xitoyga 2013 yildan buyon Mo‘g‘uliston bojxonasi ro‘yxatidan o‘tmagan 6.4 mln tonn ko‘mir yetkazib berilgani haqida aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mir ortilgan yuk mashinalari Xitoyga yengil avtomobillar uchun beriladigan hujjatlar bilan o‘tgan.
Mo‘g‘ulistondagi «Tavan-Tolgoy» konida ko‘mir zaxiralari taxminan 7,5 mlrd tonna atrofida. Koks (toshko‘mirdan havosiz qizdirib tayyorlanadigan qattiq yoqilg‘i) ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan ko‘mir yetkazib berish sanoati Mo‘g‘uliston budjetining asosiy manbayi hisoblanadi: ko‘mir qazib olish mamlakat YaIMining 25 foizini tashkil etadi. Mo‘g‘uliston eksportining 86 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi, ko‘mir esa bu hajmning yarmidan ortig‘ini tashkil etadi.
Namoyishchilarning hisoblashicha, noqonuniy ko‘mir eksporti bo‘yicha tergov noto‘g‘ri olib borilmoqda, ular gumonlanayotgan mulozimlarning shaxsini ochiqlashni talab etmoqda. Ko‘plab namoyishchilar korrupsion sxema parlament deputatlari guruhini ham qamrab olganiga amin. «Erdenes Tavan-Tolgoy» kompaniyasi vakillari hozircha ayblovlar yuzasidan munosabat bildirmadi.
TASS agentligi aniqlik kiritishicha, namoyishlardan keyin mamlakat hukumati namoyishlar bilan muloqot uchun ishchi guruh tuzishga qaror qilgan. «Bugungi kunda 15 nafarga yaqin amaldor tergov qilinmoqda. Hukumat shikoyati asosida hukumat, vazirliklar va idoralar vakillari tergov qilinmoqda», degan Mo‘g‘uliston hukumati bosh kotibi va hukmron Mo‘g‘uliston xalq partiyasi rahbari Dashzegviyn Amarbayasgalan.
Boshqa mamlakatlar qatori Mo‘g‘ulistonda ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin inflatsiya keskin ko‘tarilgan: hozirda bu ko‘rsatkich 15,2 foizni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, Mo‘g‘ulistonda bir necha yildan buyon siyosiy va iqtisodiy beqarorlik kuzatilmoqda. 2021 yilda mamlakatning hozirgi prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux koronavirusga chalingan ayolning davolanishi bilan bog‘liq mojaro ortidan bosh vazirlikdan iste’fo berishga majbur bo‘lgandi. O‘shanda endigina tug‘gan ayolni xalat va shippakda holida mashinaga solib olib ketishgani xabar qilingandi.
Shundan bir necha oydan keyin o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Uxnaagiyn Xurelsux 70 foiz atrofida ovoz olib g‘olib chiqqandi.
Mavzuga oid
12:50 / 04.11.2024
O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Mo‘g‘ulistonga eksport qilinadi
22:25 / 04.10.2024
Mo‘g‘uliston vizalarni elektron shaklda berishni boshladi
09:40 / 07.09.2024
XJS prokurori: Mo‘g‘uliston Putinning tashrifi bo‘yicha tushuntirish berishi kerak
18:41 / 03.09.2024