Jahon | 16:14 / 07.12.2022
13552
6 daqiqa o‘qiladi

Ishonchli havo himoyasi. AQSh Ukrainaga NASAMS tizimlarini tezroq yetkazib bermoqchi

AQSh bir nechta NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimini Ukrainaga yuborish bo‘yicha Yaqin Sharq mamlakatlari bilan muzokaralar olib bormoqda. Dastlabki ikkita shunday tizim noyabr oyi boshida Kiyevga yetkazib berilgandi. Pentagondagilarning aytishicha, bu tizimlar Rossiya raketalarini urib tushirishda 100 foiz samaradorlik ko‘rsatgan.

Foto: EPA

Vashington prezident Volodimir Zelenskiyning Ukraina energetika infratuzilmasini Rossiya zarbalaridan himoya qilishda yordam so‘rab qilgan murojaatiga javoban Ukrainaga jami sakkizta NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimini yuborishga qaror qildi.

Yetkazib berilgan ikkitaga qo‘shimcha ravishda yuboriluvchi keyingi oltita havo hujumidan mudofaa tizimi hali tayyor emas, ular endi ishlab chiqarilishi kerak. 1 dekabr kuni Pentagon bu borada havo mudofaa tizimlarini ishlab chiqaruvchi Raytheon Technologies kompaniyasi bilan 1,2 milliard dollarlik shartnoma tuzgani ma’lum bo‘ldi.

Ammo Raytheon Technologies rahbari Greg Heysning Politico nashriga aytishicha, AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari hozirda NASAMS tizimlaridan foydalanayotgan bir qancha Yaqin Sharq davlatlari bilan ham muzokaralar olib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizimlarni Yaqin Sharq davlatlaridan Ukrainaga yuborish ularni AQShda ishlab chiqarishga qaraganda ancha kamroq vaqt oladi. Buning evaziga esa AQSh Yaqin Sharq mamlakatlarini ikki yil ichida yangi tizimlar bilan ta’minlaydi.

Politico nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Ummon va Qatar Yaqin Sharq mintaqasida NASAMS tizimlarining xaridori hisoblanadi.

NASAMS qanday samaradorlikka ega?

NASAMS ko‘chma zenit-raketa tizimi bo‘lib, past va o‘rta balandlikdagi havo nishonlarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. U bir vaqtning o‘zida bir nechta nishonni kuzatish va urib tushirish qobiliyatiga ega. Shuningdek ko‘chirilayotgan tizim 15 daqiqadayoq jangovar holatga o‘ta olishi va uch daqiqada buning aksini qilishi bilan boshqalaridan ajralib turadi. NASAMS aniqlangan nishonga 10 soniyadayoq zarba beradi.

Bundan tashqari, NASAMS har qanday, hatto eskirgan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimiga ham osongina integratsiyalashadi. Ukrainada tizim bilan ishlashga o‘rgatilgan ekipajlar allaqachon mavjud.

Modifikatsiyasiga qarab NASAMS o‘rta yoki qisqa masofada ishlashi mumkin.

NASAMS zenit-raketa tizimining asosiy taktik birligi batareyadir. Uning tarkibiga ko‘p funksiyali radar va qo‘mondonlik punkti, har biri oltita raketali uchta otuvchi tizimga ega uchta vzvod kiradi. Bir batareyaning umumiy o‘q-dori kompleksi 54 ta raketani tashkil qiladi.

Ularni qayerda qo‘llash foydali?

NASAMS havo mudofaa tizimlarining urib tushirish masofasi va ishlovchi hududi ularda qo‘llanadigan raketa turiga bog‘liq. Odatda AIM-120 AMRAAM raketasidan foydalaniladi. Bu aviatsion raketa bo‘lib, samolyotdan otilganda 120 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonni urishga qodir. Biroq, yerdagi tizimdan otilganda uning uchish masofasi keskin kamayadi. Yerdan uchirilgan raketada samarali nishonga olish 25 kilometrgacha bo‘lgan masofadagina mumkin.

Shunday qilib, bitta o‘t ochuvchi vzvod taxminan 60-70 km radiusda samarali mudofaa ishlarini amalga oshiradi.

NASAMS zenit-raketa komplekslari NATOning bir qancha mamlakatlari armiyasida ham bor
Foto: Getty Images

NASAMS’ning universalligiga qaramay, uni Ukrainadagi to‘qnashuv chizig‘ining perimetri bo‘ylab ishlatish maqsadga muvofiq emas. Ukrainadagi frontning juda uzunligi (3 ming kilometrdan ko‘proq) hisobga olinsa, butun frontni «yopish» uchun o‘nlab bunday tizimlar kerak bo‘ladi. Tizimlar esa juda qimmat.

Bundan tashqari, Rossiya–Ukraina fronti allaqachon, garchi eng yangi bo‘lmasa-da, lekin juda samarali havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlangan.

Frontda urishayotgan tomonlarga asosiy zararni raketalar emas, balki artilleriya qurollari yetkazadi va havo hujumidan himoya tizimlari bu qurollarga qarshi deyarli foydasiz.

Shaharlar va muhim obektlarni himoya qilish uchun NASAMS tizimlaridan foydalanish esa ancha samaraliroq usul. Masalan, ikki batareya 18 ta otuvchi tizim bilan Kiyev, Dnepr yoki Odessa kabi shaharlarni Rossiyaning qanotli raketalari va kamikadze dronlaridan ishonchli tarzda himoya qilish qobiliyatiga ega.

Albatta, NASAMS yuqori tezlikdagi ballistik raketalarga qarshi yordam bermaydi, chunki u bu uchun yaratilmagan.

Sakkizta — bu ko‘p yoki kam?

Ukrainaga Pentagon tomonidan va’da qilingan sakkizta zenit-raketa tizimining bari yetkazilgan taqdirda ham, bu barcha yirik shaharlar va infratuzilma obektlarini himoya qilish uchun yetarli bo‘lmasligi aniq.

Ammo Amerika rasmiylarining Kiyevga yangi qurol tizimlarini yetkazib berishdagi yondashuviga e’tibor qaratish lozim. Dastlab ular kichik partiya yuborishadi va qurollarning haqiqiy jangovar sharoitlardagi yuqori samaradorligiga ishonch hosil qilishgach, yanada ko‘proq partiyalar yetkazib berishni boshlaydi. Bunga misol sifatida HIMARS tizimlarini keltirish mumkin.

Harbiy-sanoat kompleksi xavflarni yoqtirmaydigan ancha inersial tizimdir. Ammo agar uning g‘ildiragi aylantirib yuborilsa, uni to‘xtatish qiyin bo‘ladi.

Tizimning samaradorligida uning alohida komponentlari bilan qanday ishlashi ham muhim ahamiyat kasb etadi. NASAMS AIM-120 AMRAAM raketasi va, ehtimol, boshqa, kuchliroq raketalar (tizim juda ko‘p raketalar bilan moslashadi) bilan ham jihozlanishi mumkin.

Agar, dastlab aviatsion raketa sifatida ishlab chiqilgan AIM-120 AMRAAM yuqori samaradorlik ko‘rsatsa, Pentagon uchun keyingi qadam Ukrainaga ushbu raketalar bilan jihozlangan jangovar samolyotlarni yuborish bo‘lishi ham mumkin. Ularni ishlab chiqarish uchun yillar talab qilinmaydi.

Mavzuga oid