Jahon | 10:48 / 07.12.2022
8823
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yordam paketiga veto qo‘ydi

Budapesht Yevropa Ittifoqi moliya vazirlari kengashida Ukrainaga 2023 yil uchun makromoliyaviy yordamni blokladi. Germaniya Moliya vazirligi rahbari buni opportunizm deb atadi.

Kristian Lindner / Foto: John MacDougall/AFP via Getty Images

Vengriya 7 dekabr, seshanba kuni Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 2023 yilga mo‘ljallangan 18 milliard yevro miqdoridagi yordam paketini blokladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari moliya vazirlari kengashining Bryusseldagi yig‘ilishidan so‘ng Germaniya Moliya vazirligi rahbari Kristian Lindner ma’lum qildi.

«Afsuski, bugun biz Ukraina uchun zarur bo‘lgan moliyaviy yordam bo‘yicha qaror qabul qila olmadik, u bilan moliyaviy jihatdan birdamligimizni bildira olmaymiz. Buning uchun Vengriya javobgar», - dedi u.

Endi Yevropa Ittifoqi kengashi oldida Ukrainaga yordam berish uchun zarur mablag‘lardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishda imkon qadar tezroq kelishuvga erishish vazifasi turibdi, bu borada 26 a’zo davlat Yevropa Komissiyasi bilan kelishib olgan, dedi Lindner.

Vengriya bo‘yicha YeI davlatlari Yevrokomissiyadan ushbu mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarga qonun ustuvorligi nuqtayi nazaridan baho berishni so‘radi. «Qonun ustuvorligi va umumiy Yevropa qadriyatlarimiz masalasi YeIning ichki va tashqi nufuzi uchun katta ahamiyatga ega. Oportunizm tufayli chegirmalar bo‘lmasligi kerak», - deya ta’kidladi Germaniya moliya vaziri.

Budapesht Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi moliya vazirlarining yig‘ilishida Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qarshi chiqish bo‘yicha tahdidini amalga oshirdi. Bu Vengriya tomonidan veto qilingan YeIning bir qancha tashabbuslaridan biridir, chunki ushbu davlatga korrupsiya va sud hokimiyati mustaqilligining yetarli darajada ta’minlanmagani sababli 13 milliard yevro miqdoridagi YeI mablag‘lari ajratilishi muzlatib qo‘yilishi kutilmoqda.

YeI davlatlari 19 dekabrgacha Yevrokomissiyaning Ukrainaga 18 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlashi, rad etishi yoki mazmunini o‘zgartirishi kerak.

Mavzuga oid