Mundial ertagi. Bizni kutayotgan chiroyli yakunlar haqida
Bugun Qatardagi jahon chempionatida chorakfinal bahslari start oladi. Dastlab Xorvatiya Braziliya bilan, keyin Niderlandiya Argentina bilan yarimfinal yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Navbatdagi jahon chempionati ham hal qiluvchi pallaga kirib keldi. Boshqalarga bilmadim-u, menda bu safar ilgari kuzatilmagan hissiyot bor – turnirda qolgan har qanday jamoaning chempionligi xursand qiladigandek.
Sababi ham ma’lum, qiziq ham, deyarli har bir jamoaning o‘ziga xos hikoyasi borki, balki avvalgi mundiallarda kuzatilmagan – har qanday yakun qandaydir ijobiy hissiyot tarqatadi go‘yo.
Masalan, Portugaliya va Argentina. Shu ma’noda bu jamoalar o‘xshashki, har ikkisining tarkibida unikal futbolchi, balkim futbol tarixida eng yaxshi o‘yinchisi to‘p suradi.
Xo‘sh, nima bo‘pti, birinchi marta emas-ku? Buning ustiga har ikkisi ham eng yuqori cho‘qqidan pasayib bo‘lishgan.
Hamma gap shunda-da, aslida. Katta ehtimol bilan Messi uchun ham, Ronaldu uchun ham bu mundial oxirgisi bo‘ladi. Demak, bir katta bir hikoyaning oxirida, eng muhim savolning javobi ostonasida turibmiz: Ronaldu faoliyatida jahon chempioni bo‘lgan futbolchi sifatida tarixga kiradimi? Yoki Messi?
Bilasizmi, bu hatto Argentina yoki Portugaliyaning chempionligi masalasidan ham kattaroq. Qaysidir davr oralig‘ida bu jamoalarning chempion bo‘lish yoki bo‘lmasliklari umuman futbol uchun muhim ahamiyatga ega emas, buning ustiga, bu davlatlarda qandaydir oltin avlod yetishdimiki, biz bu avlodning chempion bo‘lishi yoki bo‘lmasligi qiziqtirsa. Yo‘q. Ikkisi ham doimgi Argentina, odatiy Portugaliya. Shunchaki kattaroq savol bor – futbol tarixida eng katta nomga loyiq ko‘riladigan bu futbolchilar Pele, Maradona kabi qirollar kabi dunyo shohsupasini egallay olishadimi?
Albatta, bu sovrin ikki futbolchining buyukligiga soya solmaydi, qo‘shilaman, lekin har qanday syujyet kabi, bosh qahramonning film davomidagi jasorati qay tariqa yakun topishi doimo eng qiziq va muhim masalalardan biri bo‘lgan, shunday emasmi?
Ha, katta ibtidoni kutmoqdamiz, ammo ne baxtki bu masala biz guvohi bo‘layotgan mundialning yagona syujyeti emas. Yuqorida aytganimdek, juda ko‘p o‘lchamli bir asar qarshisida turibmizki, har biri alohida go‘zal hikoya.
Angliya milliy jamoasini oling. O‘tgan asrning 60-yillaridagi g‘alabani sog‘ingan inglizlar o‘ttiz yil o‘tib, o‘z maydoniga barchani chaqirib Yevropa chempionatini o‘tkazadi va penaltilar seriyasida nemislarga yutqazib qo‘yadi. Yagona urilmagan penalti ijrochisi, o‘sha kecha antiqahramoni – Garet Sautgeyt. Uzoq yillar omadsiz tamg‘asini tashigan murabbiy necha yilki turli tanqidlar ostida shogirdlarini jahon chempioniga aylantiradi. Qalay? Bu ham go‘zal, to‘g‘rimi?
Nafaqat Sautgeyt, umuman inglizlar jamoasi o‘zini isbotlash kerak bo‘lgan omadsizlarga to‘lib-toshgandek... Angliya va APL rekordchisi bo‘lsa-da, sovrinsiz bo‘lgani doim masxara qilinadigan Harri Keyn, shunchaki ismi Harri Maguayr bo‘lganining o‘zi ham tanqidlar uchun yetarli bo‘lgan Maguayr... Qanday to‘p surmasin, jiddiy qabul qilinmaydigan Sterling va Stounz. O‘tgan yilgi Yevro finalida ustozining taqdirini takrorlagan va turli irqiy haqoratlar ostida qolgan, hozir esa, mundialda inglizlar safida eng ko‘p gol muallifi bo‘lib turgan futbolchilar – Saka va Reshford. Ularning g‘olib holda, sevinch og‘ushida ko‘rishni istash uchun hatto futbol muxlisi bo‘lish ham shart emas, nima dedingiz?
Fransiyaning g‘alabasi tom ma’noda g‘oliblar hikoyasi bo‘lardi, nazarimda. Qatorasiga ikki marta chempionlik. Bunday sharafga oxirgi marta o‘sha Pele davrida Braziliya terma jamoasi erishgan. Qirolning Mbappe bilan qiyoslarini ham eslasak, yana bir ajoyib parallel. Dide Desham esa, 1998 yilda futbolchi sifatida ham jahon chempioni bo‘lgandi. Braziliyalik bo‘lmaganlar ichida jahon kubogini boshi uzra uch marta ko‘targan ilk inson bo‘ladi.
Messi va Ronaldu davrida to‘p surgan eng iqtidorli, eng kuchli futbolchi kim deb o‘ylaysiz? Mening nazarimda bu – Neymar. Ko‘p jabhada yuqoridagi ikki nom bilan bahslasha oladigan ushbu futbolchi xarakteridagi ayrim kamchiliklar tufayli o‘sha cho‘qqiga chiqa olmagan bo‘lishi mumkin. Ammo so‘nggi mavsumlarda tom ma’noda eng yaxshilardek to‘p surayotgan, faqat noto‘g‘ri davrda tug‘ilgani uchun ham «Oltin to‘p» sohiblari ruyxatiga tusha olmagan Neymar sheriklari bilan mundial qahramoniga aylanishi juda ta’sirli ssenariy bo‘lardi, balkim. Axir shunday iste’dod futbol tarixida faqat xotiralarda qolishi insofdan emas, qog‘ozlarda ham uning ismi oltin harflarda aks etishi shart.
Lui van Gaal bahorda Niderlandiya televideniyesidagi shouga keladi va butun futbol olamini shokka tushiradigan xabarni aytadi – u anchadan beri prostata raki bilan kurashib kelayotgan ekan. Qizig‘i, bu haqida na jamoatchilik, na futbolchilar bilgan. O‘ziga yarasha tentak falsafasi bilan nom chiqargan Lui balkim hech qachon aytmasdi ham, agar bu ma’lumot jamoasini yanada jisplashtirishi, kuchliroq qilishiga ishonmasa...
Bu hikoyaning fonida goh «Manchester»ga, goh «Barselona»ga kerak bo‘lmay qolgan Memfis Depay yoki bir necha yil oldin yuragiga jihoz qo‘ydirib, futboldan ham ketishga yaqin bo‘lgan Deyli Blindning syujyetlari shunchaki yordamchi, ikkinchi darajali obrazlardek. Xo‘sh, Niderlandiya milliy jamoasini uchinchi marta qabul qilgan, yurti futbolining og‘ir damida o‘z og‘ir dardini unutgan murabbiy faoliyati so‘nggida vatandoshlariga shu paytgacha nasib qilmagan jahon kubogini topshirsa, naqadar chiroyli bo‘lardi. Shuncha ma’lumotdan keyin sovrinni ushlab turgan Luining tasviri tushirilgan gazeta muqovasidan azimrog‘i bo‘larmikin yana futbolda?
Xo‘sh?
Hatto shu yergacha kelishi syurpriz bo‘lgan Marokash-u Xorvatiyaning yutug‘i yanada ulkan voqe’lik, barchaga bir haqiqatni – doim da’vogarlar sanaganingizdan ko‘proq ekanini anglatib qo‘ymasmidi?
Agar biror jamoaning muxlisi bo‘lmasangiz yoki jamoangiz yutqazib, chiqib ketib ulgurgan bo‘lsa, xafa bo‘lmang, mundial hali tugamadi – o‘zingizga yoqqan hikoyaning haqiqatga aylanishi uchun muxlislik qilishingiz mumkin.
Eh, agar orzularga qo‘yib bersag-u, hech kim mag‘lub bo‘lmasa!..
Mana, sizga shuncha syujyet, shu qadar hikoya. Go‘yoki barcha chiziqlar mundialning qadrini yanada yuqoriga ko‘tarish uchun aynan mana shu onga to‘plab olib kelingandek.
Ha, bu mundial misoli ertak. Bizni yana nimalar kutayotgani noma’lum bo‘lsa-da, xushxabarim bor – oxiri yaxshilik bilan tugashi aniq.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
14:08 / 03.11.2024
MLSdagi omadli mavsum, JCh-2026 masalasi va futboldan keyingi faoliyat – Messi Romanoga katta intervyu berdi
14:26 / 17.10.2024
Mbappe jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda
13:29 / 17.09.2024
Ronaldu - «MYu»ni tark etishi, klub bilan hozirgi munosabatlari va o‘g‘lining futbolchi bo‘lish istagi haqida
10:49 / 13.09.2024