Jahon chempionatida 1/8 final bosqichi yakuniga yetdi. Argentina Misr bilan o‘yinda telbavor kambek amalga oshirdi (3:2), Shveytsariya esa Kolumbiya bilan o‘yinni penaltilar seriyasida hal qilib (0:0, 4:3) keyingi bosqichga yo‘l oldi. Endi ushbu g‘olib jamoalar chorakfinalda o‘zaro kuch sinashadi.

Maydondan tashqarida ham e’tiborga molik voqealar ro‘y bermoqda: Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines iste’foga chiqdi, Paragvayda Kilian Mbappeni tanqid qilishda davom etishmoqda, norvegiyalik futbolchilar esa shamollab qoldi.

Hollivudcha ssenariy

Argentina – Misr 3:2
Gollar: Yosir Ibrohim, 15 (0:1). Ziko, 67 (0:2). Romero, 79 (1:2). Messi, 83 (2:2). Fernandes, 90+2 (3:2)
Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 21’
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 90+5), Talyafiko (Gonsales, 66), Molina (Montiel, 73), Paredes, Makallister, Fernandes, de Paul (L. Martines, 66), Alvares (Medina, 90+5), Messi
Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Robiya, Hafiz, Hani, Lashin (Sayid, 90+5), Ateya, Ashur (Fati, 46), Hassan (Trezege, 73), Saloh, Ziko (Marmush, 80)
Ogohlantirishlar: Shubayr, 90. Fati, 90. Ateya, 90

Argentinaliklar o‘tgan bosqichdayoq dramatik o‘yinlar o‘tkaza olishini isbotlagandi. Ammo 1/8 finalda Misrga qarshi o‘yinda jamoa darajani yana bir bosqichga ko‘tardi va jahon chempionatlari tarixidagi eng yorqin kambeklardan birini amalga oshirdi.

Uchrashuv «Albiseleste» uchun tezkor gol o‘tkazib yuborish bilan boshlandi, keyin esa Lionel Messi penaltini ura olmadi (va jahon chempionati davomida ikki bor penaltidan gol ura olmasdan, antirekord qayd etdi). Ikkinchi bo‘limda argentinaliklar Mustafo Zikodan ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi.

Ish sensatsiyaga qarab ketayotganida Lionel Skaloni shogirdlari maksimal hujumkor rejimni yoqishdi. 79-daqiqada Messi to‘pni jarima maydoniga kirib borgan himoyachi Kristian Romeroning boshiga yetkazib berdi va hisob qisqardi. Bir necha daqiqa o‘tib Leoning o‘zi misrlik himoyachilar xatosidan foydalanib, hisobni qisqartirdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Enso Fernandes qarshi hujumni g‘alaba goli bilan yakunladi. Argentinaliklar kambek uchun 13 daqiqa sarflashdi – bu ham jahon chempionati tarixiga rekord sifatida kirdi.