Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Dojd» jurnalisti Korostelev Latviyada qora ro‘yxatga kiritildi
Rossiya harbiylariga yordam berish haqida efirda gapirgan sobiq «Dojd» jurnalisti Latviya hududiga kira olmaydi. Hozir u Gruziyada yashayapti.
Latviya ichki ishlar vaziri Kristaps Eklons ishdan bo‘shatilgan «Dojd» telekanali boshlovchisi Aleksey Korostelevni qora ro‘yxatga kiritdi, bu esa uning Latviyaga kirishini imkonsiz qiladi. Bu haqda 9 dekabr, juma kuni Delfi nashri xabar berdi.
Shu tariqa, Eklons maxsus xizmatlardan biri - Latviya Davlat xavfsizlik xizmatining tavsiyasini ko‘rib chiqdi va ijobiy munosabat bildirdi. Endi Korostelevga mamlakatga kirish taqiqlangan. Biroq, u Gruziyada yashagani va Latviya vizasi yoki yashash uchun ruxsatnomaga ega emasligi sababli, Latviya hukumati uni jinoiy javobgarlikka torta olmaydi.
1 dekabr kuni «Dojd» telekanalining jonli efirida Korostelev telekanal rus harbiylariga jihozlar bilan yordam berayotganini tushunish mumkin bo‘lgan iborani aytdi. U telekanaldan ishdan bo‘shatildi, 6 dekabr kuni Latviya Milliy elektron OAV kengashi shu va boshqa qator qonunbuzarliklar tufayli «Dojd» telekanalining efirga chiqish litsenziyasini bekor qildi.