19:07 / 12.12.2022
18290

“Senatdayam svet o‘chyapti, binolar sovuq” - senatorlar

“Xonamning harorati 15-20 darajadan oshmayapti, paltomni kiyib o‘tiraman”, deydi Senat qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev. Senator Farhod Boqiyevning fikricha, gaz-svet defitsitining “mohiyatini” yoz oylarida ham xalqimizga tushuntirish kerak edi. “O‘sha paytdanoq bu narsalarni tushuntirib kelganimizda edi, ayrim masalalarda tayyorgarlik boshqacharoq bo‘lgan bo‘larmidi?” deydi u.

Oliy Majlis Senatining yangi binosida ham energotaqchillik sezilyapti. Bu haqda senatorlar Bahodir Tojiyev va Farhod Boqiyev Uzreport TV'ga bergan intervyusida aytishdi.

“Bugun Senatdayam svet o‘chyapti. To‘g‘risini aytaman, o‘zim ikkinchi qavatda ishlayman, xonamning harorati 15-20 darajadan oshmayapti. [Xonamda] paltomni kiyib o‘tiraman, buni men yashirmayman”, – deydi Bahodir Tojiyev.

U 8 yildan beri Toshkentda yashashi, shaharda hali hech bunaqa sovuqni ko‘rmaganini aytadi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda xalqimizning haqli e’tirozlari bo‘layotganini kuzatyapmiz, bu jarayonda tomoshabin bo‘lib turishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Bu muammolar tez kunlarda bartaraf qilinadi. Bunaqangi sovuqni biz kutishimiz kerak, qish kelsa albatta sovuq bo‘ladi, bunga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Ish bo‘lyapti, muammolar kelib chiqyapti, lekin prezidentimiz rahbarligida barcha soha mutaxassislari tun-u kun xalqimizni rozi qilish uchun muammolarni bartaraf qilish ustida ishlashmoqda”, deydi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev.

Yana bir senator Farhod Boqiyev “manaman degan davlatlarda ham” energiya ta’minotida “beqarorlik” bo‘layotganini aytgan.

“Senatda bino issiqmi-yo‘qmi degan savoldan boshlaylik. Senatdayam binolar sovuq. Salqin xonada o‘tiribmiz. Yashiradigan joyi yo‘q, bu fakt. Bugungi kunda manaman degan rivojlangan davlatlardayam energoresurslar bilan bog‘liq beqarorlik yuz beryapti.

Ikkinchidan, bugun iste’mol keskin darajada oshib ketdi. Ayni paytda eksport to‘xtatilgan, O‘zbekiston birorta chet davlatga tabiiy gazni eksport qilmayapti. Davlat bugungi kunda aholini gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun bu resurslarni xorijdan import qilmoqda. Bu ayni paytda kerak va to‘g‘ri qaror deb o‘ylayman.

Gaz bilan, elektr energiyasi resurslari bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchilliklarning mohiyatini yoz oylarida ham xalqimizga tushuntirish imkoniyati mavjud edi. O‘sha paytdanoq bu narsalarni tushuntirib kelganimizda edi ayrim masalalarda tayyorgarlik boshqacharoq bo‘lgan bo‘larmidi?

Bugungi kunda yashil energetikaga o‘tish, muqobil energiyaning foydasi qanchalik yuqori ekanini statistika ham ko‘rsatmoqda. Bu borada ham O‘zbekistonda aniq strategiya, aniq chora-tadbirlar bor. Biroq quruq gaplardan ko‘ra aniq amalda ko‘rsatib beradigan tizim, misollar ustida ishlasak, buning natijasiga tezroq yetib boramiz.

Senatorlar har bitta hududga biriktirilgan bo‘lib, bugungi murakkab vaziyatda ular har bitta mahallada uyma-uy yurishibdi. Xalqning muammolarini parlament eshityapti, eshitmayapti emas. Ijtimoiy tarmoqda chiqqan voqelik qaysidir mas’ul vazirlik tizimiga tegishli bo‘lsa-da, bu masala parlamentning tegishli qo‘mitasi tomonidan davlat nazoratiga olinmoqda”, degan Farhod Boqiyev.

Top