O‘zbekiston | 18:56 / 14.12.2022
3794
2 daqiqa o‘qiladi

10 oyda maktabgacha ta’lim tizimida 380 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan

Shu yilning so‘nggi 10 oyida Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida 380 ta korrupsion holat aniqlandi, 383 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. 14 dekabr kuni vazirlik binosida tashkil etilgan yig‘ilishda shu haqda ma’lumot berildi.

Maktabgacha ta’lim vaziri, vazirlik huzuridagi jamoatchilik kengashi hamda OAV vakillari bilan anjuman tashkil etildi. Unda Bosh prokuratura boshqarmasi katta prokurori Karimjon Musashayxov tizimda aniqlangan korrupsion holatlar, talon-torojliklar bo‘yicha statistik raqamlarni e’lon qildi. 

Qayd etilishicha, 2019 yilda 167 nafar, 2020 yilda 131 nafar, 2021 yilda esa 153 nafar maktabgacha ta’lim tizimi xodimi tomonidan korrupsion jinoyatlar sodir etilgan. So‘nggi 10 oyda kuzatilgan 380 ta holatning 200 taga yaqini o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq.

Shuningdek, rasmiy vakilning aytishicha, jinoyatlarni sodir etishda vazirlik tizimidagi ish haqi, rag‘batlantirish, davlat xaridlarini qimmat narxlarda sotib olish, qurilishga, ONMTT uchun ajratilgan subsidiya mablag‘larini talon-toroj qilishga yo‘l qo‘yilgan.

Vazirlikning Kun.uz’ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt davomida boshqarma xodimlari tomonidan 14 ta holatda aniqlangan qonunbuzilish ishlari Bosh prokuraturaga oshirilgan, 18 ta holatda korrupsion jinoyatlarga aloqadorligi uchun xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan, 8 ta holatda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazilgan, 8 ta holatda esa intizomiy jazo turlari qo‘llangan.

Mavzuga oid