O‘zbekiston | 14:16 / 14.12.2022
6654
4 daqiqa o‘qiladi

“Geografiyamizni kengaytirish ustida ishlayapmiz” - vazirlik mulozimi migratsiya yo‘nalishi Rossiya bilan cheklanib qolayotgani haqida

Kecha, 13 dekabr kuni AOKA majlislar zalida fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish va xorijdagi fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Zohid Asqarov

Tadbirda Kun.uz muxbiri tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining migratsiya yo‘nalishi faqat Rossiya bo‘lib qolayotgani, bu strategik tomondan ham davlatni xavfga qo‘yayotgani borasida savol bilan murojaat qilindi. Savolga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Zohid Asqarov javob berdi.

Unga ko‘ra, hukumat bu masalani tushunadi va hozirda migratsiya geografiyasini kengaytirish ustida ishlanmoqda.

“Bizda bu bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Shu yil 22-23 noyabr kunlari o‘tkazilgan xalqaro mehnat migratsiyasi forumining asosiy maqsadi ham mehnat geografiyasini kengaytirishdan iborat edi. Chunki bugungi kunda 1 million 500 mingdan ortiq fuqarolarimiz Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini olib boryapti. Lekin buni kengaytirish bir yoki ikki kunda bo‘ladigan ish emas. Chunki Rossiyadagi fuqarolar asosan qurilish sohasida yoki yuqori malaka talab qilinmaydigan sohalarda ishlamoqda.

Biz hozir bu borada ko‘plab davlatlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Safarlarga borilyapti. Lekin hamma joyda maxsus malaka talab qilinadi. Bu strategik masala bo‘lgani uchun ham fuqarolarni xorijga ketishidan oldin tilga va kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Bu shu yo‘ldagi ishlarning bir bosqichi. Xorijga ketayotganlarda hech bo‘lmasa, qayta malaka bo‘lishi kerak.

Biz barcha kelishuvlarimizda maxsus malaka bo‘lmaganda, qayta tayyorlov bo‘yicha sertifikat tan olinishiga erishishga harakat qilyapmiz.

Bizda bir yil avval fuqarolar Angliya, Germaniya yoki Yevropaning boshqa davlatlariga ishga yuborilmagan. Hozir bu davlatlarda ham ishga borgan fuqarolar 10 oy davomida tilga o‘qitilyapti. Shundan keyingina ishga olinyapti. Faqat mavsumiy ishlarda til ko‘nikmasi talab qilinmaydi. Yoki Yaponiya va Janubiy Koreyada ham til ko‘nikmasi talab qilinadi. Shuning uchun ham biz Monomarkazlarimizda til va kasbga o‘qitish kurslarini tashkil qilganmiz.

Biz bugungacha ha Rossiya bor-ku, deya chegaralanib qolganmiz. Lekin hozir sekin-sekin boshqa davlatlarga ham yo‘llar ochyapmiz. Bolgariya, Ruminiya... Xususiy bandlik agentliklari ham to‘xtab turgani yo‘q. Ular ham izlayapti.

Avvallari Yevropa davlatlariga oddiy shengen viza olish ham murakkab edi. Hozir ularga talab oshgani uchun turizmga ham yo‘l ochilyapti. Ishchi vizalar ham berilishni boshladi”, – dedi u.

Ammo vazirlik mulozimiga ko‘ra, bu borada muammo bo‘layotgan qator masalalar ham bor. Masalan, ishga yuborilgan fuqarolarning o‘z ish joyini tashlab noqonuniy ishlar uchun chiqib ketishi xorijiy davlatlar bilan ish olib borishni qiyinlashtirmoqda.

“Faqat kelgusida biznikilar borib, o‘ziga berilgan majburiyatlarini bajarishi kerak. Chunki ertaga ular nolegal holatga chiqib ketsa, ya’ni mehnat shartnomasini buzib chiqib ketsa, kelgusida boradigan boshqa fuqarolarimizga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Avvalroq Janubiy Koreyaga birinchi bor yo‘nalish ochgan edik. Lekin biz yuborgan 420 nafar fuqarodan 307 nafari ish joyini tashlab qochib ketgani uchun to‘xtatib qo‘yilgan. Bu bo‘yicha matbuot anjumani ham o‘tkazganmiz. Ya’ni bizning fuqarolar ham o‘z majburiyatlarini bajarib, aytilgan joyda ishlab, o‘z salohiyatini ko‘rsatsa, bu geografiya kundan kunga kengayib boradi”, – dedi Zohid Asqarov.

Mavzuga oid