Jahon | 18:43
543
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada chet el fuqarolarining yashashi qoidalarini kuchaytiradigan qonun qabul qilindi

Hudud va qaramog‘idagi har bir oila a’zosini hisobga olgan holda yashash minimumidan kam bo‘lmagan majburiy daromad talabi joriy etilmoqda. Ushbu shartlarga rioya qilinmagan taqdirda, patent berilmaydi yoki uzaytirilmaydi, mehnat shartnomasi bekor qilinadi, yashash muddati esa qisqartirilishi yoki yashash uchun ruxsatnoma bekor qilinishi mumkin.

Foto: Dmitriy Duxanin, Kommersant’

Rossiya Davlat Dumasi patent bekor qilingan yoki uzaytirilmagan taqdirda Rossiyadan chiqish uchun 15 kunlik muddatni belgilaydigan, shuningdek, chet ellik ishchilarga o‘zini va oila a’zolarini mintaqaviy koeffitsiyentli yashash minimumidan past bo‘lmagan darajada ta’minlash majburiyatini yuklaydigan qonunni qabul qildi. Bu haqda Davlat dumasi rasmiy sayti xabar berdi.

Eng qattiq norma mehnat migrantlarining oilalariga tegishli. Agar patent yoki ishlash uchun ruxsatnoma bekor qilingan yoki uzaytirilmagan bo‘lsa, chet ellik shaxs voyaga yetmagan farzandlari, shu jumladan farzandlikka olingan yoki vasiylikda bo‘lgan farzandlari bilan birga 15 kun ichida Rossiyani tark etishi shart.

Qonun chet elliklarni maxsus koeffitsiyentga tuzatish kiritilgan holda mintaqadagi yashash minimumidan kam bo‘lmagan miqdorda daromad olishga majbur qiladi. Agar migrant bir vaqtning o‘zida ikkita sub’yektda ishlasa, hisob-kitob eng katta ko‘rsatkich bo‘yicha olib boriladi. Bunda daromad miqdori hudud bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasligi kerak.

Agar chet el fuqarosining daromadlari ushbu darajadan past bo‘lsa, mehnat shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi va Rossiyada bo‘lish muddati qisqartiriladi.

Agar chet el fuqarosining daromadi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa yoki uning daromadi belgilangan eng kam miqdordan past bo‘lsa, patent berilmaydi va uzaytirilmaydi.

Qonun daromadlarni nazorat qilish mexanizmini joriy etadi. Soliq organlari migrantlarning kalendar yilining uch, olti, to‘qqiz va o‘n ikki oyidagi daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga (IIV) yuboradi. Rossiya Ijtimoiy jamg‘armasi ularning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. IIV daromadning mavjudligi yoki mavjud emasligi, uning darajasi, shuningdek JShDS bo‘yicha qat’iy belgilangan bo‘nak to‘lovi to‘langanligi faktini tekshirish huquqini oladi. Tekshiruvlar tartibi va muddatlarini idora mustaqil ravishda tasdiqlaydi.

Agar vaqtincha yoki doimiy yashovchi chet el fuqarosining vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma (VVP) yoki yashash uchun ruxsatnoma (VNJ) berilgan kundan boshlab bir yil davomida daromadlari yashash minimumidan past bo‘lsa, bu hujjatlar bekor qilinadi. Kunduzgi talabalar, pensionerlar, mehnatga layoqatsizlar, voyaga yetmaganlar va boshqa bir qator toifalar bundan mustasno. Shuningdek, agar chet ellik ishsiz qolsa, lekin uch oy ichida yangi ish topsa va uning daromadlari talablarga javob bersa, ruxsatnoma bekor qilinmaydi.

Normalarning asosiy qismi 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. 2027 yil 1 martdan boshlab o‘zini va oilasini yashash minimumidan kam bo‘lmagan darajada ta’minlash majburiyati to‘g‘risidagi qoidalar, shuningdek, yashash muddatini qisqartirish mexanizmi joriy etiladi. Davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi to‘g‘risidagi normalar qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin 90 kun o‘tgach kuchga kiradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid