Ronaldu, Noyyer, Lukaku va boshqalar. Qatarda ishonchni oqlamaganlar jamoasi
Muxlislar bu 11 futbolchidan ko‘proq narsa kutgandi.
Manuel Noyyer, Germaniya
Bu turnirda top-darvozabonlarga yetarlicha savollar tug‘ildi: masalan, Kurtua, Mendi va Shmeyhel o‘z darajasidagi o‘yinni namoyish etmadi, ammo Noyyer ulardan ham yomonroq ko‘rindi. Nemislar jamoasi posboni Yaponiya va Kosta-Rikaga qarshi o‘yinlarda to‘rtta gol o‘tkazib yubordi, holbuki turnirdan oldin ko‘pchilik bu o‘yinlarda jamoa darvoza daxlsiz qolishini kutgandi. Bundan tashqari, bu epizodlarning har birida Noyyerning ham aybi bor edi, kostarikaliklarning birinchi golida esa — yuz foizga u aybdor edi. Guruhdagi uch o‘yinda Manuel o‘z darvozasidan besh bor gol olib chiqdi, holbuki raqiblarning xG bo‘yicha birgalikdagi ko‘rsatkichi (kutilgan gol) 3,4 golni tashkil etgandi. Noyyerning yomon o‘yini uning jamoadagi maqomiga salbiy ta’sirni kuchaytiradi — terma jamoalar muvaffaqiyatsizligida hamisha sardorlar ham aybdor qilinadi. Qatarga Noyyer 36 yoshida keldi, keyingi jahon chempionatiga esa Germaniya boshqa darvozabon bilan boradi.
Yoakim Mele, Daniya
Daniyaliklarni ham, nemislar kabi, barcha jahon chempionati pley-offida kutgandi. «Atalanta»ning tezkor qanot himoyachisi Yoakim Meledan esa Yevro-2020 turnirida bo‘lgani kabi yorqin shou kutishgandi: o‘shanda u ikki gol urib, bir golga uzatma bergan va fantastik darajadagi foydali o‘yini bilan butun Yevropani o‘ziga lol qilgandi. Ammo u bu safar nursiz o‘yin ko‘rsatgan Daniya jamoasida ham ajralib turmadi.
Yan Vertongen, Belgiya
Belgiya milliy jamoasi to‘liq tarkib bilan JCh-2022 turnirida hafsalani pir qilgan jamoalardan biri bo‘ldi. Ammo 35 yoshli Vertongen shunday jamoada ham o‘zining sekin harakatlari va pozitsion xatolari bilan ajralib turdi. Mish-mishlarga ko‘ra, «Anderleht» himoyachisi Marokashdan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin kiyim almashtirish xonasida jamoadoshlari bilan mushtlashib ketgan. Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, Vertongen yanada ko‘proq hafsalani pir qiladi — axir faxriy futbolchilar shusiz ham yomon muhitni yomonlashtirmasdan, jamoaning boshqa a’zolarini tinchlantirishi kerak edi. 35 yoshli himoyachi uchun bu faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati bo‘lib qoldi.
Joau Kanselu, Portugaliya
Dunyoning eng kuchli qanot himoyachilaridan biri sanaladigan bu futbolchi formal jihatdan Portugaliya bilan chorakfinalgacha bordi, ammo u pley-off o‘yinlari arafasida boshlang‘ich tarkibdan tushib qoldi. Kanselu guruh bosqichi o‘yinlarida nursiz o‘yin ko‘rsatdi va raqiblarga «Manchester Siti»da undan keladigan xavfning o‘ndan birini ham yarata olmadi. Portugaliyaning boshqa qanot himoyachilari Diogu Dalot va Rafael Gerreyru esa turnir davomida samaraliroq harakat qilishib, o‘z hisobiga gol va paslar yozib qo‘yishdi.
Garet Beyl, Uels
Uels termasi Eron, AQSh va Angliya bilan bir guruhda yaqqol autsayder bo‘lib ko‘rinmayotgandi, ammo jamoa juda ilojsiz holatda qoldi. Uelsliklarning yagona golini Beyl penaltidan urdi va bu bilan faxrlanib bo‘lmaydi. Jamoa sardori raqiblar darvozalari tomon deyarli tahdid sololmadi, Angliya bilan o‘yin tanaffusida esa sust harakatlari va foydasiz o‘yini tufayli almashtirib yuborildi. Yulduz futbolchi uchun bu faoliyatidagi birinchi va so‘nggi jahon chempionati bo‘lib qoldi - lekin u o‘zining eng yaxshi sport formasida edi.
Federiko Valverde, Urugvay
Valverde — jahon futbolining to‘laqonli yulduzi, may oyidagi Chempionlar ligasi finalida golli uzatma muallifi. Transfermarkt urugvaylik futbolchining transfer qiymatini 100 million yevroga baholagan, ammo Qatarda Valverde yuqori baho ololmadi. Gap uning joylashuvi juda orqada bo‘lganida yoki Urugvay termasidagi futbolchilar «Real» darajasida emasligida bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham Valverdedan ko‘proq narsa kutilgandi, u esa Urugvayni nisbatan oson guruhdan pley-offga olib chiqa olmadi.
Tomas Myuller, Germaniya
Jahon chempionatida nemislar jamoasi hujum chizig‘i himoya vakillaridan yaxshiroq ishtirok etdi. Musiala, Sane, Havers yoki Gnabrini hafsalani pir qilganlar qatoriga qo‘shish qiyin, ammo Myuller jamoa uchun ko‘p ish qilib bera olmadi. U guruhdagi uch o‘yinda ham boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi, ammo Yaponiya va Ispaniya bilan o‘yinlarda darvoza sari birorta zarba bera olmadi. Myuller chalg‘ituvchi mayoq rolini ham bajara olmadi, Germaniya esa guruhda qolib ketdi. U hali 33 yoshda bo‘lishiga qaramay, terma jamoadagi faoliyatini yakunladi.
Kevin De Bryuyne, Belgiya
«Manchester Siti» yarimhimoyachisi odatdagidek mehnatsevar edi va jamoadoshlari uchun vaziyatlar yaratdi. U Belgiya termasidagi ishonchni oqlamagan futbolchilardan emasdi, ammo bu eng yomon futbolchilar emas, ishonchni oqlay olmagan jamoa. Bu yerda esa ikkita asosiy argument unga qarshi: gol ham, golli uzatma ham yo‘q.
Darvin Nunes, Urugvay
«Liverpul» forvardi o‘tgan kuzni tezroq unutishni istaydigan futbolchilardan biri. U yangi klubida moslashishda juda qiynaldi va jahon chempionatida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Kavani va Suares keksayib qoldi, shu tufayli Urugvayning umidlari aynan Nunesga tikilgandi. Ammo guruhdagi uchta o‘yinda Darvin faqat bir bor protokolda qayd etildi, ammo gol urganida emas, Gana bilan uchrashuv boshida sariq kartochka olganida.
Romelu Lukaku, Belgiya
Agar Belgiya termasining ishlari yaxshi kechganida Lukaku guruh bosqichida maydonga tushmasdi. «Inter» forvardi uzoq vaqtdan buyon jarohatini davolayotgandi va u jamoasi gol urishga urinishlarini zaxira o‘rindig‘idan kuzatdi. Roberto Martines Lukakuni Marokash bilan o‘yin oxirida tushirdi, shuningdek Xorvatiya bilan o‘yinda ikkinchi bo‘limda imkoniyat berdi. Ammo 45 daqiqa davomida Romelu to‘rtta golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi, holbuki Belgiya bitta gol ursa ham guruhdan chiqardi. U formasini tiklashga ulgurmagandi, ammo bu ko‘p narsani hal qilmaydi: hatto yarador Lukakuga ham talab oddiy forvarddagiga qaraganda yuqori bo‘ladi.
Krishtianu Ronaldu, Portugaliya
Jahon chempionati arafasida Ronaldu shov-shuvli intervyu berib, Portugaliya bilan sovrin qo‘lga kiritmoqchi ekanini aytdi. Krishtianu atrofidagi shovqin jamoaga qanday ta’sir ko‘rsatishini hech kim tushunmagandi. Endi esa xulosa qilish mumkinki, ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ronaldu jahon chempionati vaqtida ham e’tiborni o‘ziga qaratishda davom etdi, masalan FIFAni Brunu Fernandesh Urugvay darvozasiga gol urgan vaziyatda to‘p o‘zining boshiga tegib kirganiga ishontirishga urindi. Bunday harakatlari bilan sardor jamoaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qiyin edi.
Sport nuqtayi nazaridan Ronaldu ham ishonchni oqlamadi: Ganaga qarshi birinchi o‘yinda penaltidan urilgan gol uning uchun yagonaligicha qoldi, guruh bosqichidan keyin esa Krishtianu haqli ravishda zaxira futbolchisiga aylandi. Portugaliyalik o‘zining jahon chempionatlaridagi finishi shunday kechishini xayol qilmagani aniq.
Mavzuga oid
17:09 / 26.08.2024
«Tanam boshimdan yuragim qadar darz ketdi». Noyyerning xayrlashuv maktubi
21:09 / 28.12.2022
Argentina milliy jamoasi jahon kubogi bilan prezident saroyiga borishdan bosh tortdi
15:13 / 28.12.2022
JCh-2022 paytida Messi yashagan xona muzeyga aylanadi
22:52 / 24.12.2022