Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa Ittifoqi sammiti Ukrainaga 18 mlrd yevro miqdorida yordam ajratishni ma’qulladi
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga makromoliyaviy yordam ko‘rsatishini dastlab Vengriya va Polsha bloklab qo‘ygandi, ammo oxir-oqibat ular o‘z e’tirozlarini qaytarib oldi.
Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari Ukrainaga 2023 yilda 18 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ko‘rsatishni ma’qulladi. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi yetakchilariga video-aloqa orqali murojaat qilar ekan, Misheldan «Ukraina va butun Yevropa uchun tinchlik kurashi Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlar o‘rtasidagi tushunmovchilik va kelishmovchiliklarga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligi»ni so‘radi. «Ukraina uchun makromoliyaviy yordam paketlari ham erkinlikni himoya qilish qurolidir. Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining to‘qqizinchi paketi kabi. Bu bizning himoyamiz», - deya ta’kidladi Zelenskiy.
2023 yilda Ukrainaga yangi yordam paketi ajratilishini Yevropa komissiyasi noyabr oyi boshida e’lon qilgan edi. Gap mamlakatning shoshilinch ehtiyojlarini moliyalashtirish va muhim infratuzilmani tiklash uchun 10 yillik imtiyozli kreditlar haqida ketyapti. Dekabr oyi boshida bu chora Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan ma’qullangan edi.
Bundan tashqari, sammit ishtirokchilari «Ukrainaga insonparvarlik va fuqaro muhofazasi yordamini zudlik bilan ko‘rsatishni faollashtirish», shuningdek, «Ukrainaning qishdan o‘tishiga yordam berish uchun muhim infratuzilmasini tiklashga yordam berishga» kelishib oldilar.
Avvaliga Polsha va Vengriya Ukrainaga 18 milliard yevro ajratilishiga qarshi chiqqan va Yevropa komissiyasining qaroriga veto qo‘ygandi. 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi elchilari Vengriyaning veto huquqini bekor qilishi evaziga mamlakatga berilishi kerak bo‘lgan hamda muzlatib qo‘yilgan mablag‘lar miqdorini kamaytirishga kelishib oldilar.
YeI paketli kelishuvi Ukrainaga yordam ko‘rsatishdan tashqari, Yevropa Ittifoqi budjetidan Vengriyaga 6,3 milliard yevro miqdoridagi to‘lovni muzlatish to‘g‘risidagi qarorni va Budapeshtning koronavirus pandemiyasidan tiklanish uchun YeI jamg‘armasidan mablag‘ sarflash rejasini nazarda tutadi. Xuddi shu paket yirik korporatsiyalar foydasiga eng kam soliq stavkasini 15 foiz miqdorida belgilashni ham o‘z ichiga oladi.
Bu bir necha oy davomida korporativ soliqning minimal stavkasiga qarshi chiqqan Polshaning shikoyatlariga sabab bo‘lgan oxirgi nuqta edi. 15 dekabrda Varshava Yevropa Ittifoqi paketini blokdan chiqarish orqali o‘z e’tirozlarini bekor qildi.