Yevroparlament Golodomorni - 1932-1933 yillarda Ukrainada «sovet tuzumining qasddan siyosati tufayli yuzaga kelgan» ocharchilikni - ukrain xalqining genotsidi deb tan oldi. U «bir guruh odamlarni ataylab jismonan yo‘q qilish maqsadida, ularning yashash sharoitlarini shunday holatga keltirish uchun sodir etilgani» aytiladi.

Bu haqda Yevroparlamentning 15 dekabr, payshanba kuni Strasburgdagi sessiya yig‘ilishida qabul qilingan rezolyutsiyasida aytiladi. Rezolyutsiyani 507 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 12 nafari qarshi, 17 nafari betaraf qolgan. Hujjatda aytilishicha, Ukrainada 1932-1933 yillarda sun’iy ocharchilik yuzaga kelgan barcha holatlar BMTning ushbu jinoyatning oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasida qayd etilgan genotsid belgilariga mos keladi. 

1932-1933 yillardagi Golodomor millionlab ukrainaliklarning hayotiga zomin bo‘ldi va kollektivlashtirish siyosatini olib borish hamda Ukraina xalqining milliy o‘ziga xoslikka bo‘lgan intilishini bostirish maqsadida «sovet rejimi tomonidan rejalangan va shafqatsizlarcha amalga oshirilgan», deyiladi rezolyutsiyada. Ukrain dehqonlarining «ochlikdan qutulib qolmasligi» uchun «sovet tuzumi g‘alla hosilini ataylab musodara qilgani va chegaralarni yopgani» haqida dalillar mavjudligi aytiladi. 

Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Rossiyaning Ukraina bilan joriy urushdagi harakatlari - «uning energetika va qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yo‘q qilish, Ukraina g‘alla eksportini to‘sib qo‘yish va millionlab tonna donni o‘g‘irlash» - ommaviy sun’iy ocharchilik xavfini, ayniqsa, Ukrainadan don yetkazib berishga bog‘liq Afrika mamlakatlarida keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlashdi.

SSSR davrida sodir etilgan jinoyatlarga o‘z vaqtida xalqaro hamjamiyat tomonidan aniq huquqiy va ma’naviy baho berilmagani, shuningdek, Rossiyada «totalitar sovet tuzumini ulug‘lash» mavjud bo‘lganligi sababli RF bugun «terrorizmning homiysi va terrorchilik usullaridan foydalanadigan davlat»ga aylandi, deyiladi rezolyutsiyada. 

Yevroparlament «totalitar sovet tuzumi tomonidan sodir etilgan genotsid akti Ukraina jamiyati asoslariga katta zarar yetkazdi», deb ta’kidladi. Yevroparlament deputatlari «xususan, Rossiya Federatsiyasi va Sovet Ittifoqi parchalanishi natijasida tuzilgan boshqa davlatlarni 1932-1933 yillarda Ukrainadagi sun’iy ocharchilik bo‘yicha o‘z arxivlarini ochishga» chaqirdi. Yevroparlament deputatlari Rossiya «Sovet Ittifoqining huquqiy vorisi sifatida» nafaqat Golodomorni genotsid deb rasman tan olishi, balki «bu jinoyatlar uchun kechirim so‘rashi» kerak, deb hisoblaydi.