Ukraina qurolli kuchlari qatorasiga ikkinchi kun Rossiya regionlariga dronlar bilan yopirilma hujum uyushtirdi. 22 mayga o‘tar kechasi ukrain harbiylari 100 dan ortiq dron uchirgan. Ular poytaxt Moskvaga ham yetib kelgan. Shahar meri Sergey Sobyanin 21 may kuni soat 22:29 dan 22 may kuni soat 05:30 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning Moskva yo‘nalishida uchgan 35 ta dronini urib tushirgani haqida ma’lum qilgan. Tongda va kun davomida hujumlar davom ettirildi.

Rosaviatsiya tunda Moskva osmonini to‘lig‘icha yopdi – shahardagi to‘rtta asosiy aeroportning barchasida – Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiyda samolyotlarni qabul qilish va parvozga chiqarishda cheklovlar joriy etildi. 22 may kuni tongda idora aeroportlar ichkarisida ham cheklovlar kiritdi.

Transport prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, aeroportlar faoliyatidagi cheklovlar tufayli 22 may kuni soat 11:00 ga kelib, Sheremetevo aeroportida 72 ta, Domodedovoda – 71 ta, Vnukovoda – 19 ta reys kechiktirilgan. Rosaviatsiya ma’lumotiga ko‘ra, Moskva oblasti hududida 21-22 may kunlari jami 82 ta samolyot zaxira aerodromlariga yo‘naltirilgan. «Ularning deyarli barchasi dastlabki manzildagi aeroportlarga qo‘ngan», — deya qayd etiladi idora xabarida.

Rosaviatsiya ayrim nashrlarning aeroportlarda kollaps yuzaga kelgani haqidagi ma’lumotlarini rad etgan. «Jadvaldagi tuzatishlarga qaramay, aerovokzallardagi vaziyat tinch, ayrim noinsof mediada aytilganidek, yo‘lovchilarning ommaviy to‘planishi holatlari kuzatilmayapti», – deyiladi bayonotda.

22 mayga o‘tar kechasi Tula oblasti ham ukrain dronlari hujumiga yo‘liqqan. Region gubernatori Dmitriy Milyayevning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchar qurilmalardan biri ko‘p kvartirali uy tomiga kelib urilgan, turar joy va noturar joy binolar shikastlangan. Yana bir dron parchalari «Orujyeynik» jismoniy-sog‘lomlashtirish kompleksi hududiga tushgan. Tulada yashovchi ikki kishi yengil tan jarohati olgan. Baza telegram-kanalida yozilishicha, Novomoskovsk ham hujumga uchragan, mahalliy aholi vakillari 20 ga yaqin portlash ovozlarini eshitishgan.

Kursk oblastida ukrainlar droni Belovskiy rayoni rahbari Nikolay Volobuyevning avtomobiliga hujum qilgan, deb xabar beradi region rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn. Volobuyev avtomobilni tark etishga ulgurgan, lekin bel sohasi va qo‘lidan jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Bundan tashqari, Kursk oblastida Nekrasov qishloq kengashi (munitsipalitet) tarkibidagi Semyonovo qishlog‘i yaqinidagi avtomobil ko‘prigiga ham Ukraina qurolli kuchlari droni hujum qilgan.

RF mudofaa vazirligi tun davomida havo hujumidan mudofaa kuchlari 105 ta dronni to‘xtatgani va yo‘q qilgani haqida xabar bergan, shundan eng ko‘p holatlar Moskva regioni (35), Orlov (14), Kursk (12), Belgorod (11) va Tula oblastlarida (10) kuzatilgan.