15:57 / 18.12.2022
24738

Eronda namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan taniqli aktrisa hibsga olindi

Eron hukumati mamlakatning eng taniqli aktrisalaridan birini qo‘lga oldi, bu u namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirganidan keyin ro‘y berdi. Unga mamlakatni qamrab olgan namoyishlar to‘g‘risida «yolg‘on tarqatish» bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Aktrisa Tarona Alido‘stiy Eron hukumatining namoyishlarni bostirishga urinishlarini ochiqchasiga tanqid qilgan, noyabr oyida esa Instagram sahifasida namoyishchilar bilan birdamligini ko‘rsatish belgisi sifatida hijobsiz fotosuratini namoyish etgandi. O‘tgan haftada u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida hukumatga qarshi namoyish ishtirokchilari qatli qoralangan post joylashtirdi.

Avvalroq 38 yoshli ushbu aktrisa xalqaro tashkilotlarni Muhsin Shekariyning qatlining oldini olmagani uchun tanqid qilgandi. 8 dekabr kuni uni Basijda harbiylashgan va hukumat tarafdori bo‘lgan guruh a’zolaridan biriga pichoq bilan hujum qilishda, shuningdek Tehrondagi ko‘chalardan birida harakatga to‘sqinlik qilishda ayblab dorga osishgandi.

«Uni Muhsin Shikoriy deyishardi. Xalqaro tashkilotlarning har biri bu qonxo‘rlikni kuzatib turdi va hech qanday chora qo‘llamadi. Bu insoniyat uchun sharmandagarchilik», deya yozgan u.

IRNA davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, aktrisa «o‘z da’volarini tasdiqlovchi biror hujjat ko‘rsata olmagani» tufayli politsiya tomonidan hibs qilingan.

Aktrisaning 8 milliondan ortiq obunachisi bor bo‘lgan akkaunti yaqinda o‘chirilgandi.

38 yoshli Tarona Alido‘stiy - Eronning eng muvaffaqiyatli aktrisalaridan biri hisoblanadi. U 2016 yilda xorijiy tildagi eng yaxshi film sifatida «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan «Kommivoyajyer» kartinasida bosh rollardan birini ijro etgandi.

Namoyishlar davom etmoqda

Bu yil avj olgan norozilik namoyishlari Eronda 1979 yildagi inqilob orqali hokimiyatga kelgan rejim to‘qnashgan jiddiy chaqiriqqa aylandi.

Mamlakatda norozilik namoyishlari to‘lqini 16 sentabr kuni kelib chiqishiga ko‘ra kurd bo‘lgan 22 yoshli Mahsa Aminiy politsiya uchastkasida vafot etishi ortidan boshlandi. U hijobni noto‘g‘ri o‘ragani vaji bilan axloq politsiyasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

Shundan keyin ayollar, universitetlar talabalari va hatto maktab o‘quvchilari bo‘lgan qizlar ko‘chalarga chiqib, hukumat vakillarining o‘zboshimchaliklariga qarshi norozilik bildirishdi. Bu namoyishlar, qoidaga ko‘ra, tinch ruhda edi, ayollar va qizlar hijob va ro‘mollarini yechib, ko‘chalarda ularni yoqa boshlashdi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi va huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnasha boshladi.

Eron hukumati bu to‘lqinni to‘xtata olmadi va namoyishlarni isyon deb atab, buning barida o‘zining asosiy raqibi - Qo‘shma Shtatlarni, shuningdek uning ittifoqchilarini, birinchi navbatda Isroil va Buyuk Britaniyani aybdor qildi. Shu bilan birga, Eron hukumati namoyishlarda ishtirok etgan minglab kishilarni, shu jumladan olimlar, jurnalistlar va huquqshunoslarni qo‘lga oldi, namoyishchilarni tarqatish uchun kuch qo‘lladi.

«Huquq himoyachilari informatsiya agentligi» (Human Righs Activiss' News Agency) ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtga kelib xavfsizlik kuchlari kamida 488 nafar namoyishchini o‘ldirgan, yana 18 259 kishi qo‘lga olingan. Agentlik xavfsizlik xizmati xodimlaridan ham 62 kishi halok bo‘lganini xabar qilgan.

Hukumat allaqachon ikki kishini «xudoga qarshi dushmanlik»da ayblab qatl etdi. Eron qonunlari bu jinoyatni qurol qo‘llagan holda odam hayoti yoki mol-mulkiga tahdid solish orqali jamoat xavfsizligiga putur yetkazish sifatida tavsiflaydi.

Huquq faollari namoyishchilar uchun o‘lim hukmi chiqarilayotgan sud jarayonlari tegishli huquqiy protseduralarga rioya etilmasdan o‘tkazilayotganini da’vo qilishmoqda.

Dekabr oyida Amnesty International yana 18 nafar namoyishchiga qatl jazosi tahdid qolayotgani haqida xabar bergandi. Ularning 12 nafariga o‘lim hukmi o‘qilgan, qolganlari sud qilinmoqda va ularga o‘lim jazosi belgilangan jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Eron har yili ijro etiladigan qatllar bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi - xabarlarga ko‘ra, bu yilda 2017 yildan buyon ilk bor amalga oshirilgan o‘lim hukmlari holatlari 400 dan oshadi.

Mavzuga oid
Top