Jahon | 18:54 / 19.12.2022
4337
2 daqiqa o‘qiladi

Twitter foydalanuvchilari Maskning bosh direktor lavozimini tark etishi uchun ovoz berishdi

Ayni damda u haqiqatan ham Twitter rahbari lavozimini tark etmoqchimi yoki yo‘qmi ma’lum emas.

Foto: Reuters

Ilon Mask tashabbusi bilan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etgan Twitter foydalanuvchilarining aksariyati uning kompaniya rahbari lavozimidan ketishi uchun ovoz berdi.

So‘rovda jami 17,5 million foydalanuvchi ishtirok etdi. Ularning 57 foizi Maskning iste’fosini yoqladi, 43 foizi qarshi chiqdi.

Mask avvalroq «ushbu so‘rov natijalariga amal qilishga» va’da bergan edi.

Ayni damda u haqiqatan ham Twitter rahbari lavozimini tark etmoqchimi yoki yo‘qmi, agar shunday bo‘lsa, uning o‘rnini kim egallashi ma’lum emas.

«Tilaklaringizga ehtiyot bo‘ling, ular ro‘yobga chiqib qolishi mumkin», — deb yozgan edi u so‘rovnomani boshlab.

The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, Twitter kompaniyasi Mask rahbarlik qilgan 7 haftadan ko‘proq vaqt davomida juda og‘ir davrni o‘tkazgan. Unda ommaviy ishdan bo‘shatish, kontentni moderatsiya qilish siyosatining o‘zgarishi, shuningdek, bir qator yirik kompaniyalar tomonidan mikrobloglar tarmog‘ida reklamaning to‘xtatilishi kabi voqealar kuzatilgan.

Shanba kuni Twitter CNN, The Washington Post, The New York Times va Mashable kabi nashrlarning bir qancha jurnalistlari akkauntini bloklab qo‘ygan edi. Shundan so‘ng, keskin tanqidlarga uchradi, kompaniya esa akkauntlarni tiklashga majbur bo‘ldi.

Yakshanba kuni Twitter «ayrim ijtimoiy tarmoqlarni tekin reklama qilish»ga imkon bermasligini aytdi. Jumladan, profillarda boshqa ijtimoiy tarmoqlarga yo‘naltiradigan havolani taqiqlamoqchi bo‘ldi. Twitter asoschisi va sobiq bosh direktori Jyek Dorsi ushbu rejani tanqid qilib, «Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi», deb yozdi.

Mavzuga oid