Jahon | 08:17 / 01.06.2026
2290
3 daqiqa o‘qiladi

Mask: AQSh armiyasi Starlinkʼni kamikadze dronlarda qo‘llagan

SpaceX rahbari Ilon Mask AQSh harbiylari Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan kamikadze dronlarni boshqarishda foydalanganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu xizmatdan bunday maqsadlarda foydalanish kompaniya qoidalariga zid hisoblanadi.

Foto: US Central Command Public Affairs

Hodisa Reuters agentligi tomonidan SpaceX va Pentagon o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan maqola chop etilganidan so‘ng muhokamalar markaziga chiqdi. Nashrda aytilishicha, SpaceX AQSh harbiylaridan LUCAS turidagi kamikadze dronlar uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasi xizmatlari haqini besh baravar oshirishni talab qilgan. Mask esa bu ma’lumotlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiylari dastlab LUCAS dronlarini boshqarish uchun fuqarolik maqsadida yaratilgan Starlink tarmog‘idan foydalangan. Mask bu amaliyot Starlink foydalanuvchi kelishuviga zid bo‘lganini ta’kidladi. Kompaniya harbiy ehtiyojlar uchun alohida Starshield tizimini taklif etadi. Bu tarmoq kam sonli mijozlarga xizmat ko‘rsatgani uchun uning xizmat haqi ancha yuqori hisoblanadi.

Maskning aytishicha, Starlinkʼdan vaqtincha foydalanish uchun mas’uliyat dronlarni ishlab chiqaruvchi pudratchi kompaniya zimmasida bo‘lgan. Pentagon esa dastlab arzonroq Starlink xizmatidan foydalanishni ma’qul ko‘rgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir dron uchun Starlink xizmati oyiga 5 ming dollar, Starshield xizmati esa 25 ming dollarga tushadi.

Shu bilan birga, Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh harbiylari va SpaceX o‘rtasida Eronga qarshi operatsiyalar vaqtida ham sun’iy yo‘ldosh aloqasi xizmatlari narxi bo‘yicha kelishmovchiliklar kuzatilgan. Nashrning yozishicha, Pentagon keyinchalik yana minglab Starshield obunalarini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Pentagon vakili Shon Parnell Reuters maqolasini tanqid qilib, SpaceX AQSh Mudofaa vazirligining muhim va ishonchli hamkori bo‘lib qolayotganini bildirdi. U maqoladagi qator iddaolar voqelikka mos kelmasligini ta’kidladi.

Mutaxassislar fikricha, Starlink zamonaviy harbiy operatsiyalarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, hozircha dunyoda ushbu tizimga to‘liq raqobatlasha oladigan muqobil aloqa tarmog‘i mavjud emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid