Fan-texnika | 21:36 / 20.12.2022
61465
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi olinmaydigan akkumulyatorli smartfon va noutbuklarni taqiqlashni rejalashtirmoqda

Yangi qoidada iste’molchilar batareyalarni mustaqil olish va almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi talab qilinishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Yaqinda Yevropa Ittifoqi (YeI) elektron qurilmalar ishlab chiqaruvchilarini universal USB-C ulagichiga o‘tishga majbur qilgan edi, ammo navbatdagi talabni tayyorlamoqda. 

YeI parlamenti va kengashi mobil qurilmalardagi akkumulyatorlarga oid qoidalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuvni qabul qildi. Unga ko‘ra, iste’molchilar har qanday akkumulyator/batareyani olish va mustaqil almashtirish imkoniga ega bo‘lishi shart. Hozirgi davrdagi aksariyat mobil qurilmalarda bunday imkoniyat yo‘q. 

Yangi qoidalar batareyaning ishlab chiqarishdan tortib to utilizatsiya qilishgacha bo‘lgan ishlash davrining barcha bosqichlariga ta’sir qiladi va YeI hududida sotiladigan barcha turdagi batareyalarga taalluqli bo‘ladi. 

Bularga portativ akkumulyatorlar, avtomobil akkumulyatorlari, elektr velosiped va skuterlar kabi yengil avtomobillar uchun akkumulyatorlar, elektr transport vositalari uchun akkumulyatorlar va sanoat akkumulyatorlari kiradi. 

Agar bu qoida kuchga kirsa, texnika ishlab chiqaruvchilarga barcha qurilmalaridagi batareyalarni olib tashlash va almashtirish imkoniyatini joriy qilish uchun 3,5 yil vaqt beriladi. 

Bundan tashqari, iste’molchilar gadjetlarda ishlatiladigan batareyalar haqida batafsil ma’lumotga ham ega bo‘lishadi. Buning uchun ular sig‘imi, quvvati, kimyoviy tarkibi, shuningdek, utilizatsiya qilish usullari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan stikerlar yoki QR kodlar bilan ta’minlanishi shart. 

Elektr transport vositalari, elektr skuterlar va 2 kVt·s yoki undan ortiq quvvatga ega sanoat akkumulyatorlari uchun batareyalar «raqamli akkumulyator pasporti» bilan ta’minlanishi kerak. 

Qayd qilish joizki, mobil qurilmalarni ishlab chiqarish boshlangan dastlabki davrlarda ularning batareyasini almashtirish imkoni bo‘lgan. Ammo keyinchalik, ishlab chiqaruvchilar bundan voz kechishgan edi. 

Mavzuga oid