Mask Twitter'da o‘tkazilgan so‘rov natijasini shubha ostiga oldi
Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi Maskning kompaniyani tark etishi uchun ovoz berganidan so‘ng, tadbirkor botlar muammosi haqida e’lon qildi.
Twitter ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask kompaniya bosh direktori lavozimini tark etishi kerakligi haqidagi so‘rovnomasi natijalarini shubha ostiga qo‘ydi. 20 dekabr, seshanba kuni chop etilgan bir nechta tvitlarida Mask, uning fikricha, botlar ovoz berish jarayoniga xalaqit bergan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.
Mask so‘rovnomani 19 dekabrda boshladi. «Twitter rahbari lavozimini tark etishim kerakmi? Men bu so‘rov natijalariga amal qilaman», deb yozdi tadbirkor. Natijada Maskning ketishini ovoz berganlarning 57,5 foizi qo‘llab-quvvatladi, 42,5 foizi qarshi chiqdi. So‘rovda 17,5 million akkaunt ishtirok etdi.
Mask so‘rov natijalari bilan bog‘liq hech qanday qarorni e’lon qilmadi, ammo bilvosita natijalarga ishonchsizlikni bildirdi. HarrisX so‘rov kompaniyasining so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, ishtirokchilarning 61 foizi Maskni kompaniya boshqaruvida saqlab qolish uchun ovoz bergan. HarrisX akkauntining 1644 nafar obunachisi bor va ularning so‘rovida 429 Twitter foydalanuvchisi ishtirok etgan. «Qiziqarli. Bu bizda hali ham Tvitterda botlar bilan bog‘liq kichik muammo bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi», - deb javob berdi Mask.
Yana bir izohda Mask foydalanuvchining tasdiqlangan ko‘k belgiga ega foydalanuvchilar kompaniya siyosati bilan bog‘liq so‘rovlarda ovoz berishlari kerak, degan fikriga qo‘shildi. «Yaxshi fikr. Tvitter bu o‘zgarishlarni amalga oshiradi», - deb javob berdi Mask taklifga.
Keyinroq Mask Twitter rahbarligiga munosib rahbar topilsa, o‘z lavozimini tark etishini aytdi. «Men bu ishni bajarish uchun rozi bo‘lgan qandaydir ahmoq odamni topishim bilanoq bosh direktor lavozimini tark etaman. Shundan so‘ng men faqat dasturiy ta’minot va server guruhlarini boshqaraman», deb yozgan Mask.
Mavzuga oid
20:07 / 16.12.2024
WSJ: Ilon Mask o‘z kompaniyasi AQSh harbiylari va razvedka topshirig‘i bilan kosmosga nimalar jo‘natayotganini bilmaydi
22:55 / 11.12.2024
Ilon Mask 400 milliard dollardan ortiq boylikka ega dunyodagi birinchi odamga aylandi
17:25 / 03.12.2024
Sud Tesla kompaniyasiga Ilon Maskka 56 mlrd dollar to‘lashni taqiqladi
21:33 / 24.11.2024