O‘zbekiston | 11:03 / 23.12.2022
4902
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya O‘zbekiston bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikni boshlamoqchi

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida gibrid shaklda siyosiy maslahatlashuvlar to‘rtinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligi, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalar dolzarb masalalari muhokama qilindi. Siyosiy-diplomatiya muloqotini kengaytirish, umumiy kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish masalalari muhim o‘rin tutdi. Ikki mamlakat ishbilarmon vakillari o‘rtasida Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashi doirasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Turli sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport qilinadigan tovarlar turini kengaytirish va savdo aylanmasi hajmini oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Britaniya tomoni mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, ilmiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy, kasb-hunar va oliy ta’lim jabhasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini tasdiqlashdi.

Siyosiy maslahatlashuvlar darajasini tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasidagi muloqotga ko‘tarishga kelishib olindi.

 

Mavzuga oid