Jahon | 19:55 / 24.12.2022
23915
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh 45 daraja sovuq «siklon bombasi»ga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Prezident Bayden hammasi jiddiy ekanidan ogohlantirdi.

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar juda sovuq havo oqimi - «siklon bombasi»ga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Sinoptiklarning ogohlantirishicha, ko‘plab hududlarda havo haroratining keskin pasayishi, qorbo‘ron bilan kuchli arktik shamol esib, 5-10 daqiqada muzlab qolish ehtimoli bor.

Ba’zi shtatlarda allaqachon g‘ayrioddiy qattiq sovuqlar qayd etilgan. Yaqin kunlardagi ob-havo sharoiti rekordlarni yangilaydi, deb xabar bermoqda BBC AQSh Milliy ob-havo byurosiga tayanib.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba oqshomiga qadar 48 shtatda 200 millionga yaqin aholini (AQSh aholisining deyarli uchdan ikki qismi) qamrab olgan hududda noqulay ob-havo haqida ogohlantirishlar e’lon qilingan.

Kuchli qor yog‘ishi 5 mingdan ortiq aviareyslarning bekor qilinishiga olib keldi. Shuningdek, siklon oqibatida allaqachon elektr ta’minotida jiddiy uzilishlar sodir bo‘lgan.

PowerOutage ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli 1,5 million kishi elektr energiyasi ta’minotidan mahrum bo‘lgan, bunda eng ko‘p zararni sharqiy shtatlar ko‘rgan. Shimoliy Karolina aholisi eng ko‘p uzilishlarni boshdan kechirmoqda. U yerda 175 ming kishi elektrsiz qolgan, ikkinchi o‘rinda Virjiniya (152 ming).

Tennessi shtatining Memfis shahri meri yomon ob-havo jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotganini aytib, favqulodda holat e’lon qildi. Bu yerda ham qattiq sovuq va elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Shtat poytaxti Neshvilda BBC muxbiri uysizlarga yordam beruvchi xayriya tashkiloti rahbari bilan suhbatlashdi, uning aytishicha, shahar hech qachon bunchalik sovuq bo‘lmagan.

Bo‘ronning eng kuchli ta’siri Qo‘shma Shtatlarning markaziy va shimoli-sharqiy qismlariga tushishi kerak, ammo sovuqlar hatto janubiy Texas shtatiga ham yetib borgan. Xayriya tashkilotlari u yerda Meksikadan kelgan, ammo boshpanasiz qolgan migrantlarga yordam berishga harakat qilmoqda.

Sovuq havo seshanba kuni mamlakat shimoli-g‘arbiga keldi, keyin esa sharqqa ko‘chdi. Sinoptiklar bo‘ron «siklon-bomba»ga aylanishini kutishmoqda - bu tabiat hodisasi o‘rta kengliklarda, kun davomida siklon keskin kuchayib, atmosfera bosimi tez pasayganda kuzatiladi.

Tsiklon kuchli qor bo‘ronlarini keltirib chiqaradi, ayniqsa mamlakatning sharqiy qismida, qor qalinligi soatiga 1,25 sm ga yetishi mumkin.

«Bu bolalikdagi qorli kunga o‘xshamaydi, bu jiddiy», dedi payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden aholini ogohlantirib.

Sinoptiklarning ta’kidlashicha, yaqinlashib kelayotgan yangi yil arafasi mamlakatda so‘nggi o‘ttiz yillikdagi eng sovuq kunlar bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid