Davlat departamentida Putin urushni urush deb ataganiga e’tibor qaratishdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 22 dekabr kuni Ukrainada davom etayotgan urushni mamlakatda qabul qilinganidek «maxsus harbiy amaliyot» emas, urush deb atadi. AQSh davlat departamentida bunga e’tibor qaratishdi.
«24 fevraldan buyon butun dunyo Putinning «maxsus harbiy amaliyoti» hech qanaqa amaliyot emas, Ukrainaga qarshi urush ekanini bilib bo‘ldi. Nihoyat 300 kun o‘tib Putin voqealarni o‘z nomi bilan atay boshladi», deb Davlat departamenti vakilining so‘zlarini keltirgan Frans press.
«Haqiqatni tan olishning endigi qadami sifatida Putinni urushni tugatish va Ukrainadan qo‘shinlarni olib chiqishga chaqiramiz», degan departament vakili.
Ma’lumot uchun, Rossiyada urushni urush deb atash uchun javobgarlik joriy etilgan. Mamlakatda Ukrainada davom etayotgan bosqinni «maxsus harbiy amaliyot» deb atash qabul qilingan.
Putin nima dedi?
«Hammasi 2014 yilgi davlat to‘ntarishidan boshlandi. Maydanda bo‘g‘irsoq tarqatilgan o‘sha ishlarni ham AQSh qo‘zg‘agandi, bu haqda ko‘p gapirganman. Bizning maqsadimiz bu harbiy mojaroni cho‘zish emas, urushni tugatish. Biz shunga intilyapmiz va intilishda davom etamiz», dedi Putin 22 dekabr kuni Kreml pulidagi jurnalistlar bilan uchrashuvda.
2014 yil Yevropa bilan integratsiyalashuv shiori bilan Ukraina prezidenti bo‘lgan Viktor Yanukovich o‘z xalqiga bergan va’dasini bajarmadi-da, Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvni imzolamay, o‘rniga Rossiyadan katta miqdorda kredit olishga kelishgandi. Oqibatda ukrainaliklar Yanukovichning saroyiga bostirib kirib, uni ag‘darishdi. Yanukovich esa Rossiyaga qochdi va hamon Rostovda yashab kelmoqda.
O‘sha davlat to‘ntarishidan keyin Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini egallab, o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Keyinroq esa Donbassning katta qismida o‘z nazoratini o‘rnatib, 2022 yil 24 fevralda boshlangan urush davomida Ukrainaning Donetsk va Luhansk viloyatlarini egallab oldi.
Putin urushni «maxsus harbiy amaliyot» emas, urush deb ataganiga uning Rossiyadagi tanqidchilari ham e’tibor qaratishdi. Ammo ularning aytishicha, Putin avval ham «Urush 2014 yilda boshlangandi» qabilida gapirgan. Kreml propagandasi esa 24 fevralda urush boshlangach «Rossiya urushni boshlamadi, uni tugatadi» mazmunidagi g‘oyani targ‘ib qilib keladi.
Mavzuga oid
17:29
Bloomberg: Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish rejasini tayyorladi
14:30
Peskov: Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat bo‘yicha hozircha tayyorgarlik yo‘q
13:15
Shols: Putinning Ukrainadagi urush haqidagi qarashlari o‘zgarmadi
22:03 / 15.11.2024