O‘zbekiston | 13:32 / 29.12.2022
7827
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatiga biriktirilgan Kegeylida yangi korxona ishga tushdi

Andijonliklar Kegeyli tumanida yangi yirik korxonani ishga tushirishdi. Ayni vaqtda ko‘mir yoqilg‘isi va 300 xonadonni ta’mirlash uchun qurilish materiallari ortilgan "Andijon karvoni" Qoraqalpog‘istonga yo‘l olgan.

Foto: KUN.UZ

Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda qo‘llab-quvvatlash uchun prezident tashabbusi bilan Andijon viloyatiga biriktirilgan Kegeyli tumanida 500 ish o‘rinli “Aqtuba textile group” korxonasi ishga tushirildi.

Ochilish marosimiga yetib kelgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi hamrohligida qardoshlarga Andijon ahli salomlarini va tabriklarini izhor qildi.

Ishga tushirilgan korxona 1 gektar maydonga joylashgan, loyiha qiymati 3,5 million dollarni tashkil etadi. Loyiha yordamida 500 kishi ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, korxonaning yillik quvvati 3,6 million dona mahsulotga teng bo‘lib, 4 million dollar atrofida eksport qiladi.

Bundan tashqari, prezident nomidan tumandagi 300 ta ehtiyojmand oila va imkoniyati cheklanganlar xonadonlariga qish mavsumida oila ro‘zg‘ori uchun yetarli darajada bo‘lgan, barcha turdagi mahsulotlar, 20 nafar nogironga aravachalar yetkazildi. Shuningdek, “Iyshan qal’a” OFY uchun qurib bitkazilgan bino foydalanishga topshirildi. 

Hozirda ko‘mir yoqilg‘isi va yana 300 ta xonadonni ta’mirlashni maqsad qilgan holda, qurilish materiallari ortilgan “Andijon karvoni” Qoraqalpog‘istonga yo‘l olgan.

Mavzuga oid