Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talabalar uchun ta’til uzaytirildi, olingan chiptalar nima bo‘ladi?
Qishki ta’til uzaytirilishi tufayli, 9 yanvargacha xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib berilishi, qo‘shimcha joylar (reyslar) ajratilishi aytildi. Ammo Uzbekistan Airways bu ma’lumotni hali tasdiqlamadi.
Keyingi hafta O‘zbekistonda anomal sovuq bo‘lishi kutilayotgani uchun barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, xususan, oliygohlarda ta’lim oluvchilar uchun ta’til kunlari uzaytirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining xabar qilishicha, oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 18 yanvargacha uzaytirildi.
Qayd etilishicha, darslar shu kundan boshlanadi, bu davrda ta’lim tashkilotlari pedagog va boshqa xodimlarining amaldagi ish haqi saqlab qolinib, belgilangan darslar o‘quv yili davomida tig‘izlashtirib o‘qitiladi.
Shuningdek, avval sotib olingan yo‘l chiptalari bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
“Talaba-o‘quvchilarning o‘z ta’lim muassasasiga qaytishiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temiryo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 18 yanvargacha uzaytirildi. 9 yanvargacha xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.
Bundan tashqari, ta’til uzaytirilishi munosabati bilan avia hamda temiryo‘llarda qo‘shimcha joylar (reyslar) ajratiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, chegirma asosida xarid qilingan chiptalar temir yo‘l chiptaxonalarida, elektron tarzda xarid qilingan chiptalarni chipta.railway.uz saytida qaytarish mumkin. Chipta puli 100 foiz qiymatda qaytariladi.
Shuningdek, elektron tarzda olingan chiptalarni saytdagi "Chiptalarni qaytarish" bo‘limi orqali qaytarish mumkin. Bunda chipta puli 24 soat ichida plastik kartaga qaytariladi.
Oflayn olingan chiptalarni esa chiptaxonalarga murojaat qilib, to‘langan summani to‘liq olish yoki boshqa sanadagi poyezdga chiptani almashtirish mumkin.
“Uzbekistan Airways” Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabarini hali tasdiqlagani yo‘q. Aviakompaniya matbuot kotibi Kamola Ikromovaning aytishicha, chiptalarning bepul almashtirib berilishi hali aniq emas.
“Hali aniq javob yo‘q, hozir rahbariyat javobini kutyapmiz. Bu masala ertagacha (6 dekabr) hal bo‘lib qoladi. 2 ta variant qilinishi kutilmoqda: yoki chiptalar o‘tgan yilgidek bepul almashtirib beriladi yoki kichkina jarimasi bilan band qilinadi. Talabalar chiptalarni hozirgi reyslar uchun olgan, agar keyingi reyslarda joy bo‘lmasa, bu ham bir muammo bo‘lib qolishi mumkin. Ozgina vaqt berilsa, shuni aniqlashtirib olamiz. Chunki rahbariyat qaysi shaklini tasdiqlashi aniq emas”, – dedi u.
Mavzuga oid
20:15 / 25.02.2026
Prezident sanoat korxonalari quvvatini oshirib, 2 mingta yuk vagoni ishlab chiqarishni buyurdi
11:35 / 11.02.2026
Toshkentga uchgan samolyotlar Samarqand va Bishkekka qo‘nishga majbur bo‘ldi
15:10 / 03.02.2026
UzAirways yo‘lovchilari reysga kechikkanda, qaytish chiptasi bekor qilinmaydigan bo‘ldi
08:40 / 03.02.2026