Jahon | 10:53 / 05.01.2023
6248
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy maxsus xizmatlar Germaniya elektr tarmoqlarini kuzatyapti - OAV

Ukrainadagi urush fonida Germaniyaning asosiy infratuzilma obektlari to‘g‘risida ochiq ma’lumotlar hajmini kamaytirish kerak, deb hisoblaydi mamlakat Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi.

Foto: AP

Xorijiy razvedka xizmatlari va boshqa diversiya guruhlari Germaniyaning raqamli, elektr va gaz tarmoqlari haqida ma’lumot olish uchun internetda tizimli ravishda qidiruv ishlari olib boryapti. Bu haqda 5 yanvar, payshanba kuni Süddeutsche Zeitung gazetasi Konstitutsiyani himoya qilish bo‘yicha federal idora (BfV) tomonidan ishlab chiqilgan «Iqtisodiyot xavfsizligi» yo‘riqnomasiga tayanib xabar berdi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, internetda erkin mavjud bo‘lgan nashrlar ko‘pincha juda batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Bu dastlab bo‘limlar yoki iqtisodiy bozor ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan taqdimot materiallariga ham, obektlar yoki marshrutlarning joylashishini ko‘rsatadigan xaritalar yoki diagrammalarga ham tegishli. Boshqa narsalar qatorida, aksilrazvedka faoliyati bilan shug‘ullanuvchi BfV hukumatga, sanoat birlashmalariga va korxonalarga hujumlarning ehtimoliy maqsadlari va ular zaif tomonlarini ko‘rsatmaslik uchun bunday ma’lumotlar, xaritalar va qurilish rejalarining internetda e’lon qilinishi hajmini kamaytirishni tavsiya etyapti.

Bundan tashqari, nemis kompaniyalari favqulodda vaziyatlar bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalarni internetda joylashtirmoqda, bu esa dushman razvedka agentliklari va terroristik guruhlarga hujumdan so‘ng «signalizatsiya jarayonlarini to‘xtatish yoki hech bo‘lmaganda buzish» imkoniyatini beradi, deyiladi federal agentlik xabarida. Ukrainadagi urush va boshqa yangi tahdidlar munosabati bilan Germaniya qonunchiligida mustahkamlangan shaffoflik nuqtayi nazaridan korxonalarning majburiyatlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur. Shu tariqa, deyarli uchdan bir qismi davlatga tegishli bo‘lgan Deutsche Telekom telekommunikatsiya konserni Germaniyaning o‘ziga xos «raqamli xaritasi» - «Infratuzilma atlasi»ni tuzish uchun undan talab qilinadigan ma’lumotlarning bir qismini taqdim etishni to‘xtatmoqchi.

Oktabr oyida diversiya natijasida Germaniya shimolida temiryo‘l harakati bir necha soatga deyarli butunlay falaj bo‘lib holatga kelib qolgandi. Deutsche Bahn konserni va Germaniya Transport vazirligi oddiy texnik nosozlik ehtimolini istisno qildi. Bundestagning Yevropa ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Anton Xofreyter infratuzilmaga yetkazilgan zarar ortida Rossiya turgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

«Biz bilamizki, kabellar Germaniyaning ikki xil joyidan ataylab uzilgan. Bu ataylab qilingan va ma’nosiz harakat ekani aniq», - dedi o‘sha paytda transport vaziri Folker Vissing.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi ichki xavfsizlikda ham burilish nuqtasi bo‘ldi. Biz bunga tayyorlanyapmiz. O‘ta muhim infratuzilmamizni himoya qilish eng muhim vazifadir», - dedi oktabr oyida Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer.

Mavzuga oid