O‘zbekiston | 19:04 / 06.01.2023
22887
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda ikki yoshli qizaloq noto‘g‘ri emlangani sabab falaj bo‘lib qolgani aytilmoqda

Ko‘kdala tumanida ikki yoshli qizaloq shamollagan bo‘lsa-da hududiy poliklinikada emlangani, bir muddat o‘tib unda falajlanish kuzatilgani haqida xabar berildi.

Foto: KUN.UZ

Qizaloqning otasi Sirojiddin Razzoqov Kun.uz bilan suhbatda farzandi emlangunga qadar jismoniy rivojlanishi tengdoshlari qatori bo‘lgani, jiddiy kasallikka chalinmaganini aytmoqda.

“2022 yilning 22 noyabr kuni qizim Samira Furqatovani onam yashash hududimizdagi poliklinikaga olib borgan. Unda biroz shamollash bo‘lgani sababli onam em dori salbiy ta’sir qilmaydimi, deb shifokorlardan so‘ragan. Ular bolaga hech qanday zarari yo‘qligini aytib, emlab yuborishgan.

Chopqillab yurgan qizim uyga kelganidan so‘ng bir necha kun davomida issig‘i tushmadi. Biz shamollash bo‘lsa kerak, deb Chiroqchi tumani, Samarqand shahridagi tibbiyot muassasalarida davolatdik. Biroq ahvoli o‘nglanmadi. Shundan so‘ng Toshkent shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazida davolandi. U yerda qizimga Giyena-Barre sindromi tashxisi qo‘yildi.

Ushbu xastalikda insonning immun tizimi periferik asab tizimiga hujum qilib, mushaklar zaiflashuviga, oyoq yoki qo‘llarda sezuvchanlik yo‘qolishiga sabab bo‘larkan. Qizimda hozir aynan shunday jarayon ketyapti. Ko‘plab shifokorlarga murojaat qilib, kasallik haqida surishtirdik. Qizim noto‘g‘ri emlangani uchun ushbu kasallik yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini aytishyapti. Aynan emlanganidan keyin qizimning issig‘i tushmagani sababli bir necha marta hududiy poliklinikaga, Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qildik. Ammo hech qanday javob bo‘lmadi. Sog‘lom yurgan farzandimiz emlanganidan so‘ng ikki oy ichida yurolmay qoldi”, – deydi Sirojiddin Razzoqov.

Samira Furqatova davolanishi uchun shu paytgacha 30 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Oila mol-qo‘ylarini sotishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

Biz Ko‘kdala tuman tibbiyot birlashmasidan holat bo‘yicha izoh so‘radik. Birlashma Samira Furqatova hozirgi vaqtda Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanib kelayotgani, uning holati ijobiy tomonga o‘zgarayotganini ma’lum qilgan.

“Bemorda kuzatilgan bu kasallik emlash asorati emas, balki emlash yashirin holdagi kasallik rivojlanishiga sabab bo‘lgan”, – demoqda Ko‘kdala tuman tibbiyot birlashmasi.

Bola shamollagan paytda uni qizamiqqa qarshi emlash mumkinmi, degan savol javobsiz qoldirildi.

Ko‘kdala tuman hokimligi axborot xizmati ushbu oilaning ijtimoiy holati borib o‘rganilgani va hokimlik tomonidan zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.

Hududiy poliklinika shifokorlari qanchalik qonunga muvofiq harakat qilgani, qizaloqning hozirgi holatiga shamollagan paytda emlangani qay darajada ta’sir o‘tkazgani yuzasidan sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Qizaloqning yaqinlari hozircha ikki tashkilot ham murojaatga hech qanday javob qaytarmaganidan norozi bo‘lmoqda.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid