Jahon | 12:55 / 09.01.2023
4828
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya «reyxsbyurgerlar» guruhi fosh etilganidan so‘ng qurol to‘g‘risidagi qonunni kuchaytirmoqchi

Kelajakda o‘qli to‘pponcha va arbaletlar faqat qurol olib yurish litsenziyasi bilan sotiladi, deb yozadi Süddeutsche Zeitung Germaniya IIV qonun loyihasiga tayanib.

Foto: Getty Images

Yangi yil arafasidagi tartibsizliklar va «reyxsbyurgerlar» guruhining Germaniyada hokimiyatni egallab olish rejasi politsiya tomonidan fosh qilinganidan so‘ng, Federal ichki ishlar vaziri Nensi Fezer mamlakatda qurolga oid qonunlarni kuchaytirmoqchi. Süddeutsche Zeitung gazetasining 8 yanvar, yakshanba kungi xabariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligining qonun loyihasi, xususan, jismoniy shaxslar uchun o‘ta xavfli yarim avtomatik qurollarga ega bo‘lishni taqiqlashni nazarda tutadi. 

Kelajakda Germaniyaning mavjudligini tan olmaydigan o‘ng qanot harakati a’zolari orasida mashhur bo‘lgan o‘qli to‘pponcha va arbaletlar faqat qurol olib yurish litsenziyasi bilan sotuvga chiqariladi, deb yozadi gazeta 48 sahifalik hujjatga tayanib. 

Fezer yangi yil arafasidagi tartibsizliklar oldidan ham qurolga oid qonunlarni kuchaytirishga chaqirgandi. 1 yanvarga o‘tar kechasi Germaniyaning qator shaharlarida politsiya va o‘t o‘chiruvchilarga, jumladan, petarda va raketalardan foydalangan holda hujum uyushtirildi. Ular Berlinning ba’zi hududlarida ayniqsa shafqatsiz tus oldi. 

Biroq, 7 dekabr kuni 25 nafar «reyxsbyurger» hibsga olinganidan so‘ng, qurol qonuni bo‘yicha bahslarga yangi turtki berildi. Hibsga olinganlarning aksariyati Federal prokuratura tomonidan siyosiy tuzumni ag‘darmoqchi bo‘lgan terror tashkilotiga aloqadorlikda ayblanmoqda. 

Mavzuga oid