«Dok-1 Maks» siropidan zaharlanib vafot etgan bolalar voqeasi ko‘pchilikni qayg‘uga solishi bilan birga xulosa chiqarishga ham sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, shu sabab bilan tibbiyot tizimida biror narsa o‘zgaradimi-yo‘qmi, bu so‘roq ostida. Lekin hamma o‘zi uchun ehtiyotkor bo‘lib, kichik yoshli bolasiga vrach retseptisiz dori ichirmasliklari, bola parvarishida har bir narsaga ehtiyotkor bo‘lishlari kerakligi haqida og‘riqli eslatma bo‘ldi.

Ayni mana shu voqea fonida xorijdagi onalarning chet el vrachlari bilan munosabatlari, ularning bola parvarishidagi tajribalari haqida intervyu qildik. Bu suhbat orqali turli rivojlangan davlatlarning bolalar tibbiyoti haqida qisman tasavvur olish mumkin.

“Kanadada antibiotik, shpritslar hammaga sotilmaydi”

Sevara Yo‘ldosheva, Kanadada yashaydi:

Kanadada ayol 8-12 hafta homiladorlik vaqti maxsus tashkil etilgan doya markaziga borib nazoratga turadi. Agar ayol sog‘lom bo‘lsa, to tug‘uruqqacha 2 marta ultratovush tekshiruvidan o‘tkazadi. Unga biriktirilgan doya tug‘uruqni ham o‘zi amalga oshiradi va ona-bolani 3 oygacha o‘zi nazorat qilib turadi. 3 oydan so‘ng ona va bolani oilaviy vrach nazoratga oladi. Bu jarayonlarda hamma xarajatlarni davlat qoplab beradi.

O‘zbekiston bilan Kanada o‘rtasida asosiy sezgan farqim – O‘zbekistonda bolalarga antibiotik yozib berishida. Bundan juda xafa bo‘laman, antibiotik zararli. Kanadada bolalarga antibiotik buyurilmaydi. Dorixonalarda antibiotiklar, shpritslar sotilmaydi. Faqatgina shifokor retsept qilib yozib bersa va retseptda vrachning ID-ma’lumotlari to‘liq bo‘lsagina sotiladi.

Kanadada bola parvarishida eng birinchi navbatda gigiyena, to‘g‘ri ovqatlanish va ota-ona munosabatlariga e’tibor beriladi.

O‘zbekistonda ham birinchi navbatda dorilar retsepsiz sotilishi to‘xtatilishini, antibiotiklar iste’moli kamaytirilishini xohlardim. Onalarga esa bolasiga beradigan har bir dori tarkibi bilan yaxshilab tanishib chiqishlarini tavsiya qilaman.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ham tibbiyot xodimlarini tayyorlashga katta e’tibor qaratish kerak. Kanadada shifokor bo‘lish juda qiyin. Yoshlar vrach bo‘lish uchun juda qattiq o‘qishadi. O‘zbekistonda ham vrachlarni o‘qitishni takomillashtirish bilan birga maoshlarini ham ko‘tarish kerak. Agar shifokor yaxshi oylik maosh olsa, qanaqadir firmalar bilan kelishib, dori sotish haqida o‘ylamaydi.