9 yanvar kuni internetda Toshkent shahridagi «Tez yordam» mashinalari haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima qog‘ozlari kelayotgani sabab videomurojaat qilgan video tarqaldi.

Videomurojaatda haydovchilar chaqiruv bo‘yicha harakatlangan vaqtida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar, xususan, tezlikni oshirish, «polosa»ni bosish, qizil chiroqda o‘tib ketganlik uchun jarima qog‘ozlari kelayotganidan shikoyat qilishgan.

«Jarimalar yuqori, bizda ularni to‘lash imkoniyati yo‘q, maoshimiz yetmaydi. Bu jarimalar Chilonzor tumanida bir kun ichida qayd etilgan. Bu bizning imkoniyatlarimizni cheklaydi. Polosalarni bosish, svetofor, tezlik, „Stop“ belgisi», — deya sanaydi kadr ortidagi ovoz.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu videomurojaat batafsil o‘rganilayotgani, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining bu masaladagi qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam avtomobillariga tezlikni o‘lchovchi maxsus avtomatlashtirilgan, onlayn rejimda ishlovchi kameralar orqali qayd etilib, jarima belgilanayotganligi va ular bekor qilinmayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17 prim 1-moddasi beshinchi xatboshisiga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi. So‘ng mazkur ma’muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.

Mazkur hujjatning 271-moddasi birinchi xatboshisining to‘rtinchi kichik bandiga ko‘ra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan», deyiladi bayonotda.

Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, harakatlanish xavfsizligini ta’minlash sharti bilan yo‘l harakati qoidalarining 7-bob (svetofor va tartibga soluvchining ishoralari), 9-16 (Harakatlanishni boshlash, Yo‘nalishlarni o‘zgartirish, Yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining joylashuvi, Harakatlanish tezligi, Quvib o‘tish, To‘xtash va to‘xtab turish, Chorrahada harakatlanish, Tartibga solingan chorrahalar, Tartibga solinmagan chorrahalar), 19-20 (Avtomagistrallarda harakatlanish, Turar joy dahalarida harakatlanish) va 22-boblari (Yo‘nalishli transport vositalarining imtiyozlari), 1 (Yo‘l belgilari) va 2-ilovalari (Yotiq chiziqlar) talablaridan chetga chiqishlari mumkinligi qayd etilgan.