Armaniston o‘z hududida KXShT mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortdi
Nikol Pashinyan Turkiya-Ozarboyjon tandemi mashqlarni tahdid deb hisoblashi mumkinligi, bu Armaniston xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishini aytdi.
Armaniston 2023 yilda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) o‘quv mashg‘ulotlarini mamlakatda o‘tkazishni nomaqbul deb hisoblaydi, deb ma’lum qildi 10 yanvar, seshanba kuni bosh vazir Nikol Pashinyan.
«Armaniston mudofaa vaziri KXShT Birlashgan shtabiga ma’lum qildiki, biz hozirgi vaziyatda Armaniston hududida KXShT o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishni nomaqbul deb hisoblaymiz. Bu yil Armanistonda bunday mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydi», — deya Pashinyan so‘zlaridan iqtibos keltirgan "Interfaks".
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, KXShTning Armanistondagi ehtimoliy mashg‘ulotlari mintaqada xavf tug‘dirishi mumkin. «Biz mashg‘ulotlarni nomaqbul deb hisobladik, chunki ular Turkiya-Ozarboyjon tandemiga xavf tug‘diradi. Kelishadi, mashg‘ulotlar o‘tkazishadi, keyin esa biz bu tahdid bilan yolg‘iz qolamiz», - dedi Pashinyan Armaniston aynan shu sababdan KXShTdan mintaqadagi mas’uliyat sohasini aniqlashtirishni talab qilayotganini ta’kidladi.
«Bu Armaniston bosh vazirining ancha yangi bayonoti, menimcha, KXShTdagi hamkasblar aloqada bo‘ladilar, ular Armaniston pozitsiyasi tafsilotlariga oydinlik kiritadilar. Nima bo‘lganda ham, Armaniston bizning juda yaqin ittifoqchimiz, biz muloqotni, jumladan, hozir juda murakkab bo‘lgan masalalar bo‘yicha davom ettiramiz», - deya izoh berdi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Pashinyanning so‘zlariga. KXShTning «Buzilmas birodarlik-2023» mashg‘ulotlari Armaniston hududida bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pincha G‘arb davlatlari bilan aloqalar chog‘ida Ozarboyjon «o‘zining harakatlarini Armaniston va Rossiya Ozarboyjonga qarshi qo‘shma tajovuzkor harakatlar tayyorlamoqda, degan xavotir bilan oqlaydi». Bu bayonotlarga qaramay, Ukrainadagi urush fonida ushbu tezis G‘arb tomonidan qiziqishga sabab bo‘lyapti, deb ma’lum qildi Pashinyan.
«Biz rossiyalik hamkasblarimizning e’tiborini shu faktga qaratamiz, ular sukut saqlayotgan sharoitda Rossiyaning Armanistonda harbiy jihatdan bo‘lishi nafaqat respublika xavfsizligini kafolatlamaydi, balki aksincha – Armaniston xavfsizligiga tahdidlarni keltirib chiqaradi», - dedi bosh vazir.
Noyabr oyida Armaniston bosh vaziri KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi deklaratsiyasini va Yerevanga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar loyihasini imzolashdan bosh tortgan edi. U bu qarorini tashkilot tomonidan «Ozarboyjonning Armaniston hududiy yaxlitligiga qarshi tajovuziga siyosiy baho bermagani» bilan izohladi.
Yerevanning da’vo qilishicha, ikki davlat chegarasida Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroning keskinlashuvi natijasida Ozarboyjon 140 kvadrat kilometrga yaqin Armaniston hududini egallab olgan. 2022 yil sentabrida Armaniston yordam so‘rab KXShTga murojaat qildi. Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida «mavjud vaziyatni baholash» uchun Armanistonga missiya yuborishga qaror qilindi.
Shundan so‘ng Yerevan markazida miting bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar Armanistonning KXShTdan chiqishi va boshqa ittifoqchilar bilan muzokaralar boshlanishini talab qilishdi. Dekabr oyi boshida Pashinyan «Ozarboyjon qo‘shinlarining mamlakatga kirishi munosabati bilan» KXShT respublikaga qanday aniq yordam taklif qilgani haligacha tushunarsiz ekanini aytdi.
Mavzuga oid
15:50 / 04.11.2024
KXShT bosh kotibi: Dunyoda kuchayib borayotgan chaqiriq va tahdidlarga davlatlar yakka o‘zi tura olmaydi
15:00 / 19.10.2024
Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
21:12 / 17.10.2024
O‘zbekiston hech qanday harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi - Akmal Saidov
10:10 / 09.10.2024