So‘nggi 20 yilda qish chillasi qanday bo‘lgan?
Qahraton nimaligini unutib ulgurgan o‘zbekistonliklar bu yil haqiqiy qish chillasiga guvoh bo‘lmoqda. Yillarki, qish oylarida asosan iliq harorat hukm surib kelayotgandi. So‘nggi bor qachon qordan zavqlanganini ham ko‘pchilik eslolmasa kerak. Kun.uz oxirgi 20 yilda eng iliq va eng sovuq kelgan mavsumlarni tahlil qildi.
O‘zbekistonda davom etayotgan qorli-qirovli kunlarda hududlardagi haroratlar o‘rtasidagi farq 7-10 darajani tashkil qilyapti. Shu sababdan tahlilimizni bitta hudud – Toshkent shahri misolida ko‘rib chiqamiz.
Eng iliq qish chillasi. Diagrammadagi ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak (1-surat), O‘zbekiston poytaxtida 2003, 2010 hamda 2016 yillarda yanvar oyining o‘rtacha harorati kunduzi +9, kechasi esa +5 darajada qayd etilib, so‘nggi 20 yildagi eng iliq qish mavsumi bo‘lgan.
Eng yuqori harorat esa 2003 yilda kunduzi +15 (kechasi +11), 2010 yilda kunduzi +18 (kechasi +14), 2016 yilda kunduzi +19 (kechasi +14) darajagacha ko‘tarilgan. Bundan 2016 yil yanvarini eng iliq qish chillasi deyish mumkin. O‘sha yili faqat bir kun 29 yanvar kuni harorat 0 ℃ darajadan tushgan. Qolgan 30 kun ob-havo musbat darajada bo‘lgan.
2016 yildan keyingi yillarda ham 5-7 kunlik manfiy darajali sovuq kunlarni hisobga olmaganda, hatto 2019, 2022 yillarning 1-oyligi davomida harorat 31 kun ham 0 ℃ darajadan yuqori bo‘lgan.
Eng sovuq qish. Grafikdan ko‘rinib turibdiki, eng sovuq haroratlar 2008, 2015 va 2018 yillarda kuzatilgan. Biroq 2015 hamda 2018 yillarning yanvarida manfiy darajali sovuq kunlar 5-6 kungina kuzatilgan bo‘lsa, 2008 yil boshidan boshlangan qorli qish sovug‘i o‘sha yilning fevral oyi o‘rtalariga qadar davom etgan. Hali yakuniga yetmagan bu yilgi qish chillasini hisobga olmaganda, so‘nggi 20 yillikning eng sovuq yanvari hamon 2008 yil hisobida turibdi.
O‘sha yili respublika hududida o‘rtacha harorat 17-22 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 24-26 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va cho‘l hududlarda 30-33 darajagacha pasaygan. Poytaxt Toshkentda esa minimal harorat -17,4 darajani tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 yanvar holatiga ko‘ra, eng quyi harorat Rossiyaning Yoqutiston ulusi, Oymyakon qishlog‘ida (kunduzi -51 ℃, kechasi -59 ℃), eng yuqori harorat esa Namibiyaning janubiy Karas viloyatidagi Betani qishlog‘ida (kunduzi +45 ℃, kechasi +21 ℃) kuzatilmoqda.
Sardorbek Usmoniy, jurnalist