11:56 / 14.01.2023
7096

Litva shimolidagi gaz quvurida portlash yuz berdi

Portlash joyidagi alanga balandligi 50 metrga yetdi, yaqin atrofdagi qishloq aholisi evakuatsiya qilindi. Hodisa sabablariga hozircha oydinlik kiritilmagan.

Foto: Dw

Litvaning Latviya bilan chegaradosh Pasvali tumanida 13 yanvar, juma kuni Litva shimoliga gaz yetkazib berish uchun ham, gazni Latviyaga eksport qilish uchun ham foydalaniladigan gaz quvurida portlash sodir bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash joyidagi alanga balandligi 50 metrga yetgan. Voqea joyidan yarim kilometr uzoqlikda joylashgan yaqin atrofdagi Valakelyay qishlog‘i aholisi evakuatsiya qilindi. Qishloqda 250 ga yaqin aholi istiqomat qiladi, ular ikkita maktabga joylashtirildi.

"Bu joyda tizim parallel ravishda ishlaydigan ikkita gaz quvuridan iborat, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash ulardan birida sodir bo‘lgan. Ikkinchi quvur shikastlanmagan. Portlagan quvur bo‘ylab gaz yetkazib berish darhol to‘xtatildi, Pasvali tumani iste’molchilariga gaz boshqa gaz quvuri orqali yetkazib berilyapti", - deya Litvaning Amber Grid gaz tarmog‘i operatori Delphi nashriga izoh berdi.

Portlash sabablari hozircha aniqlanmagan. Amber Grid rahbari Nemunas Bikniusning aytishicha, dastlabki tekshiruvda diversiya belgilari aniqlanmagan. Kechga yaqin yong‘in o‘chirildi.

Top