O‘zbekiston | 23:38 / 17.01.2023
9040
7 daqiqa o‘qiladi

Yuqori instansiya sudlari bundan buyon ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yubormasdan yakuniy qaror qabul qiladi – prezident farmoni

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 16 yanvar kuni imzolangan farmon bilan yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibi bekor qilindi.

Foto: namangan.uz

“Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida keltirilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida Oliy sud tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Hujjatda quyidagilarni joriy etish nazarda tutilgan:

  • tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;
  • viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
  • viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
  • yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklash.

Farmonda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qat’iy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi ta’kidlangan.

Sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashni kuchaytirish bo‘yicha quyidagi choralar belgilangan:

  • sudga hurmatsizlik qilish holatlarining oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash;
  • sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, sud hujjatlarining ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish;
  • odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka oid har bir jinoyat ishi yakuni bo‘yicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish;
  • sudyaga nisbatan turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kurerlik jo‘natmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga bo‘lgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek, abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotni olishdan iborat tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga faqat Bosh prokurorning sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishini belgilash;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning protsessual xarakterga ega bo‘lmagan, huquqiy tushuntirish berish borasidagi masalalar bo‘yicha murojaatlarini adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.
  • Farmonda sud tizimi oldida turgan dolzarb vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud tuzilmasi mavjud shtat birliklari takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etilib, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
  • odil sudlov sohasida huquq ijodkorligi faoliyatini amalga oshirish;
  • sud faoliyati sohasidagi qonunchilikni hamda odil sudlov muammolarini tizimli tahlil qilish, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni, sud amaliyoti va sud ish yurituvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • odil sudlov samaradorligini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qilish;
  • odil sudlov sohasiga oid xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tizimli va izchil choralar ko‘rish;

fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy qonunchilik, sudlarning mustaqilligini ta’minlash sohasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini o‘rganish, ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Axborot-kommunikatsiya monitoringi – Vaziyatlar markazi tashkil etilib, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • respublika bo‘yicha barcha sudlarda ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq vaziyatni onlayn tahlil qilish, sudlarda aholining murojaatlari bilan ishlash hamda ishlarni ko‘rishda protsessual tartib va muddatlarga rioya etilishini monitoring qilib borish;
  • ishlarni viloyat, tuman (shahar), mahalla kesimida toifalarga ajratgan holda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni tahlil qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, nizolarni bartaraf etishga qaratilgan ma’lumotlarni tayyorlash;
  • sud majlislari o‘z vaqtida o‘tkazilishini, server uskunalari va dasturlarning ishlash holatini doimiy nazorat qilish;

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi tashkil etilib, uning, shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar matbuot xizmatlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirish va ilgari surish;
  • sud faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish;
  • axborot makonining doimiy monitoringini olib borish, sudlar faoliyatiga doir axborotlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini tahlil va prognoz qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan materiallarga, axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirish;
  • sudning rasmiy veb-saytlarida uning faoliyatiga aloqador matnli, foto-, audio- va videomateriallardan iborat ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yangilab borish.

Oliy sud Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasini ishlab chiqib tasdiqlaydi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid