Tajribali siyosatchi, kansler Olaf Sholsning partiyadoshi, 62 yoshli Boris Pistorius Germaniyaning yangi mudofaa vaziri etib tayinlandi. Undan oldingi vazir, Kristina Lambrext boshqa ko‘plab masalalar qatori Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berish masalasidagi qat’iyatsizligi uchun tez-tez tanqid qilingach, iste’foga chiqdi. Taxminlarga ko‘ra, endilikda Pistorius ko‘plab ittifoqchilarning so‘rovini eshitgan holda Germaniyaning Leopard 2 tanklarini Kiyevga yuborish borasida aniq qaror qabul qilishi kerak.
Pistorius 19 yanvar kuni qasamyod qabul qilganidan so‘ng rasman o‘z lavozimiga kirishadi va shu kuni Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan uchrashuv o‘tkazadi.
2021 yil dekabridan beri Germaniya mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelgan Kristina Lambrext 16 yanvar kuni iste’foga chiqdi. U o‘z qadamini Ukrainaga yordam berish bo‘yicha Germaniyaga qilinayotgan bosim ostida to‘g‘ri qaror qabul qila olmasligi bilan izohladi.
Darhaqiqat, Lambrext bir necha oydan beri Ukraina masalasidagi qat’iyatsiz pozitsiyasi va qurolli kuchlar boshqaruvidagi umumiy xatolari uchun faol tanqid qilib kelinayotgandi.
Xususan, uning 2022 yil yanvarida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishidan sal oldin, Kiyevga besh mingta kaska jo‘natgani va buni Berlinning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashiga «aniq ishora» deya aytgani, ko‘pchilikda norozilik uyg‘otgandi. Bu paytda Ukrainaning G‘arbdagi boshqa ittifoqchilari, jumladan, Buyuk Britaniya va AQSh Kiyevga uchuvchi qurollar, xususan, tankka qarshi raketa tizimlarini yuborayotgan edi. Bundan tashqari, Lembrext mudofaa vaziri etib tayinlanganidan keyingi birinchi intervyusida harbiy unvonlar tizimini bilmasligini tan olgandi.
Biroq, Lambrext uchun so‘nggi tomchi uning ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan yangi yil videosi bo‘ldi. Ushbu videoda Lembrext Berlindagi mushakbozliklar fonida turib, urush u uchun «ko‘plab maxsus taassurotlar» va «juda qiziqarli, o‘ziga xos odamlar bilan ko‘pdan ko‘p uchrashuvlar» taqdim etganini aytadi. Ko‘pchilik Ukrainadagi urushga nisbatan bunday yondashuvni mutlaq noo‘rin deb hisobladi.
Matbuot, shuningdek, Lambrextning Germaniya qurolli kuchlarining texnik ta’minotini yaxshilay olmaganini ham esladi. Bu so‘nggi yillarda mamlakatning o‘zida ham, NATO ittifoqchilari orasida ham juda ko‘p tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda Lambrextga nisbatan bosim ham kuchaydi, chunki ittifoqchilar Germaniyaning Leopard 2 tanklarini Kiyevga yetkazib berish uchun Berlinning roziligini kutmoqda. Yevropaning bir qator davlatlari, jumladan Polsha va Finlandiya Ukrainaga ushbu tanklarni berishga tayyorligini bildirgan, biroq Berlin hozirgacha bunga ruxsat berishdan bosh tortib kelmoqda. Kanada ham «tank ittifoqi»ga qo‘shilishi mumkinligini istisno etmayapti, biroq nemis hukumatining ruxsatisiz bunday qadamni ko‘rib chiqmoqchi emas.


















