O‘zbekiston | 19:41 / 21.01.2023
29492
3 daqiqa o‘qiladi

“Yechim dori reklamasini to‘liq taqiqlash va sug‘urtali tibbiyotda” – ekspertlar bilan farmatsevtika muammolari haqida suhbat

Shu kunlarda ob-havo keskin sovib ketib, barchaning e’tibori uyni qanday isitish-u, jonni qanday omon saqlab qolish haqidagi xayollar bilan band bo‘lib qoldi.

Afsuski, bu xayollar jamoatchilik e’tiborini sovuq tushishidan avvalroq ro‘y bergan katta fojia – Hindistonning «Marion Biotech Pvt. Ltd» kompaniyasiga tegishli «Dok-1 Maks» siropidan kamida 21 nafar o‘zbekistonlik bolaning vafot etishi voqealaridan chalg‘itayotgandek.

Ammo, bir narsani esdan chiqarmaylik. O‘zbekistonda dori vositalari bilan bog‘liq fojia bu bilan tugamaydi. Chunki dori-darmon sohasi mamlakatda botqoqqa shunchalik botib ketganki, u bugun jiddiy tozalash, islohotlarsiz o‘nglanmaydi. Busiz o‘limlar to‘xtamaydi.

Kun.uz muxbiri farmatsevtika sohasi, uning bugungi muammolari, ularni yuzaga keltirgan sabablar va yechimlar haqida intervyu o‘tkazdi.

Intervyu mehmonlari tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev, biologiya fanlari doktori, professor, farmakolog Rustam To‘laganov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov bo‘ldi.

— Bir doridan 21 nafar bola vafot etgani fojiasi. Zarifboy aka, Rustam aka, ish doirasida hozir tergov ketyapti. Lekin shu bilan birga sizlar soha ichidagi kishi sifatida bu masalani qanday tahlil qildingiz, nimalarni o‘rgandingiz? U qanday sodir bo‘ldi?

Zarifboy Ibodullayev:

— Avvalambor, vafot etgan go‘daklarning ota-onalariga ta’ziyamni bildiraman. Bilishimcha, tovon puli to‘lash masalasi ham ko‘rib chiqilyapti ekan. Bu ish qilinsa yaxshi va buni Hindiston tomonga yuklasa, to‘g‘ri bo‘lardi.

O‘zim va kasbdoshlarimning fikricha, dorining mana shu «partiya»siga ko‘p miqdorda etilenglikol tushib qolgan. Negaki, bu dori avval ham qabul qilib kelingan, lekin bunday holat bo‘lmagan. Yana bir savol tug‘iladi bu yerda: balki, oldin ham aynan shu doridan vafot etganlar bo‘lgandir, e’tibor berilmagandir. Chunki epizodik tipdagi o‘limlar e’tibordan chetda qoladi doim. Ammo tergov ishlari olib borilyapti.

Rustam To‘laganov:

— Bu doriga etilenglikol qo‘shilmasligi kerak o‘zi, aslida. Uning o‘rniga propilenglikol qo‘shilishi kerak. Bu ikkisi bir-biriga o‘xshash. Fikrimcha, xato Hindistonda ishlab chiqarish jarayonida bo‘lgan. Keyinchalik aniqlanganda, propilenglikol o‘rniga etilenglikol bor ekani ma’lum bo‘lgan.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid