O‘zbekiston | 17:43 / 23.01.2023
27875
2 daqiqa o‘qiladi

«Holvaning ortidan uy, mashina olib, biznes boshladim» – mashhur «sochli holva» pishiruvchilar bilan suhbat

Buxoro viloyatida qiz-yigitlarning fotiha va nikoh to‘ylari sochli holvalarsiz o‘tmaydi. Shaklan qizlarning uzun sochiga o‘xshagani uchun ham uni «sochli holva» deyishadi. Kun.uz muxbiri holvani tayyorlovchilarning mashhur vakili Sadirovlar xonadonida bo‘lib, qozonga suv solishdan tortib holva qadoqlashgacha bo‘lgan jarayonga guvoh bo‘ldi.

Buxoro viloyati Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohining shundoqqina orqa tomonida Qo‘rg‘on mahallasi bor. U yerda xalq tilida «sochli holva» deb ataladigan holva pishiruvchilarning beshinchi avlodi yashaydi.

Sochli holvalarni pishirish anchagina jismoniy kuch va mehnat talab etadi. Katta qozonlarga suv, shakar solish, o‘choq boshida qizigan aralashmaning qiyomini kutish, uni sovitish, issiq qiyomni olib, un va yog‘ga solib yana aylantirish, xullas uzoq va mashaqqatli ish.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ana shunday qiyin jarayonlarni bo‘yniga olib yarim asrdan ko‘proq vaqtdan beri holva pishirib kelayotganlar bor. Biz suhbatlashgan Odil Sadirov mashhur holvachilar avlodidan. U bu ishni qilishdan baraka topayotgani va bolalariga ham o‘rgatganini aytadi.

«Shu ishning orqasidan mashina oldik, uy qurdik. Bolalarimni katta qilyapmiz. Hozir uyimning tepa qismidan turistlar uchun mehmonxona qilish harakatidaman», – deydi u.

Holvapaz bizga holva pishirishning eng birinchi bosqichidan boshlab to qadoqlanishgacha bo‘lgan jarayonni ko‘rsatib berdi. Videoda holva pishirishning sir-asrorlari bilan batafsil tanishib olish mumkin.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Зуҳра Абдуҳалимова
Muallif Зуҳра Абдуҳалимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid