Jahon | 01:00 / 25.01.2023
16002
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning valuta zaxiralari urushni 3 yil davom ettirish imkonini beradi - Bloomberg 

Rossiya Xitoyning yuanida saqlanayotgan valuta zaxiralariga tayanib, urushni yana 3 yil davom ettirishi mumkin.

Foto: Reuters

Agar Kremlning neft daromadlari keskin kamaymasa, Rossiya urushni taxminan 3 yil davom ettira oladi. Bloomberg va dunyodagi eng yirik investitsiya banklaridan biri Citibank tahlilchilari shunday xulosaga keldi.

Nashrning qayd etishicha, Rossiyada moliyaviy xavfsizlikning sezilarli zaxirasi bor. Bu asosan Xitoy yuanida ifodalangan Rossiya zaxiralarining qoldiqlari hisobiga, bu qism G‘arb sanksiyalari ostida qolmagan va hozir ham Rossiya rasmiylari undan foydalana oladi.

Bloomberg tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra, Rossiya o‘z neftini barreliga 50 dollar atrofida sotgan taqdirda ham urushni 3 yil davom ettirishga qodir va budjet taqchilligini mavjud manbalar hisobidan qoplay oladi. Citibank xulosasi sal keskinroq – 2,5 yil.

Brokerkreditservis (BKS) kompaniyasi mutaxassisi Natalya Lavrovaning qayd etishicha, eksport qilinadigan neft narxi 50 dollardan pastga tushsa, budjet taqchilligi 2,5 trillion rublga oshadi (36 milliard dollar). Oqibatda Rossiya hukumati yuan zaxiralarini faolroq sarflashga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga, Rossiyada unchalik ko‘p yuan yo‘q - taxminan 45 milliard dollar, ya’ni zaxiralardan foydalanish imkoniyatlari cheklangan.

Bloomberg tahlilchilarining fikricha, Rossiyaning yuan zaxiralari 2023 yilda tugashi mumkin, lekin buning uchun neft narxi barreliga 25 dollar yoki undan pastga tushishi kerak. Citibank prognozi keskinroq - neft narxi 35 dollarga tushsa, Rossiyaning zaxiralari 2023 yildayoq tugaydi.

Har ikkala tashkilot tahlilchilari fikriga ko‘ra, agar neft narxi bir barrel uchun 60 dollardan oshib ketsa, Moskvaga hatto valuta zaxiralarini to‘ldirish imkoniga ega bo‘ladi.

Rossiyaning 2023 yilgi budjeti neftning o‘rtacha yillik narxi bir barrel uchun 70 dollar miqdorida bo‘lishidan kelib chiqqan. Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, Rossiya budjeti taxminan 10 yil davomida neft daromadlariga bunchalik kuchli bog‘liq bo‘lmagan. Rossiya neftining tashqi bozordagi hozirgi narxi 47 dollarni tashkil etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid