26 yanvar kuni Kun.uz'ga shu mazmundagi onlayn murojaat kelib tushgach, “Tashkent Index” savdo-ishlab chiqarish majmuasida tashkil etilgan yotoqxonaga yetib bordik. Majmua hududiga yetib boriboq ko‘rganimiz yoppasiga ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirayotgan talabalar bo‘ldi.
Biz vaziyatga oydinlik kiritish uchun yuklarini yig‘ishtirib ketayotgan talabalarga mikrofon tutdik. Ammo savdo majmuasining qo‘riqlash xizmati xodimlari va OTM o‘qituvchilari nazorati hamda qarshiligi sabab ular bilan suhbatlashishimiz oson bo‘lmadi.
“Shu paytgacha yotoqxonamizda joy yo‘q edi. Hozir 4-kurslar amaliyotga chiqyapti, shuning uchun talabalarni yotoqxonaga olib borib joylashtiramiz”, – dedi Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilaridan biri.
Nega, qayerga chiqib ketyapsiz mazmunidagi savollarimizga xuddi shu universitetning bir nechta talabalaridan javob oldik.

“Bu yerda 8 kishi turar edik. Hozir o‘z xohishimiz bilan ijaraga chiqmoqchimiz. Yotoqxonaga ham bolalarni olib ketishyapti, lekin biz ijara uyga chiqmoqchimiz. O‘z xohishimiz bilan”, – deydi ulardan biri.
“Bilmadim nega chiqib ketayotganimizni. “Srogi” tugagandir...” – deydi boshqa bir talaba.
O‘zlari yolg‘iz yoki ota-onalari bilan yuklarini yig‘ishtirayotgan talaba qizlarni uchratdik. Ular vaqtincha ijaraga ko‘chishayotganini aytishdi.
“Stomatologiya institutida o‘qiymiz. Yotoqxonamiz bitgani uchun bu yerdan chiqib ketyapmiz. Hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q, hech kim quvib chiqarmayapti. Hozircha ijara uyda turibmiz, bir haftada yotoqxonaga ko‘chirishar ekan”, – deydi ulardan biri.
Ko‘ch-ko‘ronini yelkasiga ortib koridorda shoshilib harakatlanayotganlar orasidan o‘tib, yuklari yig‘ilgan bo‘lsa-da haliyam xonalarini tark etmagan talabalarga mikrofon tutamiz. Ming bor o‘ylanib ulardan biri dardini ochadi:
“15 daqiqa oldin chiqib ketishimizni aytishdi. Hech bo‘lmasa, bir necha kun oldin aytish kerak edi. Institut xodimlari kelib, shu yerda turgan hamma talabani chiqarib yuboryapti. Hozir ijara uyga chiqib ketishga majburmiz. Institut yotoqxonasiga borsak, joy bo‘lmasa, polga yotishimizni aytishyapti. U yerdan ham keyin ijaraga chiqishimiz kerak ekan, faqatgina ijara uy topguncha joy berib turishar ekan.
















