Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Barqarorlik keltiradigan ittifoqchilik uchun poydevor» – qirg‘izistonlik ekspertlar Shavkat Mirziyoyevning tashrifi borasida
Chegara muammosining to‘la hal etilishi, temiryo‘l va energetika sohasidagi kelishuvlar kabi Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlaridagi muvaffaqiyatlar boshqa davlatlar uchun ham turtki bo‘lmoqda. Bu faollik – mintaqaga iqtisodiy taraqqiyot va barqarorlik olib keladigan ittifoqchilik uchun poydevor bo‘lishi mumkin, deydi siyosatshunoslar.
«Muzokaralar davomida o‘zaro tovar ayirboshlash darajasini 2 milliard dollarga oshirish rejalashtirilayotgani haqida bayonotlar berildi. Buni investitsiya sohasi ham tasdiqlaydi – o‘zbekistonlik tadbirkorlar mamlakatimizga sarmoya kiritishga tayyor, biz ham bu borada ochiqmiz», — deydi Qirg‘izistondagi Milliy strategik tadqiqotlar instituti direktori Kanatbek Aziz.
Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, «mamlakatlarning xudbinligi» Markaziy Osiyodagi muammolarni hal qilmaydi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlarida erishilgan muvaffaqiyatlar boshqa davlatlar uchun ham turtki bo‘lmoqda. U Samarqandda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini eslatdi. 2023 yilning iyunigacha temiryo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.
“[Temiryo‘l] orqali Fors ko‘rfazi va Yevropa portlariga chiqish – katta iqtisodiy imkoniyatdir. Bugungi kunda yo‘laklarimiz asosan Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tadi. Muqobil yo‘llar paydo bo‘lishi Qirg‘iziston iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi», — degan siyosatshunos.
Yana bir siyosatshunos Mars Sariyev Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlaridagi tektonik siljishlarni qayd etganini ta’kidlagan.
«Ayrim tashqi kuchlar da’volari va mamlakatlarni bo‘lib tashlashga urinishlariga qaramay, Markaziy Osiyo yagona mintaqa sifatida shakllana boshladi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari qozog‘istonlik hamkasbi bilan to‘liq muloqotda bo‘lib, xalqlarimiz farovon va xavfsiz bo‘ladigan umumiy makon qurmoqda. Bu ish olib borilmoqda va taraqqiyot ko‘zga tashlanmoqda.
Masalan, Qambar-Ota-1 GESni qurish bo‘yicha kelishuvni olaylik. Davlat rahbarlari energetika muammolarini birgalikda hal qilishlari aniq. Qudratli To‘qto‘g‘ul stansiyasi bilan kaskadda mamlakatlarimiz yozda sug‘orish uchun zarur bo‘ladigan ulkan suv hajmini saqlab qolgan holda, quvvat jihatidan ikki barobar salohiyatga ega bo‘lamiz. Aynan mana shunday integratsiya jarayonlari davlatlarimizni mustahkamlaydi», – deydi ekspert.
Mars Sariyevning aytishicha, siyosiy iroda tufayli ikki davlat o‘rtasida chegarani belgilash masalalariga qo‘yilgan nuqta davlatlararo munosabatlarga «xanjar solish»ning oldini olgan.
«Biz Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi va mustahkamlanishining boshida turibmiz, ular o‘zaro tez sur’atlar bilan yuksalib bormoqda. Qirg‘iziston shimolida avtomobil zavodi qurilishi, janubiy viloyatlarda paxtani qayta ishlash va o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi zavodlar ochilishi mumkin…
Bunga Bishkekda hozirdanoq Fors ko‘rfazi portlariga va undan keyin Yevropa davlatlariga chiqish uchun Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishini muvofiqlashtiruvchi idora faoliyat ko‘rsatayotganini qo‘shish kerak. Umuman olganda, biz mintaqaga iqtisodiy taraqqiyot va, eng muhimi, barqarorlik olib keladigan mustahkam ittifoqchilik munosabatlari barpo etilayotgan poydevor shakllanayotganini ko‘ryapmiz», — deya Mars Sariyevning so‘zlarini keltirmoqda Kabar.kg nashri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga bordi. Tashrif davomida ikki davlat munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiya va 25 ta turli kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, yaqin oylardan ikki davlat fuqarolari faqat ID-karta orqali chegarani kesib o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
20:00 / 09.06.2026
“Markaziy Osiyoda xorijiy davlatlarning harbiy bazalariga ehtiyoj qolmagan” - siyosatshunoslar
12:20 / 04.06.2026
Qirg‘iziston ilk marta BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga saylandi. O‘zbekiston qardosh xalqni tabrikladi
19:57 / 30.05.2026
O‘zbekistondan Qirg‘izistonga yuborilgan 21 tonna tarvuzning ortga qaytarilishi sababi ma’lum qilindi
15:28 / 28.05.2026