21:32 / 02.02.2023
23176

«G‘arb Moldovani yangi «anti-Rossiya»ga aylantirmoqchi» - Lavrov

Rossiya tashqi ishlar vaziri G‘arb Moldovada yangi «anti-Rossiya» tayyorlayotganini aytdi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, G‘arb davlatlari Moldovaga yangi «anti-Rossiya» rolini berishni o‘ylamoqda. Bu haqda u Dmitriy Kiselyovga bergan intervyusida gapirdi. 

Jumladan, Lavrov «Qaysi davlat Ukraina yo‘lidan borishi mumkinligi» haqidagi savolga quyidagicha javob berdi. 

«Hozir Moldovaga bu rolni berish haqida o‘ylab ko‘rishyapti. Birinchidan, ular o‘ziga xos usullar bilan, erkin demokratik bo‘lmagan yo‘llar bilan prezidentni [Maya Sandu] mamlakat rahbarligiga qo‘yishdi. Hozir u NATO a’zosi bo‘lishga intilyapti. U Ruminiya fuqaroligiga ega, u Ruminiya bilan birlashishga tayyor va umuman olganda, u deyarli hamma narsaga tayyor», dedi Lavrov. 

Moldova Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Daniel Vode Lavrovning bayonotini tanqid qilib, vazirning so‘zlari «Rossiya diplomatiyasining hammaga ma’lum tahdidli ritorikasining bir qismi» ekanini ta’kidladi. 

«Rossiya tomoniga eslatib o‘tmoqchimiz, Moldova ketayotgan yo‘l Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lidir. Bu fuqarolarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qaror. Biz esa barcha davlatlardan, jumladan, Rossiyadan ham fuqarolarimizning qaroriga hurmat ko‘rsatgani uchun minnatdor bo‘lamiz. Moldova o‘z kelajagini tanladi va bu kelajak - erkin dunyoning bir qismi bo‘lishdir», dedi u. 

Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan bir necha kun o‘tgach Moldova Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun ariza berdi. 2022 yil iyun oyida Moldova Ukraina bilan birgalikda YeI a’zoligiga nomzod maqomini oldi. 

Rossiyalik siyosatchilar va rasmiylar, jumladan, prezident Vladimir Putin ham Ukrainadagi keng ko‘lamli urushni G‘arb go‘yoki u yerda Rossiya Federatsiyasini yo‘q qilishga mo‘ljallangan «anti-Rossiya» qurayotgani bilan bir necha bor oqlagan edi. 

Top