O‘zbekiston | 09:52 / 07.02.2023
8476
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda IMEI kodlarini noqonuniy klonlash uchun javobgarlik joriy etiladi

O‘zbekistonda maxsus dasturiy ta’minot yordamida IMEI kodlarini noqonuniy klonlash uchun javobgarlik qonun bilan belgilanishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Toshkent shahar IIBB. 

Foto: Kun.uz / Muhiddin Nido

"So‘nggi vaqtlarda fuqarolarning uyali telefon apparati yo‘qolgani haqidagi xabarlari ko‘paymoqda. Voqea tafsilotlarini aniqlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tergovga qadar tekshiruv o‘tkazadi, jinoyat alomatlari bo‘lganda, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimining joriy etilgani ushbu turdagi jinoyatlarni ochishga yondashuvni tubdan o‘zgartirgan edi", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda jinoyatchini topish va uyali telefon apparatini egasiga qaytarish uchun mobil qurilma egasi tomonidan taqdim etilgan IMEI kodidan foydalanilmoqda. Biroq, texnologiya rivojlanishi bilan bir qatorda jinoyat izlarini yashirish usullari ham shunga monand rivojlanib bormoqda. 

Bildirilishicha, jinoyatchilar endilikda klonlangan IMEI kodlarini yaratishmoqda. Bunday klonlangan IMEI kodlarini avtomatik aniqlash va blokirovka qilishning texnik tartibi joriy etilmagan.

Klonlash quyidagicha amalga oshiriladi: maxsus dasturiy ta’minot vositasidan foydalangan holda IMEI kodi bitta mobil qurilmadan bir yoki bir nechta mobil qurilmalarga uzatiladi va natijada tarmoqda bir xil IMEI kodi bo‘lgan bir nechta mobil qurilmalar paydo bo‘ladi.

Bu ishlarni amalga oshirayotganlarni xalq orasida Changer deb atashadi. Aynan ular IMEI kodlarni klonlashtirish bilan shug‘ullanadi. Bu o‘g‘irlangan uyali telefonlarni izlab topishni qiyinlashtirib, noqonuniy olib kirilgan mobil qurilmalarni respublika hududida ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi.

Ayni paytda mobil qurilmaning xalqaro identifikatsiya kodini noqonuniy ravishda o‘zgartirganlik uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik mavjud emas. Bu kabi kazusli holatni bartaraf etish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli normalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid