Iqtisodiyot | 19:38 / 08.02.2023
52639
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashqi qarzi. Xavotirlar o‘rinlimi?

Ichki moliyaviy bozor ko‘lami cheklangan sharoitda, davlatlar ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun tashqi qarzdan foydalanadi. Mutaxassislar tahlillariga ko‘ra, jalb etilgan mablag‘lar yalpi ichki mahsulot o‘sishiga sabab bo‘lsa, tashqi moliyalashtirish manbalarini jalb etish bilan bog‘liq xavotirlar o‘rinsizdir.

Foto: Getty Images

Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini moliyalashtirishning asosiy manbai – davlat budjeti bo‘lib, uning daromad va xarajatlari deyarli teng bo‘lishi lozim.

Strategik islohotlar agentligi mutaxassislari tahlillariga ko‘ra, davlat budjeti quyidagiga o‘xshash bir qancha sababga ko‘ra, har doim ham mutanosib bo‘lmasligi mumkin:

  • davlat budjeti mamlakat iqtisodiy salohiyati yuksalishini ham, hal etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vazifalarning sifat va ko‘lami o‘sishini ham aks ettiradi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlari aholi soni o‘sish sur’atlariga nisbatan past bo‘lgan taqdirda ham davlat xarajatlari aholi turmushining yangi son va sifat darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak;
  • davlat xarajatlar oshishi muqarrar bo‘lgan holatlarga duch kelishi mumkin (epidemiyalar, infratuzilmani saqlash va rivojlantirish bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmas xarajatlar, ijtimoiy sohani rivojlantirish), davlat daromadlari cheklangan hisoblanadi, xarajatlarni ichki qayta taqsimlash imkoniyatlari esa katta emas. Yoki aksincha, kon’yunktura daromadlari oshganda, davlat jamg‘arma mablag‘larni ko‘paytiradi;
  • davlat xalqaro moliya-tovar bozorlaridagi holatdan yoki boshqa qulay omillardan kelib chiqib, o‘z oldiga jadal texnik va iqtisodiy rivojlanish maqsadlarini qo‘yadi.

Shuning uchun ham barcha mamlakatlar budjet muvozanatini xarajatlar qismi ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda ta’minlaydilar, ya’ni saldo ijobiy bo‘lganda – oltin-valuta zaxiralarini to‘playdilar va kelajakda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘liq vazifalarni hal qilish maqsadida boshqa moliyaviy jamg‘armalarni tashkil etadilar (masalan, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kabi), saldo salbiy bo‘lganda esa – zaxiralarni ishga solib (shu jumladan, oltin-valuta zaxiralarini) va/yoki qarz olish vositalaridan foydalangan holda budjet muvozanatli bo‘lishiga erishadilar.

Ichki moliyaviy bozor ko‘lami cheklangan sharoitda, davlatlar ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun tashqi qarzdan foydalanadi.

O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘ziga xosligi shundaki, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ko‘lamlari doimo o‘sib boradi va davlat ushbu loyihalarni eng qisqa muddatlarda bajarish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Faqatgina yo‘l infratuzilmasini saqlashga har yili 2 mlrd dollargacha mablag‘ talab etiladi, bu esa mamlakatning 2023 yil uchun rejalashtirilgan davlat budjetining 9,7 foizini (yoki mamlakat konsolidatsiyalashgan budjetining 7,2 foizini) tashkil etadi.

Bu kabi vazifalarni muayyan muddatlarda hal etish uchun davlatda 2 ta muqobil yechim mavjud: soliqlarni oshirish (bu bilan kelajakda iqtisodiyotni rivojlantirish rag‘batlariga putur yetkazish) yoki davlat qarzlari vositalaridan foydalanish va iqtisodiyotni investitsiyaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hisobidan rivojlantirish uchun sharoit yaratish. Shu jihatdan, mamlakatning tashqi qarzi mavjudligi va uning o‘sishini g‘ayrioddiy holat deb ko‘rmaslik lozim.

Shu bilan birga, soliq to‘lovchilar ham tashqi qarz hajmi va o‘zgarish sur’ati to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishi lozimdir. Mamlakat uchun tashqi qarzning iqtisodiy maqbul chegarasini tushunish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jalb etilayotgan resurslardan foydalanish samaradorligi muhim omil hisoblanadi. Agar jalb etilgan mablag‘lar YaIM o‘sishiga sabab bo‘lsa, tashqi moliyalashtirish manbalarini jalb etish bilan bog‘liq xavotirlar o‘rinsizdir.

2022 yil davomida tashqi qarz mablag‘lari hisobidan muhim infratuzilmaviy loyihalar moliyalashtirildi: umumiy uzunligi 269 km bo‘lgan avtomobil yo‘llari qayta ta’mirlanishi, 243 km ichimlik suvlari va 83,8 km sug‘orish suv o‘tkazgichlari qurilishi, 15 ta ichimlik suvini taqsimlash joylari (nasoslar, filtrlar), 817 ta gidrotexnik inshootlar qayta ta’mirlanishi shular jumlasidandir.

O‘zbekiston tashqi qarzi va uning o‘zgarib borishi to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar

Tashqi davlat qarzi deganda davlat va davlat tomonidan kafolatlangan (DDK) qarzlar tushuniladi.

So‘nggi 6 yilda O‘zbekiston tashqi qarzining o‘sish sur’atlari jadallashgani kuzatildi. Agar 2016 yil oxirida tashqi DDK qarzlari YaIMning 8 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 1 oktyabri holatida u YaIMning 30,14 foiziga yoki 23,16 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Mazkur summaning 17 mlrd dollari O‘zbekiston nomidan jalb etilgan qarzdir, 6,16 mlrd dollari esa  davlat tomonidan kafolatlangan tashqi qarz hisoblanadi.

Ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilishda quyidagilarni e’tiborga olish lozim:

  • 2017 yilda milliy valuta ayirboshlash kursi qariyb ikki barobar pasaydi hamda so‘mda hisoblanadigan va AQSh dollariga ko‘chiriladigan YaIM hajmi sezilarli darajada “kamaydi”. Faqatgina mazkur omil natijasida tashqi qarzning YaIMga bo‘lgan nisbati 6 foiz bandiga oshgan;
  • Covid-19 va postkovid omillar ta’siri natijasida 2022 yilda davlat budjeti taqchilligi YaIMning 4 foizini tashkil etdi, bu Xalqaro valuta fondi bahosiga ko‘ra tashqi qarzning YaIMga bo‘lgan nisbati yana 9 foiz bandiga o‘zgarishiga olib kelgan. Kovid va postkovid davri dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tashqi qarz o‘sishiga olib keldi;
  • Tashqi qarz o‘sishiga olib keladigan oqimlar oshganini o‘sishning qolgan ulushidan ham ko‘rish mumkin. Bu, avvalambor, mamlakat va davlat korxonalarining tashqi qarz bozoriga chiqishi, energetika va logistika infratuzilmalarini modernizatsiya qilishdagi yirik loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liqdir.

Boshqacha aytganda, so‘nggi 6 yil davomida tashqi qarzning YaIMga nisbatan 29,7 foizlik oshishidan faqatgina 14,7 foiz bandga ko‘paygani tashqi qarzning YaIMga nisbatan solishtirma qiymati o‘sishiga bevosita bog‘liq.

Qanday ijobiy tomonlar mavjud?

Davlat tashqi qarzi o‘sish tabiati va dinamikasiga doir bir nechta ijobiy kutilma mavjud:

Birinchidan, tashqi qarzning YaIMga nisbatan o‘sish cho‘qqisi 2022 yilga to‘g‘ri keldi va istiqbolda pasayishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, 2021 yildan buyon davlat tashqi qarzining o‘sish sur’atlari sezilarli darajada pasaymoqda. Birgina, 2022 yil boshidan buyon 823 mln dollarlik qarz to‘lovlari amalga oshirilgani hisobiga davlat tashqi qarzi 1,7 foizga kamaydi.

Uchinchidan, O‘zbekiston tashqi mablag‘larni uzoq muddatlarga va xalqaro darajada tanilgan moliya institutlaridan jalb qilmoqda. Xususan, Xalqaro moliya institutlaridan (XMI) jalb qilgan tashqi qarz portfeli 11,3 milliard dollar yoki tashqi qarz umumiy qiymatining 48,7 foizini tashkil etadi.

Ushbu kreditlar uzoq muddatli bo‘lib, xalqaro kapital bozoridagi nisbatan qimmat qarzlardan farqli o‘laroq O‘zbekistonga imtiyozli foizlar bo‘yicha uzoq muddatlarga – 20 yildan 40 yilgacha bo‘lgan davrga taqdim etilmoqda.

To‘rtinchidan, jalb etilgan mablag‘larning taxminan to‘rtdan bir qismi davlat budjeti taqchilligini qoplash maqsadlariga, to‘rtdan uch qismi energetika (25 foiz), transport (11 foiz) va qishloq xo‘jaligi (10 foiz), turar joy sektoridagi (9 foiz) investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun ishlatilgan. Ya’ni jalb etilgan pullar iste’mol maqsadlariga emas, balki energetika, transport tizimi va qishloq xo‘jaligi loyihalari uchun sharoit sarflanmoqda.

Beshinchidan, tashqi qarz sifatida jalb etilayotgan resurslar asosan AQSh dollarida ifodalangan (74,8 foiz), shuningdek, asosan AQSh dollarida shakllanadigan eksport tushumi tuzilmasiga muvofiqdir. Shunday qilib qarzni to‘lashda qo‘shimcha valuta xatari yuzaga kelmaydi.

Oltinchidan, O‘zbekiston 2020 yildan tashqi qarz jalb etish bo‘yicha qonuniy cheklovlar o‘rnatdi. Endilikda nafaqat yillik qarz miqdori maksimal hajmi, balki tashqi davlat qarzining oxirgi darajasi (YaIMning 60 foizidan ko‘p bo‘lmagan) ham qonunlar bilan cheklangan.

Budjet kodeksiga muvofiq, keyingi yil uchun davlat budjetini tasdiqlashda tashqi qarzning maksimal hajmi davlat budjeti parametrlari bilan birga qonun ko‘rinishida o‘rnatiladi. Natijada, davlat nomidan hamda davlat kafolati bilan tuzilgan tashqi qarz shartnomalarining hajmi to‘xtovsiz pasaymoqda.

Yettinchidan, Xalqaro valuta fondining baholashiga ko‘ra O‘zbekistonda tashqi qarz krizisi yuzaga kelish xatari past, qarzga xizmat ko‘rsatish qobiliyati esa yuqori hisoblanadi. O‘zbekistonning valuta tushumlari asosiy manbalari barqarordir, ya’ni eksport hajmlari o‘smoqda, mamlakatga transchegaraviy o‘tkazmalar hajmi oshib bormoqda, joriy to‘lov balansining asosiy ko‘rsatkichlari barqaror bo‘lib, defolt tahdidi yo‘q hisoblanadi.

Agar mamlakatning joriy to‘lov hisob varag‘i salbiy shakllanganda tashqi qarz va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatlar hajmi hukumatni jiddiy tashvishga solishi mumkin edi. Biroq O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 9 oyida mamlakatning joriy to‘lov hisobi 194 mln dollar miqdorida ijobiy ko‘rsatkichni tashkil etgan. (Taqqoslash uchun, 2021 yilning 9 oyida salbiy saldo 5,2 mlrd dollarga teng bo‘lgan). Bunda savdo balansining (tovarlar va xizmatlar) salbiy saldosi (11 mlrd dollar) birlamchi va ikkilamchi tushumlarning (11,2 mlrd dollar) ijobiy saldosi bilan to‘liq qoplangan.

Eksport hajmi (nomonetar oltinni hisobga olmaganda) 11 mlrd dollarni tashkil etib, 2021 yilning 9 oyi bilan solishtirganda 25 foizga oshgan.

Biroq eng ijobiy jihat – bu ikkilamchi tushumlarning saldosi 2,4 barobar oshgani bilan bog‘liq. Jumladan, shaxsiy transchegaraviy o‘tkazmalar 2021 yilning tegishli davri (2021 yilning 9 oyida 4,5 mlrd dollar) bilan solishtirganda 2022 yilning mos davrida 10,9 mlrd dollarni tashkil etib, 2,4 barobarga oshgan. 

MBning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 9 oyida moliyaviy hisob uzoq yillar davomida ilk bor 0,5 mlrd dollar hajmida musbat shakllangani – yana bir ijobiy faktdir (2021 yilning 9 oyida salbiy saldo 6,1 mlrd dollarga teng bo‘lgan). Ushbu davr mobaynida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof o‘sishi 1,7 mlrd dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid