Zilzilani prognoz qilsa bo‘ladimi, seysmik o‘choqlar qayer? - mutaxassislar javobi
6 fevral kuni Turkiya va Suriyada bo‘lgan zilzila 10 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketdi. Bunday holatda, zilzilani oldindan bashorat qilishning imkoni yo‘qmi, zilzila belgilarini bilish mumkinmi, zilzila bo‘lib qolganda nima qilish kerak, kabi savollar o‘rtaga chiqadi. Kun.uz shu va boshqa muhim savollarga soha mutaxassislaridan javob oldi.

Yer sharida zilzila bo‘ladigan 3ta seysmik kamar bor. 80 foiz zilzilalar Tinch okeani seysmik kamarida bo‘ladi, ikkinchisi O‘rta Yer dengizi – Osiyo seysmik kamari bo‘lib, bu yerda 10-15 foiz yer silkinishlari bo‘ladi.
Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston ham ikkinchi seysmik kamarning ichida joylashgan bo‘lib, nazariy jihatdan O‘zbekiston hududida ham 8-9 balli zilzilalar bo‘lishi mumkin.
Zilzilaga moyil hududlar
O‘zbekistonda bo‘ladigan zilzilalarni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Seysmologiya instituti o‘rganib, ilmiy-tadqiqot ishlari olib boradi. “Toshkent” markaziy seysmik stansiyasi O‘zbekiston bo‘ylab yuz bergan silkinishlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘adi.
Seysmologiya instituti olimlari O‘zbekistonda bo‘ladigan yer qimirlashlari seysmik rayonlashtirish xaritasini tuzib chiqishgan. Shu xarita asosida qaysi hududlarda 4-5 ball, qaysi hududlarda 7-8 ballga mo‘ljallab uy-joy qurish rejalashtiriladi.

Chotqol tog‘ tizmasining markaziy qismi va Farg‘ona vodiysining sharqiy qismlari 9 balli seysmik zonada joylashgan. Bu zonaning g‘arbiy chegarasi Namangan va Farg‘ona shaharlari yaqinidan o‘tadi. Zona janubiy va janubiy g‘arbiy yo‘nalishlarda Tojikistonga o‘tadi va Surxondaryo viloyatining shimolida Sharg‘un shahri atroflaridagi kichikroq hududni o‘z ichiga oladi. Bu zonada 9 balli zilzilalarning episentri joylashgan.
8 balli zona shimolida Qorjontov, Ugom va Piskom tog‘ tizmalarini qamragan. Janubroqda bu zona Toshkent, Namangan va Farg‘ona shaharlari orasidan tor polosa shaklida o‘tadi, so‘ngra Tojikistonga, u yerdan Surxondaryo viloyatiga o‘tib, g‘arbdan Boysuntog‘ tizmasining shimoliy qismida 9 balli zona bilan tutashadi. Buxoro viloyatining Gazli shahri atrofi ham 8 balli zonaga kiradi.
Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududi, Qashqadaryo viloyatining g‘arbiy qismi va Surxondaryoning asosiy hududi hamda Navoiy viloyatining sharqiy qismi, Buxoro viloyati, Xorazm viloyatining janubiy qismlari esa 7 balli zonaga kiradi.
O‘zbekiston tarixidagi kuchli silkinishlar
1966 yilda sodir bo‘lgan Toshkentdagi yer silkinishi eng kuchli zilzilalardan biri sifatida tarixda qolgan. Biroq poytaxt tarixida kuchli zilzilalar ko‘p bo‘lgan.
Tarixchi Muhammad Solih “Tarixi jadidai Toshkand” asarida hikoya qilishicha, 1866 yil 26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi ham Toshkentda juda kuchli yer silkinishi bo‘lgan. Mozor va jome masjidlarining gumbazlari, jumladan, Xoja Ahror jome masjidi gumbazi, aholi yashaydigan imoratlar qulab, ancha odam halok bo‘lgan.
Yana 1868 yilning 4 fevral va 4 aprel, 1886 yilning 29 noyabr, 1924 yilning 7 iyun, 1946 yilning 3 noyabr kunlarida ham Toshkentda 7 va 8 balli zilzilalar bo‘lgani aytiladi.
Shuningdek, 1902 yil 16 dekabrda Andijon shahrida 8-9 ball, 1976 yil 8 aprelda Buxoroning Gazli shahrida 8-9 balli zilzilalar sodir bo‘lgan.
Zilzila darakchilari bormi?
Mutaxassislarning aytishicha, dunyoda zilzilani oldindan aytib beradigan, prognoz qiladigan markaz yo‘q. Ammo zilzilaning ma’lum bir darakchilari bo‘lib, shularga qarab yaqin orada yer qimirlashi bo‘lishi mumkinligini prognoz qilsa bo‘ladi.

Seysmologiya instituti akademigi Qahhorboy Abdullabekovning ma’lumot berishicha, 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan oldin yerosti suvlari, quduqlardagi suvlar harakatga kelgan. Ba’zi joylarda suvlar ko‘tarilib ketsa, ayrim joylarda tushib ketgan.
“Toshkent zilzilasidan keyin ma’lum bo‘ldiki, zilziladan oldin ma’danli suvlar tarkibidagi tuzlar, gazlar, 10dan ortiq har xil mikroelementlar tarkibi o‘zgarib ketar ekan. Bu o‘sha paytgacha dunyo olimlariga noma’lum bo‘lgan. Bu narsa ilk bor O‘zbekiston Seysmologiya instituti olimlari tomonidan aniqlandi. Va zilzila darakchisi sifatida qabul qilindi”, – deydi akademik.
Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, zilziladan oldin yer siqilishi natijasida tog‘ jinslari deformatsiyaga uchraydi va shundan elektromagnit to‘lqinlar ajrala boshlaydi. Yana, silkinishlardan oldin yerda yoriqlar paydo bo‘la boshlaydi.
Shuningdek, biologik darakchilar ham bor. Hayvonlar yugurib chiqib ketadi, ilonlar, it va mushuklar tashqariga chiqadi.
“Shulardan kelib chiqib, Andijondagi Oloy zilzilasi, Pop zilzilasi oldindan aytib berilgan. Lekin butun dunyo bo‘yicha hali ob-havodek zilzila bo‘lish kunini yuz foiz oldindan aytib beradigan maxsus xizmat yo‘q”, – deydi akademik.
Sodir bo‘layotgan zilzilalarning O‘zbekistonga ta’siri
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring markazi boshlig‘i Qahramon Qo‘chqorovning ma’lumot berishicha, Turkiyadagi kabi zilzilalar 1 kun yoki 1 yilda paydo bo‘lgan emas, bunday kuchli yer silkinishlari 50-60 yilda yetilib keladi.
“Bundan tashqari, internetda dunyoda seysmik faollik boshlanyapti, degan sarlavhalar bilan turli xaritalar tarqalyapti. Bunday xaritalar asossiz. Dunyoda hech qanaqa seysmik faollik boshlangan emas. Turkiyada zilzila bo‘lishidan oldin ham har hafta O‘zbekistonda 40-50tacha kichik yer qimirlashlari bo‘lib turardi. Lekin buni hech kim sezmaydi”, – deydi u.
Seysmologiya instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Vohidxon Ismoilov esa Turkiyadagi zilzilalarning O‘zbekistonga ta’siri haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Turkiyada yuz bergan zilzila Hindiston, Avstraliya metasferasi bilan Arabiston plitasi va shimoldan Yevroosiyo plitasining o‘zaro to‘qnashuvi jarayonida hosil bo‘lgan. Bu umumiy global faollashuv davrida namoyon bo‘layotgan holat, ammo biri ikkinchisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmaydi.
“Turkiya ham, O‘zbekiston ham O‘rta yer dengizi – Osiyo seysmik kamariga kiradi. Biroq ularning birbiriga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqligi yo‘q. Yer qobig‘i bo‘lak tuzilishga egaligi sabab Turkiyada yuz bergan zilzilaning ta’siri O‘zbekiston hududida sezilmaydi”, – dedi u.
Oldinroq FVV rasmiy bayonot chiqarib, O‘zbekistonda magnitudasi 5 ballga teng yoki undan katta bo‘lgan zilzila darakchilari aniqlanmaganini ma’lum qilgan, fuqarolardan ortiqcha vahimaga tushmasliklarini so‘ragandi.
Stol osti, burchaklar va eshiklar
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutida sun’iy zilzila markazi qurilgan. Bu yerda maxsus xona bo‘lib, u 8-9 ballgacha sun’iy qimirlatib turiladi va xuddi shu vaziyatda aholiga nima qilishi kerakligi, uyning qayeriga berkinish mumkinligi tushuntiriladi.

Institut xodimi Jumadulla Sagatovning ma’lumot berishicha, zilzila vaqtida harakatlanishda eng avvalo xavfli nuqtalarni bilishi kerak. Xonaning ichki burchaklari, eshikning ichki kesaklari, stol tagi xavfsiz joylar hisoblanadi. Xona jihozlarining yonida turish, derazalarga yaqin borish, ko‘p qavatli uylarda zinalardan tushishga harakat qilish juda xavfli.
Mutaxassis kuchli zilzila bo‘lganda katta talafot ko‘rmaslik uchun, xonadagi mebellarni devorga imkon qadar jipslashtirish va ovqatlanadigan, uxlaydigan joylardan uzoqda joylashtirish kerakligini aytdi. Bevosita zilzila vaqtida esa elektr va gazni tezroq o‘chirishga harakat qilish lozim. Yana bir muhim jihat – ko‘p qavatli uyning ichki loyihasini o‘zgartirish ham zilzila vaqtida uyning qulashiga sabab bo‘lishi mumkin.
“Ko‘p qavatli uyning konstruksiyalariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish, ustunlarini olib tashlash nafaqat xonadon egasi, balki butun boshli uyda yashaydigan hammaning hayotini xavfga qo‘yishi mumkin”, – deydi Sagatov.
Shu bilan birga, FVVning “Zilzila Mobile” mobil ilovasida ham zilzila vaqtida qanday harakatlanish yo‘l-yo‘riqlarini o‘qib o‘rganish mumkin.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator va montaj ustasi – Asror Almuradov, Abduqodir To‘lqinov
Tavsiya etamiz
“Sirtqi ta’lim yopilsa, hech narsa yo‘qotmaymiz” – mutaxassislar bilan suhbat
O‘zbekiston | 15:26 / 19.05.2025
Trampni siylagan arablar, muzlatilgan savdo urushi va amalga oshmagan “duel” - Geosiyosiy hafta tahlili
Jahon | 16:04 / 17.05.2025
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” bilan Hurgadaga: dengiz, quyosh va sharqona ertak
O‘zbekiston | 09:00 / 21.05.2025
-
AQSh davlat kotibi Rossiya prezidentini harbiy jinoyatchi deb atashdan bosh tortdi
Jahon | 01:12
-
«AQSh bilan savdo nizolarini tezroq hal qilishimiz kerak» - G7 yig‘ilishidagi so‘nggi ma’lumotlar
Jahon | 00:45
-
Britaniyaliklar Everestni yangi usulda zabt etdi
Jahon | 23:43 / 21.05.2025
Mavzuga oid

23:00 / 20.05.2025
Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarini bekor qiladi

21:36 / 20.05.2025
O‘zbekistonlik jangarilar Suriyada Rossiya harbiy bazasiga hujum qildi – OAV

20:42 / 20.05.2025
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Andijonda sezildi

11:34 / 17.05.2025