00:56 / 12.02.2023
46251

Devorlari yorilgan Toshkentdagi turar joyni qurgan va sotgan odam qamoqda ekani ma’lum qilindi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi devorlari yorilgan ko‘p qavatli uyni qurgan «Quyun» MChJ rahbari fuqarolarga xonadonlarni aldov yo‘li bilan sotgan. U qurilish davomida bir qancha me’yor va talablarni buzgan, qurilish jarayonda odam o‘limiga ham sababchi bo‘lgan.

11 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda yangi qurilgani aytilgan ko‘p qavatli uy devorlari ichidan darz ketgani aks etgan videolar tarqalgandi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, Mirzo Ulug‘bekning Mag‘rur ko‘chasidagi 55B-uy 2017 yilda fuqaro B.Zokirov tomonidan o‘zi va oila a’zolarining yashashi uchun yakka tartibdagi uy-joy sifatida qurilgan va fuqarolarga alohida kvartira sifatida o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilingan va sotilgan.

Qayd etilishicha, barpo etilgan uy ekspertizadan o‘tkazilgan va uning xulosasiga ko‘ra, qurilishning bir nechta talablari buzilgan. Bino seysmik zonada qurilish o‘tkazish talablariga javob bermasligi ham aniqlangan. Hozir uy avariya holatida.

Fuqarolarga aldov yo‘li bilan uy sotgan B.Zokirov esa 2022 yilning iyun oyida JKning 186-moddasi 4-qismi «a», «b» bandlari (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishda odamlar o‘limiga, boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishi), 168-modda 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 229-moddalari (o‘zboshimchalik) bilan aybli deb topilgan va 8 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ayni vaqt fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida sud organi tomonidan kompensatsiya pulini undirish uchun sud jarayonlari davom etmoqda.

«Yuqoridagi holatlarning oldini olish maqsadida 2021 yil 22 fevralda «Shaharsozlik kodeksi»ning 23-moddasiga asosan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ikki qavatdan yuqori bo‘lgan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylarni ekspertiza va qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatga olish tartibi joriy qilingan. Ta’kidlash lozimki, ushbu bino ko‘p kvartirali uy-joy sifatida qurilish me’yor va talablari asosida qurilmagan», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, ushbu bino vakolatli loyiha institutlari tomonidan o‘rganilmoqda. Natijalar haqida hali qo‘shimcha axborot ham taqdim etilishi va’da qilingan.

Mavzuga oid
Top