12:31 / 14.02.2023
16161

Toshkentda narkokurerlarni kaltaklash evaziga 300-500 dollar pul olgan mushtumzo‘rlar qo‘lga olindi

Ma’lum bo‘lishicha, pul evaziga yollangan yigitlar narkotiklarni belgilangan manzilga yetkazib bermagan kurerlarning “aqlini kiritib qo‘yishi” kerak bo‘lgan.

Internetda poytaxtda narkokurerlar ayovsiz kaltaklangan videolar tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi “samosud”da ishtirok etgan guruh a’zolari ushlanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, giyohvand vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan internet-do‘kon rahbarlari topshiriqlarni bajarmagan, o‘g‘rilik qilgan yoki boshlig‘ini haqoratlagan ishchilarning “aqlini kiritib qo‘yish” uchun mushtumzo‘r yigitlarni yollagan.

Har bir kaltaklangan “zakladchik” uchun 300-500 dollargacha va’da qilingan. Pullar esa ish bajarilgach, kurerlar tavbasiga tayantirilgani aks etgan videodalil taqdim etilgandan so‘ng ijrochilarning plastik kartasiga o‘tkazib berilgan.

 “Meni chatga qo‘shishdi. U yerda “sportik” degan vakansiya bor ekan, shunga ishga kirdim. Vazifam ”zakladchik“larni tutib urishdan iborat edi. Bizga 6 kishini urish bo‘yicha buyurtma berishgandi”, – deydi gumonlanuvchilardan biri.

“Menga bolalar narkokurerlarni tutib urishimiz kerakligini aytishdi. Rozi bo‘ldik. Biz ularni do‘pposlab, yuzlariga “zelyonka” surtardik. Pullar guruh o‘rtasida teng bo‘linardi. Men bitta “zakladchik”ni urganim uchun 400 ming so‘m olganman”, deydi boshqa bir gumonlanuvchi.

“Biz “zakladchik”lardan narkodo‘kondan uzr so‘rashni ham talab qilardik”, deydi yana bir guruh a’zosi.

“Samosud”da qatnashgan yigitlardan biri boshqalarni do‘pposlashni xohlamagani sababli kurerlar kaltaklanayotgan paytda yon-atrofga ko‘z-quloq bo‘lib turganini aytadi.

“Tergov harakatlarining yakuniga ko‘ra ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (“Bosqinchilik”), 277-moddasi (“Bezorilik”), 130 prim 1-moddasi (“Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish”) bo‘yicha ayb e’lon qilinib, yakuniy qaror qabul qilish uchun sudga taqdim etilgan”, deydi Toshkent shahar IIBB tergovchisi Muhammadkarim Matkarimov.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati tomonidan tayyorlangan videoda kaltaklangan yigitlar ham “oppoq” emasligi, giyohvand vositalar savdosida ishtirok etgani uchun ular ham qonun doirasida jazoga loyiq ekani alohida ta’kidlanadi. Videoda kaltaklangan yigitlar ayblariga iqror bo‘lishgan.

“Mazkur holatni o‘rgimchak to‘riga qiyoslaydigan bo‘lsak, ushbu o‘rgimchak to‘rida giyohvand vositalarni iste’mol qiluvchi shaxslar ham, giyohvand vositalarni yetkazib beruvchi “zakladchik”lar ham, narkodo‘kon egalari tomonidan belgilangan qoidalarga rioya etishni istamagan ishtirokchilarni jazolovchi shaxslar – “sportik”lar ham aslida ushbu o‘rgimchak to‘rining qurbonidir.

Ular o‘zlari qurbon ekanini vaqtida anglab yetmaydilar. O‘rgimchak to‘rining asl egasi bo‘lgan shaxslar esa tashqaridan turib ularni xohlagan yo‘rig‘iga yurgizib, xohlagancha foydalanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida qonun ustuvor. Unga ko‘ra, giyohvand vositalarni o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar ham, guruh bo‘lib ularni kaltaklash bilan shug‘ullangan shaxslar ham qilmishlariga yarasha javobgarlikka tortiladi”, deydi Shayxontohur tumani IIO FMB katta tergovchisi Doniyor Raimov.

13 fevral kuni Toshkent viloyati IIBB Qibrayda narkokurerlarni “samosud” qilishda qatnashgan o‘ndan ortiq shaxs ushlanganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Toshkentda Telegram-bot orqali giyohvandlik moddalarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan kladmenning ustiga “zelyonka” sepib “samosud” qilingan, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi (“Odam o‘g‘irlash”) va 105-moddasi 2-qismi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Top