«Kuvaldaning yangi qurboni». «Vagner»ning navbatdagi dahshatli «qatli» haqida nimalar ma’lum?
13 fevralga o‘tar kechasi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga aloqador telegram kanalda «Vagner» tomonidan Ukrainadagi urushga yollangan va asirga tushgan sobiq mahbus safdoshlari tomonidan «qatl etilishi» aks etgan video paydo bo‘ldi. Bu so‘nggi oylardagi ikkinchi shunday video. Rossiyalik Yevgeniy Nujinning boshi kuvalda bilan majaqlangani tasvirlangan oldingi video noyabr oyida paydo bo‘lgandi. To‘g‘ri, bu safar biznesmen Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati videoning davomini ham e’lon qildi, undagi tasvirlarga ko‘ra, oldingi videoda «qatl etilgan» qrimlik Dmitriy Yakushchenko tirik va hech qanday zarar ko‘rmagan. BBC nashri ushbu videolar va undagi inson haqida ma’lumotlar to‘pladi.
13 fevral kuni kechqurun «Vagner»ga aloqador bo‘lgan Grey Zone kanalida kuvalda (katta bolg‘a) bilan «qatl» uyushtirilgan yangi video paydo bo‘ldi.
Videoda Yakushchenko Dmitriy Yurevich (1978 yilda tug‘ilgan) Ukraina qo‘l ostidagi Qrimda tug‘ilgani va ilgari o‘z hududida bir necha marta sudlangani aytiladi. Kanal mualliflarining yozishicha, Yakushchenko talonchilik va qotillik aybi bilan bir necha bor qamalgan. Shundan so‘ng u «Vagner» tomonidan berilgan «ozod bo‘lish va qutulish» imkoniyatini qo‘lga kiritgan.
Yevgeniy Prigojin asos solgan ushbu kompaniya 2022 yil yozidan beri Rossiya qamoqxonalaridagi mahbuslarni urushga yollash bilan faol ravishda shug‘ullanadi.
Yakushchenko ishtirokidagi videoning izohidan ko‘rinib turibdiki, u frontga yuborilganidan keyin asirga tushgan. O‘shanda Ukraina ommaviy axborot vositalari uning ishtirokidagi videoni nashr etgan, unda Yakushchenko avvalboshdanoq Ukraina qurolli kuchlariga taslim bo‘lishni xohlaganini aytadi. Ushbu videodan parchalar Yakushchenkoning «qatli» videosiga montaj qilib qo‘shilgan.
Rolikning asosiy qismi sun’iy yorug‘lik bilan yoritilgan yerto‘lada suratga olingan. Unda kamuflyajdagi Yakushchenko devor yonida o‘tirgani, uning boshiga beton bloklari bog‘lab qo‘yilgani aks etgan. Uning ortida esa kuvalda tutgan noma’lum shaxs turadi.
Videoda Yakushchenko «frontning oldingi chizig‘ida bo‘lganida» u bu urush uning urushi emasligini tushunganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Dnipro shahridagi ko‘chalardan birida yurganida boshidan zarba yegan va ko‘zini ochganda video olingan yerto‘lada uyg‘ongan.
«Menga meni sud qilishlarini aytishdi», degan Yakushchenko. Shundan so‘ng orqada turgan noma’lum shaxs uning boshiga kuvalda bilan uradi. Ushbu lahza videoda tasvirlangan. Xira tasvirda Yakushchenko zarbadan polga yiqilgani, jallod esa uni urishni to‘xtatmaganini ko‘rish mumkin.
Videoda sodir bo‘lgan voqealar o‘tgan yilning noyabr oyida tarqalgan yana bir shunga o‘xshash videoni eslatadi. O‘sha videoda Ukrainaga asirlikka tushib qolgan va keyinchalik mahbuslarni almashtirish doirasida ortga qaytarilgan Yevgeniy Nujinning (lekin yozuvda uning o‘zi uni Kiyevdan o‘g‘irlab ketishganini aytgan) kuvalda bilan o‘ldirilgani tasvirga olingan. Nujinning taqdiri haqida hozirgacha hech narsa ma’lum emas.
Yakushchenko bilan sodir bo‘lgan voqeaning haqiqatligi ba’zi ommaviy axborot vositalarida shubha uyg‘otdi. Nujinning o‘ldirilishi aks etgan videodan farqli o‘laroq, ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda Yakushchenkoning «qatl»ining faqatgina «xiralashgan» tasviri mavjud. Videoni o‘rgangan «Mediazona» jurnalisti Devid Frenkel yaqqol nomuvofiqliklarni payqagan.
«Bizga aql bovar qilmaydigan bir necha lahzani bir vaqtning o‘zida ko‘rib chiqish uchun videoni o‘n baravar sekinlashtirdik. Yakushchenko so‘zini aniq tugatdi va noma’lum shaxs zarba berishni kutdi. Zarba paytida Yakushchenkoning tanasi (biz faqat tananing bo‘yindan pastki qismini ko‘rdik) zarbaga hech qanday munosabat bildirmadi, titramadi, devorga urilmadi, hech qanday, hatto juda kichik harakatlarni ham qilmadi. Shundan keyin zarba ovozi eshitildi, tana esa baribir butunlay harakatsiz qoldi. Va faqat bir soniyadan keyin u orqa tomoniga yiqildi. Videoda qon izlari ham ko‘rinmadi», deydi Frenkel.
Oradan bir necha soat o‘tgach, Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati Yakushchenko ishtirokidagi yana bir videoni e’lon qildi. Unda Yakushchenko tirik va hech qanday jarohat olmagani aks etgan. U «Vagner»da «har kim o‘z xatosini to‘g‘rilash imkoniga ega» ekanligini aytgan.
«Asirlikda men juda ko‘p turli so‘kinishlarni eshitdim va men hozir ham bundan uyalaman, lekin bu omon qolishning yagona yo‘li edi. Asirlikdan qaytib, men ko‘plab yigitlarning hayotini saqlab qolgan juda qimmatli ma’lumotlarni olib keldim. Shuning uchun ham meni kechirishdi va buning uchun men juda minnatdorman» degan Yakushchenko.
Ushbu ikkinchi videoning qachon suratga olingani xronologik jihatdan noma’lum.
Videolarga shaxsan Yevgeniy Prigojinning o‘zi ham izoh bergan.
«Bolalar xursandchilik qilishyapti. Siz Yakushchenko haqidagi filmni bir qismli «Bu yerda tong otishi sokin» («A zori zdes tixiye») kinosi deb o‘ylagan edingiz, lekin menimcha, bu ko‘proq «Bahorning o‘n yetti lahzasi» («Semnadsat mgnoveniy vesny») filmiga o‘xshaydi. Agar xohlasangiz, biz keyingi qismlarni ham siz bilan baham ko‘rishimiz mumkin. Bilingki, yaxshilik har doim yovuzlik ustidan g‘alaba qozonadi», degan biznesmen.
Prigojin qaysi «keyingi» qismlar haqida gap ketayotgani va Yakushchenko hozir qayerdaligi borasida hech qanday ma’lumot bermagan. Hali ikkinchi video chiqmasidan oldin Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha komissari Tatyana Moskalkova RBK nashriga kuvalda bilan bog‘liq video haqiqiyligini tekshirish so‘rovi bilan Tergov qo‘mitasiga murojaat qilishini aytgan.
«Suddan tashqari qatllarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va albatta, buni tekshirish kerak», degan u.
Dmitriy Yakushchenko haqida nimalar ma’lum?
Video e’lon qilinganidan keyin BBC nashri Dmitriy Yakushchenko ismli shaxs haqida aniqlashga muvaffaq bo‘lgan tafsilotlar asosan uning keng jinoiy o‘tmishi bilan bog‘liq. Buning ajablanarli joyi yo‘q, Yakushchenkoning qarindoshi BBC nashriga aytishicha, «u butun umrini qamoqda o‘tkazgan».
BBC Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlardan Dmitriy Yakushchenkoga tegishli ekani aytilgan ikkita sahifani topishga muvaffaq bo‘ldi. «Odnoklassniki»dagi profildan ma’lum bo‘lishicha Yakushchenko 44 yoshda, ya’ni «qatl» videosi tavsifida aytilganidek, u haqiqatan ham 1978 yilda tug‘ilgan. Uning avatarida virtual ramkada «Meni kut va men qaytaman» yozuvli kichkina qizning surati bor.
Yakushchenkoning sahifasidan uning qarashlariga baho berish qiyin. U joriy yilning 14 yanvaridan beri «Odnoklassniki» saytiga kirmagan. U o‘zining oxirgi «layk»ini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning masxara qilingan surati tushirilgan postga bosgan. Avgust oyida esa «Slava Ukraine, Slava VSU, g‘alaba biz bilan!» sarlavhali videoni tarmoqqa joylagan.
Yakushchenkoning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida u Qrimning Kerch yarimoroli shimolidagi Shchelkino shahridan ekani ma’lum qilingan. U do‘st sifatida belgilagan insonlarning ko‘pchiligi shu shaharda yoki qo‘shni Lenino shaharchasida yashaydi. Agar sud qarorlariga ishonilsa, Yakushchenkoning farzandlari yo‘q. Uni qamoqxonadan urushga yollash vaqtida unda Rossiya fuqaroligi bo‘lgan, ammo hech qayerda rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan.
Ko‘rinishidan, Yakushchenko umrining katta qismini uyida emas, balki qamoqxonada o‘tkazgan. Yakushchenko 2000 yilda, 22 yoshida birinchi marta ikki yillik qamoq muddatini olgan. Jinoyat uning ishi bilan bog‘liq bo‘lgan — tibbiyot yoki farmatsevtika xodimining voyaga yetmagan shaxs uchun og‘ir oqibatlarga olib kelgan harakatlari, shuningdek, mulkni ehtiyotsizlik bilan yo‘q qilish yoki shikastlash (Ukraina Jinoyat kodeksining 140 va 196-moddalari).
Qrimning Lenin rayon sudi 2003, 2009 va 2013 yillarda Yakushchenkoni o‘g‘irlik uchun qamoq jazosiga hukm qilgan. U 2015 yilda shartli ravishda ozod qilingan.
Yakushchenko oxirgi marta 2018 yil avgustida, Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimda qamoqqa olingan. O‘shanda Simferopolning Jyeleznodorojniy rayon sudi uni qotillikda ayblab, tergov izolyatoriga jo‘natgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yakushchenko va uning sheriklari ko‘chma uyda spirtli ichimlik iste’mol qilib, shu yerda bo‘lgan shaxslardan biri bilan janjallashib qolgan hamda uning oyoq-qo‘llari va boshiga zarbalar berib, o‘ldirgan. Shundan so‘ng ular jasadni ko‘chma uydan olib chiqqan va orqa tomondagi jarlikka uloqtirgan. Halok bo‘lgan shaxsdan qimmatbaho buyumlarini (zargarlik buyumlari va telefon) o‘g‘irlashgan.
2019 yil oxirida sud hay’ati Yakushchenkoni aybdor deb topadi va Qrim Oliy sudi uni bir guruh shaxslar tomonidan o‘ta shafqatsizlik va talonchilik bilan sodir etilgan qotillikda ayblab, 19 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qiladi.
2020 yil Sochida o‘tkazilgan apellyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldiradi. 2022 yil aprel oyida Rossiya Oliy sudi uning kassatsiya shikoyatini qabul qiladi, ammo uni ko‘rib chiqishdan bosh tortadi.
Yakushchenko jazoni Saratov oblastining Engels shahridagi 2-axloq tuzatish koloniyasida o‘tagan. Mahbus Ukraina Jinoyat kodeksiga asosan chiqarilgan avvalgi hukmlarni Rossiya Jinoyat kodeksiga muvofiqlashtirishni so‘ragan (bu nazariy jihatdan jinoyatning takrorlanishi oqibatlarini yumshatishi mumkin). Ammo sud Ukraina hukmlarining nusxasini olmagan va ishni ko‘rib chiqmagan.
Yakushchenko qanday qilib asirlikka tushgan?
Yakushchenkoning urushga yollangani va asirlikka tushgani holatlari faqat uning so‘roq paytidagi videosidan ma’lum bo‘lib, uni noyabr oyida Ukrainaning «Espreso.TV» telekanali Ukraina qurolli kuchlaridagi manbalariga tayanib e’lon qilgan. Ushbu videoyozuvda Yakushchenko qo‘llari bog‘langan holda, ko‘k adyol ustida o‘tirgani ko‘rinadi. Aynan shu videodan kadrlar uning qatli videosiga ham qo‘shib qo‘yilgan.
Videoda o‘zini tanishtirgan erkak tug‘ilgan vaqtini aytishda, «Odnoklassniki»dagi Dmitriy Yakushchenkoning profilida ko‘rsatilgan tug‘ilgan kunni takrorlagan — 1978 yil 19 may. Yakushchenkoning aytishicha, u Qrimdagi Lenino shahrida istiqomat qilgan, biroq oxirgi vaqtlarda Engelsdagi koloniyada qotillik uchun uzoq jazo muddatini o‘tagan.
So‘roq paytida Yakushchenko o‘tgan yili o‘z o‘tirgan axloq tuzatish koloniyasiga «bo‘yi past, kal odam» uchib kelgani va mahbuslarga «Vagner»ga qo‘shilishni taklif qilganini aytgan.
«Ular guruhga 105-modda bilan uzoq muddatga sudlanganlar mos kelishini aytdi», deydi Yakushchenko. O‘zining ta’kidlashicha, u «bo‘shliq topish» va qochish uchun Ukrainaga borishga qaror qilgan.
Yakushchenkoning so‘zlariga ko‘ra, u tarkibida bo‘lgan bo‘linma Donetsk oblastidagi Baxmut shahri yaqinidagi janglarda qatnashgan. Uning ta’kidlashicha, «Vagner» jangchilari deyarli hech qanday jangovar tayyorgarliksiz oldingi chiziqqa yuborilgan, frontdagi vaziyat tartibsiz bo‘lgan. «Xizmat» ning to‘rtinchi kuni Yakushchenko o‘ziga berilgan avtomat bilan qochib ketgan va tez orada ukrainalik harbiylar tomonidan asirga olingan. Video so‘ngida u rossiyaliklarni «Vagner»ga qo‘shilmaslikka chaqirgan va qrimliklar Rossiya annexiasidan oldin ancha yaxshi yashaganini aytgan.
Video e’lon qilinganidan keyin Yakushchenko bilan nima sodir bo‘lgani noma’lum. Ammo «Agenstvo» nashri Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan 1 dekabr kuni e’lon qilgan harbiy asirlarning rasmiy almashuvi tasvirlarida Yakushchenkoga o‘xshash odamni payqagan. O‘sha kuni Rossiya va Ukraina 50-50 formatida asirlar almashinuvini o‘tkazgan edi.
Ovozi va tashqi ko‘rinishi Yakushchenkonikiga juda o‘xshash odam RT reportajida ham ko‘ringan. U kanal muxbiriga bir oydan sal kamroq vaqtni asirlikda o‘tkazganini aytgan.
«Ular har kimga har xil munosabatda bo‘ladi, kimnidir kaltaklashadi, kimnidir qiynoqqa solishadi, kimnidir aytishni xohlamagan narsasini aytishga majbur qilishadi, keyin esa internetga joylashadi», degan RT videosida gapirgan erkak.
Yakushchenko nega va qanday qilib yana «Vagner» qo‘liga tushgani tushunarsiz. BBC bu odamning taqdirini bilish uchun uning bir necha qarindoshlari va tanishlariga murojaat qilgan, biroq ularning aksariyati savollarga javob bermagan. Ulardan biri Dmitriy uzoq yillar qamoqda bo‘lgani uchun uni hayotida hech qachon ko‘rmaganini tan olgan.
«Vatanga xiyonat qilgani uchun unga bu ham kam. U butun umrini qamoqda o‘tkazdi, bu odamda hech qanday yaxshilik yo‘qligi aniq», deya Yakushchenkoning «qatli» haqidagi videoga munosabat bildirgan uning qarindoshi.
BBC nashri Ukraina mudofaa vazirligining mahbuslar almashinuvi uchun mas’ul bo‘lgan Bosh razvedka boshqarmasiga bu voqeaga izoh berish uchun so‘rov yuborgan va javobni kutmoqda.
Nujinning qatl etilishi aks etgan video hozirgacha tekshirilmadi
Ombudsman Moskalkovaning so‘zlarini hisobga olmaganda, Rossiya rasmiylari Yakushchenkoning «qatl etilishi» aks etgan videoga hozircha hech qanday munosabat bildirgani yo‘q. Biroq, bu ajablanarli hol emas, shunga o‘xshash video qahramoni Yevgeniy Nujinning o‘limi ishi bo‘yicha ham hech qanday tekshiruv o‘tkazilmagandi.
Kremldagilar «Qasos bolg‘asi» sarlavhali videoga «bu bizning ishimiz emas» degan so‘zlar bilan izoh berdi. Prezident inson huquqlari kengashi a’zolarining so‘rovlariga qaramay, na Tergov qo‘mitasi, na prokuratura video bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni boshladi. Prigojin videoga aloqadorligini tan olishdan bosh tortdi va videoga «a’lo darajadagi rejissyorlik ishi» deya izoh berdi.
Shunga qaramay, kuvalda amalda «Vagner»ning norasmiy ramziga aylangan. Prigojinga tegishli «Konkord» kompaniyasi matbuot xizmati tadbirkorning advokati qanday qilib skripka idishi ichida qonli kuvaldani Yevroparlamentga topshirganini aytib berdi. Ular «Bagner»ning terrorchi tashkilot sifatida tan olinishiga shunday munosabat bildirgan. Yangi yil arafasida «Konkord» o‘zining «VKontakte»dagi sahifasida kuvalda tutgan quyonlar bilan bezatilgan yangi yil torti suratini e’lon qildi. Davlat dumasi deputati Sergey Mironov Prigojinning sovg‘asi bo‘lgan kuvalda bilan suratga tushdi va uni tarmoqqa joyladi.
To‘g‘ri, yaqinda jurnalist Semyon Pegovga bergan intervyusida Prigojin «sotqinlar»ning kuvalda bilan o‘ldirilishi haqidagi savolga javob berar ekan, gap nima haqida ketayotganini bilmasligini aytgan.
«Men kuvalda borligini bilaman, chiroyli asbob. Ramz. Torning bolg‘asi!» degan Prigojin.
Kuvalda bilan o‘ldirilgan Yevgeniy Nujinning qarindoshlari BBC nashriga aytishicha, uning kuvalda bilan o‘ldirilgani tasvirlangan video e’lon qilingandan bir necha hafta o‘tgach ham hech kim ular bilan aloqaga chiqmagan. U urushga yuborilishidan oldin muddatini o‘tayotgan qamoqxonada Nujinning ayolining raqami bloklab qo‘yilgan. Nujinning oilasi uning dafn marosimini o‘tkazmoqchi, ammo uning jasadi qayerda ekani noma’lum.
Aftidan, Nujinning almashuvi Yakushchenko ishtirok etgan vaziyatdan farq qiladi. BBC suhbatdoshlarining aytishicha, Nujin Rossiyaga mudofaa vazirligi orqali emas, balki o‘z almashinuv fondiga ega bo‘lgan «Vagner» orqali qaytgan bo‘lishi mumkin. Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, Nujinning o‘zi, asirlikda bergan intervyularida Ukraina uchun jang qilishga tayyorligi haqida gapirganiga qaramay, Rossiyaga qaytishga rozi bo‘lgan.
Rossiya rasmiylari «Vagner»ning Ukraina urushidagi ishtiroki allaqachon yashirin bo‘lmasa ham, mahbuslarning urushga yollanishiga izoh bermaydi.
Taxminlarga ko‘ra, axloq tuzatish koloniyasida saqlanayotgan ruslar frontga jo‘natilishdan oldin afv etiladi. Faqat Rossiya prezidentigina bunday vakolatga ega. Afv etilgan sobiq mahbuslar videolari Prigojinga yaqin manbalar tomonidan nashr etilgan. Tadbirkorning o‘zi fevral oyi boshida kutilmaganda mahbuslarni «Vagner»ga yollashni «butunlay to‘xtatgani»ni e’lon qildi. Bu haqiqat yoki yo‘qligi noma’lum.
Agar Yakushchenko haqiqatan ham Vladimir Putin tomonidan yashirin ravishda afv etilgan bo‘lsa, asirlikdan ozod qilinganidan keyin uni yana koloniyaga qaytarib bo‘lmas edi, nazariy jihatdan, bu uning yana qanday qilib «Vagner» qo‘liga tushganini tushuntirishi mumkin edi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov BBC nashrining rossiyalik mahbuslar Ukraina bilan urushda qanday qilib ishtirok etayotgani haqidagi savoliga javob berar ekan, faqatgina «mahbuslarni afv etishning barcha tartibi Rossiya qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilayotgani»ni aytgan.
15 fevral kuni Prigojin Yakushchenko bilan yana bir videoni e’lon qildi. Unda kuvalda bilan «qatl» qilingani aytilgan erkak jurnalistlarga intervyu bergan. Prigojin uning ikkinchi videodagi gaplarini takrorlab, muhim ma’lumotlar bilan qaytganini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
14:56 / 12.11.2024
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51 / 12.11.2024