Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyev va Dniproga zarba. Qurbonlar soni oshmoqda
Rossiya Ukraina bo‘ylab yuzlab dronlar va o‘nlab raketalar uchirishi oqibatida 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi yaralandi. Rossiya ilk bor bir vaqtning o‘zida sakkizta «Tsirkon» gipertovushli raketasini qo‘lladi.
Rossiya qo‘shini 2 iyunga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, dronlar bilan hujum uyushtirdi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya harbiylari turli tipdagi 656 ta dron (jumladan, imitator dronlar) va 73 raketa (shundan sakkiztasi «Tsirkon» rusumli giperztovushli qanotli raketalar) qo‘llagan. «RBK-Ukraina» nashri qayd etishicha, bu RF qurolli kuchlari ilk bor bir hujumning o‘zida bu qadar ko‘p «Tsirkon» raketalarini ishga solishi bo‘ldi. Ukraina tomoni hisobotiga ko‘ra, bunday raketalarning birortasini urib tushirishga muvaffaq bo‘linmagan.
Zarbaning asosiy yo‘nalishi Kiyev edi. Shuningdek, raketa va dronlar Dnipro, Xarkiv, Zaporijjya, Poltava oblastlari hamda boshqa regionlarga uchib kelgan.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko xabar berishicha, shaharda Rossiya zarbasi oqibatida olti kishi halok bo‘lgan. Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko bergan so‘nggi ma’lumotlarda, 81 kishi yaralangani aytilgan. Shaharning turli rayonlarida uylar va ma’muriy binolar, jumladan, beshta tibbiy muassasa binosi shikastlangan.
Dniproda ikki qavatli va to‘rt qavatli turar joy binolari vayron bo‘lgan. Dnipropetrovsk oblasti rahbari Oleksandr Ganjaning ma’lumotiga ko‘ra, 16 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning uch nafari bolalar (ulardan biri, 3 yoshli bolaning jasadi to‘rt qavatli uy xarobalari ostidan topilgan) va bir nafari zarbadan keyin chaqiruv bo‘yicha yetib kelgan FVV xodimi. 42 kishi yaralangan, shundan 22 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Dnipro shahri meri Boris Filatovga ko‘ra, jami 50 ta binoga zarar yetgan, shundan yettitasi butkul vayron bo‘lgan.
Qutqaruvchilar to‘rt qavatli uy xarobalarida qidiruv ishlarini davom ettirmoqda va yana bir necha kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
«Ruslar Xarkivdagi energetikaga muhim infratuzilmalarga zarba berdi. Kiyev, Mikolayiv, Zaporijjya, Poltava, Sumi, Chernihiv va Xmelnitskaya oblastlari ham zarba ostida qoldi», – deb yozdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z telegram-kanalida.
«Rossiyadan keng ko‘lamli hujumi va mutlaqo ochiq bayonot: agar Ukraina ballistika va boshqa raketa zarbalaridan himoyalanmasa, bu zarbalar davom etadi», – deya qayd etadi Zelenskiy. Ukraina prezidenti havo trevogasi signallarini e’tiborsiz qoldirmayotgani uchun mamlakat aholisiga alohida minnatdorchilik bildirdi.
Zelenskiy 29 maydan buyon ukrainlarni Rossiya tomonidan yopirilma zarba bo‘lishi ehtimoli haqida ogohlantirib keladi. U 1 iyun kuni kechqurun bergan bayonotida ham ushbu ogohlantirishini takrorlagandi: «Yopirilma zarba bo‘lishi mumkin. Ular shunga tayyorlanmoqda».
Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaga zarba berishda «mudofaa sanoati korxonalari», shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari bilan bog‘liq «yoqilg‘i, transport infratuzilmasi obektlari va harbiy aerodromlar» nishonga olinganini ma’lum qildi. Zarba «Kiyev rejimining terrorchilik harakatlariga javoban» berilgani qayd etilgan.
Avvalroq Rossiya hukumati, jumladan, prezident Vladimir Putin avvalroq Starobelskka qilingan hujumga javoban Ukrainaga yopirilma zarbalar bilan tahdid qilgandi. Ukraina qurolli kuchlari 22 mayga o‘tar kechasi Luhansk oblastining Rossiya nazoratida bo‘lgan qismida joylashgan ushbu shaharga dronlar orqali zarba berib, mahalliy kollej binolarini vayron qilgandi. Buning oqibatida 21 kishi (18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan talabalar) halok bo‘lgan. Rossiya hujumni «terakt» deb baholagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi buning ortidan mamlakat qurolli kuchlari Kiyevdagi mudofaa korxonalari, «qaror qabul qilish markazlari» va qo‘mondonlik punktlariga zarba berishini ma’lum qilgandi. 24 mayga o‘tar kechasi Rossiya Kiyev shahri va Kiyev oblastiga keng ko‘lamli zarba yo‘llagan, bu hujumda «Oreshnik» raketasi ham qo‘llangandi. O‘shanda ikki kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq kishi jarohatlangandi.
Kiyev
Reuters / Scanpix / LETA
Patryk Jaracz / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Tetiana Dzhafarova / AFP / Scanpix / LETA
Reuters / Scanpix / LETA
Maxim Marusenko / EPA / Scanpix / LETA
Dnipro
Reuters / Scanpix / LETA
Reuters / Scanpix / LETA
Reuters / Scanpix / LETA
Reuters / Scanpix / LETA
Mavzuga oid
12:59
Rossiya Ukraina bo‘ylab 73 ta raketa va yuzlab dron uchirdi: kamida 11 kishi halok bo‘ldi
20:25 / 01.06.2026
Rossiyada yangi reja: masofaviy urush
19:37 / 01.06.2026
Rossiyada yoqilg‘i ishlab chiqarish 2009 yilgi darajaga tushib ketdi
18:08 / 01.06.2026